Suzukota mahallasi


Post Views:
114

Shu mahalla faollaridan bo‘lmish Asqarxoji Obidov to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra mahallaning asoschisi Suzukota (Mustafoqul) XII asrning o‘rtasi XIII asrning boshida yashagan. Xoja Ahmad Yassaviyning qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li Mustafoqul 1140 yilda Sayramda tavallud topgan. Bolalik chog‘ida bobosi Ahmad Yassaviy xizmatiga borganda, bobosining nazar muboraklari tushib, muhabbat ila: “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”- deb qarshi olganlar.

Shu-shu, Mustafoqulni yaqinlari Suzuk deb atay boshlaydilar.

Otasi Ahmad al-Qorachug‘ay Shayxning yo‘llanmasi bilan bu mahallaga kelib, turg‘un bo‘lib yashab qolgan. Kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat bo‘lgan yerlarni o‘zlashtirish va obod qilish uchun Suzukota tug‘ilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar va yaqin birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana qilib berilgach, ilm va hunarni keng ommaga joriy qilishni boshlab yuborishgan.

Mahallani xo‘jalar mahallasi, ba’zan ustalar mahallasi deb ham atashgan. Karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgo‘yi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi bo‘lgan Suzukota 1240 yili vafot etgan. Shundan beri bu joy Suzukota mahallasi deb atalib kelingan.

Buyuk sarkarda Amir Temur Toshkentda ko‘plab masjid-maqbaralar qurdirganida Yassaviyning erka nabirasi Suzukotaga ham atab maqbara masjid va madrasa bunyod ettirgan.

[nggallery id=11]

XX asrdan boshlab mahalla nomi bir necha marta “Bauman”, “Qaxramon” va “Obod” deb o‘zgartirilgan. Mustaqillikdan so‘ng, 1992 yildan boshlab qaytadan Suzukota mahallasi deb atab kelinmoqda. Bu mahalla tarkibiga 1945 yildan keyin “Chaqar” mahallasi qo‘shilgan bo‘lsa, endi atrofdagi “Andijon”, “Mirlar”, “Misr”, CHo‘ponota” va “CHo‘qur ko‘prik” mahallalari ham qo‘shildi.

Mahallada bir qancha ko‘hna obidalar mavjud bo‘lib, ular:
1. “Cho‘ponota” mahallasi masjidi (XII asr);
2. “Suzukota” jome masjidi (XIV asrning oxiri);
3. “Andijon” mahalla masjidi (1817 yilda qurilgan);
4. “Chaqar” mahalla masjidi (1820 yilda qurilgan);
5. “Chuqur ko‘prik” mahalla masjidi (1850 yilda qurilgan);
6. “Suzukota” maqbarasi;
7. Shogirdlari dafn etilgan sag‘ana-dahma;
8. Yo‘lbarsli ota sag‘anasidir.

Bundan tashqari mahalla hududida qadimiy qo‘shsinchlik, toqilik uylar saqlanib qolgan.

Suzukota usta-hunarmandlarning piri, yuzlab shogirdlarga ilm berib, halol mehnatga o‘rgatgan zotdir. Uning vafotidan keyin ustalar mahallasi Suzukota nomi bilan atala boshlangan.

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

Ma’lumot uchun («Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil):

SUZUKOTA (Mustafoqul) – Beshyog‘och dahasidagi qadamjolardan biri. Tarixchi Muhammad Solihxo‘janing yozishiga qaraganda, bu dahada Suzukota maqbarasi joylashgan. Suzukotaning nasabi Hakimotaga taqalgan. «Hujjat ul zokirin» asarida bu shaxs «Suqsuqota» nomi bilan ham tilga olingan. Uning asl ismi shayx Mustafoquli bo‘lib, Sayramda tug‘ilganligi ta’kidlangan. Sharqshunos A.Nosirov ma’lumotiga ko‘ra, Suzukota Ismoilotaning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, Mustafoqul 1140–1217 yillarda yashagan; Ahmad Yassaviyning Gavhari Xushtoj ismli qizining kenja farzandi bo‘lgan. Balog‘atga yetgach, Toshkentning Beshyog‘och dahasidagi Chuqurko‘prik, Mirlar va Chaqar mahallalari oralig‘idagi joylarga kelib o‘rnashgan. Suzukota usta hunarmandlarning piri bo‘lib, keyinchalik u yashagan ustalar mahallasi Suzukota nomini olgan.

SUZUKOTA JOME MASJIDI (Suzukota ko‘chasi, 50) – qadimgi masjidlardan biri (1392). Amir Temur tomonidan masjid, madrasa va maqbara qurdirilgan deb hisoblanadi. 1998 yil 18 sentyabrda Adliya boshqarmasi ro‘yxatidan o‘tgan. Masjidning xonaqoh va ayvonida 650–700 namozxon namoz o‘qishi mumkin. 1985–90 yillargacha shahardagi eng katta gumbazli (diametri 10 m) masjid deb atalgan.
1930 yil hayit namozidan keyin masjid-madrasa yopilgan va metall buyumlar korxonasiga aylantirilgan. Madrasa hujralari buzdirilib, o‘rniga ikki qavatli korxona idorasi va omborxonasi qurilgan.

Mustaqillik arafasida korxona boshqa yerga ko‘chirilib, vayrona holatdagi bino mahalla ixtiyoriga berilgan. Mahalla ustalari ochgan «Shosh» kichik korxonasi hunarmandlari va mahalla ahli yordamida ta’mirlanib, 1996 yil ramazon oyidan masjid o‘z faoliyatini boshlagan. Masjidda qadimda «Suzukota mahallasi»dan tashqari qo‘shni «Samarqand darvoza» mahallasining bir qismi, Chorsu dahasidagi uylar, «O‘qchi», «Kattabog‘», «Gulobod» mahalla aholisi va «Jar» sport majmuasi atrofidagi hunarmandlar namoz o‘qiydilar.

Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan Suzukota maqbarasida keng qamrovli ta’mirlash ishlari olib borildi (bu ishlar 2009 yil may oyiga qadar yakunlandi).

SUZUKOTA MAHALLASI (Suzukota ko‘chasi, 50) – Shayxontohur tumanidagi mahalla. «Kattahovuz», «Eshonguzar», Zangiota mahallalari bilan chegaradosh. Suzukota nomiga qo‘yilgan. Mahalla 1940 yilgacha ushbu nom bilan atalib kelingan. So‘ngra «Komintern», «Bauman», «Qahramon», «Obod» degan nomlar bilan yuritilgan. 1991 yil oxiridan yana hozirgi nomda ataladi. 2004 yil mahallaning yangi guzari bunyod etildi. Aholisi 3698 kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, rus, tatar, qozoq, uyg‘urlar ham yashaydi. Mahalla hududida Suzukota jome masjidi bor.

https://shosh.uz/uz/suzukota-mahallasi-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x