Saido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markazi

1943-yili shahar kutubxonasi sifatida tashkil topgan kutubxona 1964-yili Surxondaryo viloyatidan Qashqadaryo viloyati ajralib chiqib, mustaqil viloyat maqomini olgach, Qarshi shahar kutubxonasi negizida viloyat kutubxonasi faoliyat yurita boshladi. Kutubxonaning dastlabki kitob fondi 9 ming nusxadan iborat boʻlgan. Kitob fondini boyitishga vohadagi jamoat tashkilotlari, mehnat jamoalari jalb qilindi. 1965-yilning boshiga kelib kutubxonada jamlangan kitoblar soni 87520 nusxadan oshib ketdi.

XX asrning 70-yillarida viloyat kutubxonasi doimiy kitobxonlari soni 300 ming nafarga yetdi, kitob fondi esa 800 ming nusxadan oshdi. Bu koʻrsatkich jamiyat hayotida kitobning roli tobora oshib borayotganidan, fuqarolarning dunyoqarashiga, yosh avlodning, turli kasb egalarining madaniy saviyasini yuksaltirishga kutubxona ijobiy taʼsir koʻrsatayotganidan dalolat berardi.

1970–80-yillarda kutubxonaning moddiy bazasini mustahkamlash borasida katta ishlar amalga oshirildi. Viloyat kutubxonasi tuman, tarmoq kutubxonalari xodimlarining bilimlarini mustahkamlash va malakasini oshirish ishiga rahbarlik qildi. Joylarda kutubxona tashabbusi bilan turli madaniy-maʼrifiy tadbirlar, kitob koʻrgazmalari, oʻquvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi, odamlarning kutubxonalar toʻgʻrisidagi fikri oʻrganildi, mahallalar, qishloqlar va korxonalarda koʻchma kutubxonalar tashkil etildi.

1980-yili kutubxona 500 ming nusxa kitob saqlash uchun moʻljallangan uch qavatli yangi binoga koʻchib oʻtdi. Bu yerda toʻqqiz boʻlim tashkil etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, kutubxonaga qashqadaryolik mashhur adib Saido Nasafiy nomi berildi. 2003-yil viloyat hokimi qarori bilan viloyat kutubxonasi toʻliq taʼmirdan chiqarildi. Viloyat rahbariyati bu ishga 250 million soʻm, yangi adabiyotlar, kitob javonlari, zamonaviy texnika xarid qilishga 80 million soʻm mablagʻ ajratdi. Kutubxonaning barcha xonalari, 6 ta oʻquv zali zamonaviy tarzda bezatildi.

Kutubxona jami 41849 nomda 302868 ming nusxadan iborat kitob fondiga ega. Kutubxonaning kompyuter markazi Internet tarmogʻiga ulangan boʻlib, uning yordamida kitobxonlar mamlakatimiz, jahon kutubxonalari va axborot markazlari bilan bogʻlanishlari mumkin. Viloyat kutubxonasi umuman va tarmoq kutubxonalari uchun ilmiy-uslubiy markaz vazifasini bajaradi, tavsiyalar, kitoblar haqida qisqacha maʼlumotlar tayyorlab, quyi boʻgʻin kutubxonalariga tarqatadi.

Kutubxonada turli mavzularda tadbirlar, seminarlar, taniqli madaniyat arboblari, siyosatchilar va adiblar bilan uchrashuvlar oʻtkazish anʼana tusini olgan.

2006-yilga. qadar viloyatda 462 ta ommaviy kutubxona markazlashtirilgan kutubxona tizimlariga birlashgan holda faoliyat koʻrsatdi. Ularning umumiy kitob fondi 3 mln 200 ming nusxadan ziyod edi.

Kutubxona 2006-yili Qashqadaryo viloyat axborot-kutubxona markaziga aylantiriladi.

 

Zuhra Berdiyeva

 

Kutubxonashunoslik” (Kasb-hunar kollejlari uchun. Toshkent, “Ilm ziyo”, 2014) darsligidan.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/saido-nasafiy-nomidagi-qashqadaryo-viloyat-axborot-kutubxona-markazi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x