Toshkentnoma. Ko‘kcha dahasi. Sag‘bon


Post Views:
283

Tadqiqotchilar fikricha Ko‘kcha nomi Koxcha, ya’ni qal’acha so‘zidan kelib chiqqan. Bu atama VI-XI asr arxeologiya yodgorligi Ko‘kcha oqtepasiga nisbatan aytilgan. Bu yerda hayot X-XI asrlargacha davom etgan. Oqtepa o‘tgan asrning 80-yillarida tekislanib tashlangan. Dahada uch darvoza (Sag‘bon, Chig‘atoy va Ko‘kcha), 57 mahalla, 47 mavze, 60 masjid va ikki madrasa bo‘lgan. Dahaning chorbog‘lari Nazarbek, Ko‘ksaroy va Keles daryosi bo‘ylaridagi joylarda bo‘lgan. Dahaning e’tiborli joylaridan biri Ko‘kcha darvozasidan tashqaridagi Orifon (bilimlilar) qishlog‘idagi mozorgoh hududida 1214 yilda Shayx Zayniddinbobo maqbarasi qurilgan. Tarixiy manbalarda dahaning nomi Shayx Zayniddin dahasi deb ham yuritilgan.

Dahaning qadimiy mahallasi – Sag‘bon mahallasi. Eskijo‘va, Qo‘shchi, Achavot mahallalari va Chorsu bozorlari bilan chegaradosh bo‘lgan. Mahallaning asosiy ko‘chasi va mahalla zimmasidagi darvoza ham Sag‘bon nomi bilan yuritilgan. Mahallaning asl nomi Suqbon (arabchada suq – bozor, bon – qorovul) bo‘lgan. Chunki dashti Qipchoqdan haydab kelingan otarlar, qoramol va yilqilarni qo‘riqlagan va bozorda jalloblik bilan shug‘ullangan kimsalar shu mahallada yashashgan. Mahallaning bozorga tutash tomonida karvonsaroylar, hammom, Moskva katta manufakturasining savdo do‘konlari, Rossiya to‘qimachilik fabrikasining egasi Savva Morozovga qarashli bank (2005 yilgacha O‘zbekiston tabiat muzeyi binosi) va savdogar Shamsi Asadulla o‘g‘liga qarashli ikki qavatli idora binosi (1911 yilda qurilgan) saqlanib qolgan.

1847 yilgi Qo‘qon xonining noibi Aziz parvonachi zulmiga qarshi ko‘tarilgan qo‘zg‘olon shu mahalladan boshlangan. Shoyi to‘qish ustaxonasining egasi Muhammad Yusuf xoji qo‘zg‘olonga rahbarlik qilgan. Abdulla Qodiriyning o‘g‘li Habibulla Qodiriy bilan Abulqosim madrasasi binosida bo‘lib o‘tgan bir suhbatda, u «…otam o‘zining “O‘tgan kunlar” romanidagi Yusufbek hoji mana shu Muhammad Yusuf hoji timsolida yaratilganligini aytib o‘tgan edi», – deya eslagan edi.

Sag‘bon atamasining yuqoridagi talqini shahar toponimik komissiyasining 1970 yil 22 aprel yig‘ilishida ma’qullangan. Ammo, ayrim qadimshunoslar bu atamani o‘zgacha talqin qilganlar. Jumladan:

1- talqin. Sag‘bon aslida sakbon bo‘lib, itboqar demakdir (sak – it, bon – boquvchi). Ba’zilar o‘tmishda Toshkentning shimoliy chekkasida, ya’ni Xastimomda mol bozori bo‘lgan, ana shu tevarak-atrofda chorva mahsulotlarini ishlaydigan bir qancha hunarmandchilik (ko‘nchilik va boshqalar) korxonalari vujudga kelgan. Shu bilan birga, mol olib sotadigan jalloblarga xizmat qiladigan itboqarlar ham bo‘lgan. Ko‘cha nomi ana shundan kelib chiqqan deydilar.
2- talqin. Aslida bu nom qadimgi otashparastlik e’tiqodi bilan bog‘liqdir. Otashparastlar dunyoda 4 narsani: yer, olov, suv va havoni muqaddas deb bilganlar. Shuning uchun ham o‘lgan kishilarni yerga ko‘mishmagan. Chunki, murda chirib, yerni iflos qiladi, deb hisoblaganlar. Shuning uchun, ular o‘likni qush-quzgunlar yeb ketsin deb, uzoqroq joyga olib borib tashlaganlar, shahar ichida esa maxsus joylarda it boqib, o‘likni ana shu itlarga yedirganlar. Murda suyaklarini esa maxsus sopol idish “ossuariy” (ostadon)ga solib ko‘mishgan. Sag‘bon mahallasida ana shu maqsadda it boqishgan.

Qadimshunoslarning bu boradagi talqinlari bilan ko‘shilish qiyin. Ma’lumki, eramizning 713 yilida Arab xalifaligi bosqini tufayli Madinat ash-Shosh vayron bo‘ladi. Yillar davomida vayron bo‘lgan shahar qayta tiklana olmaydi. IX asrda Arab xalifaligi tomonidan yangi shaharni tiklash maqsadida 2 million dirham ajratiladi. Natijada, Bo‘zsuv sug‘orish sistemasi asosida hozirgi Eskijo‘va hududida Binkat va Toshkent nomlari bilan yangi shahar vujudga keladi. Bu yangi shaharga asosan islom dinini qabul kilgan musulmonlar ko‘chib kela boshlaydilar. Sag‘bon mahallasining shakllanishi ham shu davrlarga to‘g‘ri keladi.

Toshkent va undan shimolroqdagi yurtlarda Imom darajasiga yeta olgan birdan-bir zot bu – Abu Bakr Muhammad Qaffol Shoshiy sanalardi. Ul zot 976 yilda vafot etgach, Mozorxon mahallasidagi qabristonga dafn etiladi. Maqbara qurilib, bu hudud Xastimom nomi bilan muqaddas ziyoratgohga aylanadi. O‘tgan asrning elliginchi yillarida bu yerda kiyim-kechak bozori bo‘lgan, ammo molbozori bo‘lganligi biron-bir hujjatda uchramaydi. Inson suyaklarini ossuariyga solib qo‘yish odat bo‘lgan davrlarda bu joylar bo‘z yerlar edi.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

Ma’lumot uchun («Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil):

SAFBON – Ko‘kcha dahasidagi qadimgi mahalla. Qo‘shchimozor, Yov, Achavot mahallalari bilan chegaradosh bo‘lgan; shimolda shahar devoriga, janubda Eski shahar bozoriga yondoshgan. Sag‘bon Oqtepasi arxeologik yodgorligi joylashgan. Mahallada 400 dan ortiq xonadon yashagan. Aholisi, asosan, o‘zbeklar bo‘lib, hunarmandchilik (kosibchilik, sovungarlik, to‘quvchilik va boshqalar), dehqonchilik va bog‘dorchilik (shahar tashqarisidagi yerlarida) bilan shug‘ullangan. Maktab, masjid, choyxona, baqqollik do‘konlari bo‘lgan (20-asr boshi). «Sag‘bon» atamasi etimologiyasi munozarali. Ayrim olimlar (A.Muhammadjonov) fikricha, «Sag‘bon» atamasi «Suqbon» – «bozor qorovuli», «bozorchilar» ma’nosini anglatgan. Muhammad Solihxo‘janing «Tarixi jadidayi Toshkand» asarida «Su’boniyon» shaklida berilgan. O‘tgan asrlarda dashtdan Eski shahar bozoriga haydab kelingan qo‘y, qoramol va yil¬qilarni qo‘riqlovchi kishilar shu mahallada yashagan. Hozirgi hududi obodonlashtirilmoqda.

SAFBON KO‘CHASI – Sobir Rahimov (hozir – Olmazor) tumani hududida. Toshkent shahrining eng qadimiy ko‘chalaridan biri. Zarqaynar va Keles yo‘li ko‘chalari oralig‘ida. Uzunligi 4 km atrofida. Eski shaharni Toshkentning shimoli-g‘arbiy qismi bilan bog‘laydi. O‘rta asrlarda paydo bo‘lgan. Shaharning qadimiy 12 darvozalaridan biri – Sag‘bon darvozasi shu ko‘cha yo‘nalishida bo‘lgan. 1893 yil ko‘chaga Sag‘bon nomi berilgan. Pastqam va tor ko‘chaning 19-asr holati sovet davrida ham o‘zgarishsiz qolgan. 1994 yildan keng qamrovli qayta qurish, obodonlashtirish ishlari olib borildi. Jumladan ko‘cha eniga ikki baravar kengaytirilib, avtotransport vositalari harakati uchun katta qulayliklar yaratildi. Yo‘nalishida Eskijo‘va bozori, «Guzarboshi» va Fani A’zamov mahallalari, tuman ichki ishlar boshqarmasi, «Hofiz Ko‘hakiy» va «Islomobod» jome masjidlari, «Sag‘bon» guzari, «Sharq», «Tehron» va «Sulola» restoranlari, «Qo‘shtut» va «Guzarboshi» to‘yxonasi, «To‘ychiota» kafesi, «Aliakbar» mehmonxonasi, 42- va 4-oilaviy poliklinika, «Sag‘bon» qabristoni, «Yosh avlod» bog‘i, «Hamidullaota» supermarketi, 24-, 11-umumiy ta’lim maktablari, shaxsiy va ko‘p qavatli turar joy binolari, dorixonalar, savdo shoxobchalari va turli servis xizmat ko‘rsatish maskanlari joylashgan. Kichik halqa yo‘li bilan kesishgan. Forobiy, Qoraqamish, Olcha, Hurriyat, Saqichmon, Abubakr Shoshiy, Sariqsuv, Falaba va Omonat ko‘chalari bilan tutashgan. Tarkibida 13 ta tor va 30 ta berk ko‘cha bor. YAqinida Abdulla Qodiriy nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, Chorsu bozori, Milliy liboslar galereyasi, Bolalar ijodiyoti uyi, tuman hokimiyati, «Sag‘bon tekstil» qo‘shma korxonasi va b. bor.

SAFBON OQTEPASI – arxeologik yodgorlik, qal’ali qishloq xarobasi (milodiy 5–8, 10–12-asrlar). Toshkentning shimoli-g‘arbiy qismida, Qoraqamish-2 massivida joylashgan. Sag‘bon Oqtepasining katta qismi turar joy binolari qurilishi va qabriston hududining kengayishi tufayli yo‘q bo‘lib ketgan. Madaniy qatlam qoldiqlari qal’adan 500 m gacha masofada kuzatiladi. Qal’a kesik piramida shaklida bo‘lib, balandligi 11 m bo‘lgan. U yirik to‘g‘riburchakli g‘ishtlardan bino qilinib, madaniy qatlamdan Qovunchi madaniyatiga oid materiallar topilgan. Sag‘bon Oqtepasida hayot 7–8-asrlarda ravnaq topgan. 10–12-asrlarda ko‘hna qal’adan narida atrofi devor bilan o‘ralmagan keng qishloq vujudga kelgan. Uning inshootlari, binolari Keles yo‘li bo‘ylab cho‘zilib ketgan.

https://shosh.uz/uz/toshkentnoma-ko-kcha-dahasi-sag-bon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x