Xotira – yurak armoni

Insonni qadrlash, mehr-muruvvat koʻrsatish, oʻtganlarni eslash, yod etish odamiylikning eng goʻzal fazalatlaridan biridir. Toki, bu ulugʻ tuygʻu barhayot ekan, insoniyat hayoti bardavomdir. Xotira – yurak armoni, xayrli hamda ezgu ishlar marhamati. Bunday iboralar shoir Ismoil Toʻxtamishev qalamiga mansub sheʼrlarda koʻp bora qayd etilgan. Men xoʻrsinish bilan buni u haqda yozayotgan bitiklarimga ishlatayapman.

Ismoil Toʻxtamishev sodda va mehnatkash, soʻzga mehri hamda ixlosi baland, elning koriga oʻzini madadkor aylagan Qashqadaryoning munosib farzandi edi. Men u kishi bilan Samarqand davlat universitetiga hujjat topshirgan bir ming toʻqqiz yuz oltmish oltinchi yildan tanishman. Tanishligimiz begʻubor, katta doʻstlikka aylangandi. Keyinchalik u koʻplab kitoblar muallifiga aylanib, taniqli shoir, jamoat arbobi boʻlganida ham oʻz samimiyatini yoʻqotmadi. Ismoil Toʻxtamishev juda odamoxun, koʻngli boʻsh, nozik didli odam edi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Ismoil Toʻxtamishev rahbarlik qilgan viloyat boʻlinmasi joylashgan ikkinchi qavatdagi xonada (umuman olganda, qaysi xonada umri davomida ishlagan boʻlsa, chiroyli paxta gulli, oʻrtacharoq choynak, did bilan tikilgan yaltiroq choynakpoʻshi bilan toʻrt dona toza yangi piyola) doim qaynoq choy tayyor turar edi (rahmatlining qandli diabet kasali boʻlib, koʻp choy ichar edi.) Qachon qaramay, bir borib qolsam, nimanidir yozish, nimanidir oʻylovi bilan band boʻlib oʻtirardi. Qoraroq bugʻdoy nonmi, yaxshi navli pishloqmi, ayniqsa, chilonjiydani unga ilinib olib borsam xursand boʻlar, eʼtibordan koʻngli koʻtarilib ketar edi. U yosh boladek koʻngil odami edi.

Men va mening oilam uchun juda qadrli insonlar boʻlgan Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Tojiddin Murodov va uning ukasi xonanda Poʻlatjonlarning vafoti barcha sanʼat muxlislarini chuqur larzaga soldi. Men Poʻlatjon vafot etgan kun ertalab taʼziyaga Jeynovga joʻnash oldidan Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlinmasiga kirdim, shoir gazeta titkilab oʻtirgan ekan. Men yigʻlab yuborsam, shoshib qoldi. “Poʻlatjondan ayrilib qoldik”, – deya oldim, xolos. Qip-qizarib, juda mazasi qochib qoldi, koʻzidan seldek yosh oqdi. Men pastda mashina kutayotganini aytib chiqib ketdim. Orqalaringizdan besh-oʻn kishi boʻlib boramiz, deb qoldi. Oradan toʻrt-besh kun oʻtgach, qoʻngʻiroq qilib uyushmaga chaqirdi. Borsam, papiros chekib, gʻussaga botib oʻtiribdi, koʻzlari qizarib ketgan. Qoʻlimga qoralangan qogʻozni uzatdi. Qogʻoz: “Bu gulshan sahnida” kitobiga kiritilgan “Orzulari yuksak edi” maqolasi va “Nima boʻldi senga, Poʻlat?” degan marsiyasi edi. Qarshi pedagogika kollejida dars berib yurgan kezlarim, oʻquv dargohimizda chiroyli tadbirlar oʻtkazilar edi. Ularning puxta reja asosida yaxshi oʻtishiga olim, bilimdon rahbarimiz Rustam Rajabov bevosita rahbarlik qilar va rejani tuzish hamda amalga oshirish ishlarida Ismoil Toʻxtamishevning zukko shogirdlari: shoira, “Shuhrat” medali sohibasi Nilufar Umarova, til va adabiyot fani oʻqituvchilari Orasta Tosheva, Umida Abdullayevalar jonbozlik koʻrsatishar edi. Tadbirlarda Ismoil Toʻxtamishev sheʼrlaridan, maslahatlaridan qizlarimiz unumli foydalanishardi. Umuman, shoir bizning kollejimiz tadbirlariga oʻzgacha bir eʼtibor bilan qarar, muntazam kelib qatnashardi. Mullatoʻychi Toshmuhammedov nomidagi viloyat teatrida oʻtkazilgan respublika miqyosidagi “Temuriy bahodirlar” deb nomlangan koʻrik-tanlovga rejissyor Isoq Toʻrayev bilan kelib sidqidildan yordam bergan edi. Bu tantanalarga Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov boshchiligidagi bir guruh ijodkorlar, respublika gazetalarining bosh muharrirlari qatnashib, yuqori baho berishgandi. Ayniqsa, koʻrik-tanlov yakunida baxmal matoda Oʻzbekiston madhiyasi va bayrogʻini temuriy bahodirlar koʻtarib chiqishi kutilmagan hodisa boʻlib, hammani lol qoldirgandi. Bu koʻrik-tanlovning muvaffaqiyatli chiqishida Ismoil Toʻxtamishevning katta hissasi bor. Musobaqaga tayyorlanishda oʻzini ham, vaqtini ham ayamadi. Yuqori saviyada oʻtgan bu tadbir hujjatli film tasviriga tushirildi. Tadbirdan soʻng, minnatdorlik bildirish uchun shoir huzuriga bordim. Ne koʻz bilan koʻrayki, shoirning oldida bir bogʻlam gazeta taxlami. Ustida turgan gazeta beti hoʻl, oʻzi esa ruhan ezilib bir ahvolda oʻtiribdi. Choy qaynab yotibdi, tushlik ham oʻtib ketgan. Meni koʻrib boshini ogʻir koʻtardi. “Yana bir qadrdon doʻstimdan ayrilibman” dedi ezilib, gazetaga ishora qilarkan.

Ismoil Toʻxtamishev onasiga juda mehribon va juda suyanib qolgan edi. Onasining vafotidan soʻng, onaizori xotirasiga bagʻishlab koʻp sheʼrlar yozdi:

 

Onamsiz ham oʻtdi olti oy,

Xayolimda dunyo toraydi.

Hayot qayta ochmadi chiroy,

Peshtoqlari nursiz, qoraydi.

 

Siz bor uchun gʻamim yoʻq edi,

Hayotimdan koʻnglim toʻq edi.

Dilni yoqqan otash, choʻgʻ edi,

Dunyo sizsiz mungʻaygan, Ona!..

 

Ismoil Toʻxtamishev odamlardagi samimiylik, rostgoʻylik va ezgulikni juda qadrlardi. “Rostgoʻy odamning yuzidan nur yogʻilib turadi”, derdi. Va, oʻzida shu insoniy fazilatlar mujassam edi. Yolgʻonni, gʻiybatni eplolmasdi. Bir kuni mendan bir muhim hujjatni taxtlab, keltirib berishni iltimos etib, qoʻngʻiroq qildi. Bu hujjat hisobxona bilan bogʻliq boʻlgani uchun men uyga borib pasportimni olib kelguncha hujjat biroz kechikdi. Uyushmada hujjatni kutib, siqilib (huzurida adiba Sharofat Ashurova bor ekan) oʻzicha meni koyib, diqqat boʻlib turgan ekan, lop etib men kirib keldim. Shoir birdan qip-qizarib, oʻzicha stol tortmasidan bir bogʻlam qogʻoz olib titkilayverdi. Sharofat Ashurova esa menga qarab, koʻzini katta ochib pirpiratayapti. Indamay hujjatni topshirdim, har doimgidek tayyor turadigan choydan suzib ichdim va “Sharofat ketmaymizmi?” desam, “Ketamiz!” dedi.

Xayrlashib yoʻlga chiqdik. Yoʻlda Sharofat Ashurovaga toʻgʻrisini ayt, men haqimda gapirayotgan edimi, desam, u kulib kim haqida gapirilayotganini ham bilmay qoldim. Kirsam shoirning jahli chiqib turgan ekan, nuqul: “Bu kampir meni asabimni oʻynaydi”, deydi. “Qaysi kampir”, deb soʻrab turganimda, siz kirdingiz… Mening esa kekchiroq odatim bor, birovni darrov kechira olmayman. Oʻchimni olaman, deb, dilimga tugib qoʻydim. Uch-toʻrt kundan soʻng, bir necha ijodkorlar toʻplanishib, qaysidir tadbirga gurunglashib ketayotgan edik.

Istirohat bogʻining yoʻlagida ikkita loʻli xotin: “Bizlarga xayr qiling”, dedi. Oʻshanda endi yangi ming soʻmlik chiqqan edi. Men darhol sumkamdan pul chiqarib uzatdim-da, meni va manavi “chol”ni duo qiling, dedim. Loʻli hayron boʻlib bizga qaradi-da, ilohim, shu akajonimni umri uzoq boʻlsin, martabalari yanada baland boʻlsin. Siz ham yonginalarida sogʻ-omon yuring, deb duo qildi. Oʻshanda shoir oppoq koʻylak, yap-yangi, koʻk kostyum-shimda bashang kiyinib, sochlarini tarab olib, shaxdam qadamlar bilan ketayotgan edi. Menga qarab “Oʻchingni olding-a!” dedi begʻarazgina kulib.

Qarshi tumanining Aralovul qishlogʻida tavallud topgan Ismoil Toʻxtamishev qalbiga sheʼr yozish ishqi tushgan talabalik yillaridan boshlab betinim qalam tebratdi. Uning “Choʻl boychechagi”, “Jonim Muhabbat”, “Onam tilaklari”, “Oʻchmas xotiralar”, “Siypantosh”, ikki tomlik “Saylanma” kitoblari, yetmishdan ortiq viloyatimiz sanʼatkorlari haqidagi maqolalarini jamlagan ikki jildlik “Bu gulshan sahnida” toʻplamlari nashr etilgan. Qarshi shahrining 2700 yillik tadbirini nishonlash arafasida “Yerqoʻrgʻon” nomli sheʼriy kitobini “Oʻqituvchi” nashriyotida chop ettirdi. Bayram tantanalari ssenariysining mualliflaridan biri boʻldi.

Ismoil Toʻxtamishev Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyati boʻlinmasi rahbari hamda ijodkor sifatida koʻp va xoʻb ishlar qildi. Boʻlinmaga rahbar paytida juda koʻp yozuvchi va shoirlarning tavallud ayyomlarini oʻtkazishda bosh-qosh boʻldi. Jamoadoshlarining hurmatini qadrladi, joyiga qoʻydi. Hadisi sharifda aytilishicha, kimki oʻzidan keyin solih shogirdlar, yaxshi obid farzandlar va el yurti uchun yozilgan kitoblar qoldirsa, uning ikkinchi umri ularda davom etarkan.

Shu maʼnoda Ismoil aka yosh ijodkorlarga har doim eʼtibor berib kelardi. Uning tashabbusi bilan yoshlarning ijod namunalaridan toʻplangan qator bayozlar chop etilgan va bu narsa ijod ahlining koʻnglini koʻtargan. Doʻsting uchun bir kunda bir soat yasha degan gapga eʼtibor bermaganmiz, deb, kuyinib qolaman, baʼzan. Xulosa qilib aytganda, Ismoil Toʻxtamishevning yozuvidagi bir-biridan sara, bir-biridan yaxshi, oʻqishli sheʼrlari, badialari oʻylaymanki, dillarga hali uzoq yillar zavq beradi. “Maʼnaviyat sarchashmasi”, “Nasafning hadis maktabi”, “Abadiyat yoʻli”, “Toʻy”, “Madaniyat iymondan boshlanadi”, “Munofiqlik manzaralari”, “Ixlos”, “Vijdon tarozusi”, “Taʼqib”, “Topib, doʻst tutinaman”, “Arosat” singari badialari madaniyat va maʼnaviyatga yoʻgʻrilgan manbalardir.

Ismoil Toʻxtamishevning “Saylanma”sini varaqlar ekanman, birinchi betdan joy olgan surati, bir maqolasida aytilgandek, beozorgina jilmayib turib: “Yaxshilikni asrang, odamlar!”, deyayotgandek boʻladi.

 

Boʻritosh NOSIROVA

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/xotira-yurak-armoni/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x