1-mart — Ozod Sharafiddinov tug‘ilgan kun

Ozod Sharafiddinov adabiyotshunos, adabiy tanqidchi. O.Sharafiddinov 1929-yil 1-martda Qoʻqon yaqinidagi Oxunqaynar qishlogʻida tugʻildi. Toshkentdagi 14-oʻrta maktabni, Oʻrta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi OʻzMU) filologiya fakultetini tugatdi (1951). Moskvada aspiranturani tugatdi, fan nomzodi ilmiy darajasini oldi (1955).

Ozod Sharafiddinov poeziya muammolari bilan shugʻullandi, oʻzbek sheʼriyati va uning holati haqida adabiy-tanqidiy maqolalar yozdi. Oʻsha davrdagi ilmiy-ijodiy, adabiy-tanqidiy izlanishlari «Zamon. Qalb. Poeziya» (1962) asarida oʻz aksini topgan. XX asrning 60-80 yillarida u Choʻlpon hayoti va ijodini targʻib qilishga intildi. O.Sharafiddinov oʻzbek adabiyotining Oybek, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya singari namoyandalari haqida adabiy portretlar yaratdi: «Isteʼdod jilolari» (1976), «Adabiy etyudlar» (1968), «Abdulla Qahhor» (1988), «Birinchi moʻjiza» (1979). Olim ijodida oʻzga adabiyotlar namoyandalari ijodi haqida yaratilgan «Yalovbardorlar» (1974) adabiy-tanqidiy ocherklar kitobi muhim oʻrin egallaydi. O. Sharafiddinov XX asrning 60- yillaridan XIX asrgacha boʻlgan oʻzbek adabiy jarayonidagi holatlarni «Talant – xalq mulki» (1979), «Adabiyot – hayot darsligi» (1981), «Goʻzallik izlab» (1985), «Haqiqatga sadoqat» (1988), «Sardaftar sahifalari» (1999), «Prezident» (2003) singari asarlarida aks ettirdi.

Mustaqillik yillarida O. Sharafiddinov ham adabiy tanqidchi, ham tarjimon, ham jamoat arbobi sifatida ulkan ishlarni amalga oshirdi. «Choʻlpon» (1991), «Choʻlponni anglash» (1994) kitoblari, «E’tiqodimni nega oʻzgartirdim» (1997) asarlarida munaqqidning estetik prinsiplari aks etgan. Keyingi yillarda O. Sharafiddinov oʻzbek adiblari, madaniyat-sanʼat arboblari, olimlar haqida oʻnlab maqolalar yozdi. U jahon adabiyotining koʻplab namoyandalari asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qildi. «Koʻlmak suvda quyosh parchasi» (fransuaza Sagan), «Qadimgi xitoy nasri namunalari», «Monumental targʻibot» (Vl.Boynovich), «Alkimyogar» (Paulo Koelyo) singarilar.

O. Sharafiddinov XX asrning 90-yillari oʻrtalarigacha Oʻzbekiston Milliy universitetida professor boʻldi. 1995—1997-yillarda «Tafakkur» jurnali bosh muharrir oʻrinbosari vazifasini bajardi. U 1997-2005-yillarda «Jahon adabiyoti» jurnalining bosh muharriri lavozimida ishlagan. O.Sharafiddinov Beruniy nomidagi Davlat Mukofoti laureati (1970), «Buyuk xizmatlari uchun» (1999), «Mehnat shuhrati» (1997) ordenlari sohibi. 2002 yil 23 avgustda O. Sharafiddinovga «Oʻzbekiston qahramoni» unvoni berildi.

Ижтимоий тармоқларда ёйиш:

https://jahonadabiyoti.uz/2017/03/01/ozod-sharafiddinov-va-jahon-adabiyoti/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x