Qoʻngʻiroqchali bolakay

 – Maʼsumani oʻzim kelin qilaman. Bitta-yu bitta oʻgʻlim boʻlsa, u topgan qiz bizlarga el boʻladimi, yoʻqmi? Maʼsuma oʻzimniki. Achchiq gapimniyam koʻtaradi, shirin soʻzimgayam taltayib ketmaydi. Borimizni sarishta qiladi, yoʻgʻimizga koʻnadi, – derdi qismatidan nolib, yolgʻiz oʻgʻliga suyanib qolgan ona.

Maʼfirat opa oʻgʻlining qarshiligiga qaramasdan, katta orzu-umidlar bilan Maʼsumani kelin qildi.

Orzu-havasli kelinchak darroz hammaning koʻnglidan chiqdi. Sahar turib, choy qoʻyadi, soʻngra oʻzlari yashaydigan koʻpqavatli uyning yoʻlagini tashqarigacha tozalab, artib chiqadi. Qaynonasi uygʻonganda dasturxonda nonushta tayyor boʻladi. Shukur ham oʻzlarining xonasidan ogʻzi qulogʻida chiqib keladi-da, yengilgina tamaddi qilib, ishiga – bankka, “Pensiyagayam bir yilgina qoldi”, deydigan qaynona esa maktabga yoʻl oladi.

Kunlarning birida Shukur xursand boʻlib, ikki qoʻli toʻla bozorlik koʻtarib kirib keldi.

– Oyijon, meni tabriklanglar! – dedi qoʻlidagilarni Maʼsumaga bera turib.

– Qanday xushxabar olib kelding, bolam?

– Meni boʻlim boshligʻi qilishdi.

– Aylanay sendan! – onasi oʻgʻlining peshanasidan oʻpdi. – Xudoyo martabang bundan ham ziyoda boʻlsin! Iloyo, kelinimning qadami qutlugʻ kelgan boʻlsin!

Oradan koʻp oʻtmay yana quvonch ustiga quvonch qoʻshildi.

Tong mahali edi. Fevral, ayni qishning qanqillagan vaqti. Tashqarida qor, yer muzlagan, tarnovlarda sumalaklar osilib turibdi. Bunday kunlarda ishga borish uchun ertaroq harakat qilmasa, transport ham muammo boʻlishini bilgan Shukur odatdagidek xotini bilan bir paytda turib, endi egniga qalin jemperini kiyib, yuz-qoʻlini yuvish uchun xonadan chiqmoqchi edi, joylarini yigʻishtirayotgan Maʼsuma uni toʻxtatdi.

– Qarang, sizga bir narsa aytmoqchi edim-da… – dedi istihola bilan.

Xotinining bunday iymanib, nimadir demoqchiligi Shukurning koʻngliga birdan ming xil shubha soldi.

– Aytaver. Tinchlikmi?

Maʼsuma qoʻlidagi yostiq quroqlarini silagancha koʻz ostidan eriga qaradi va goʻyo tilini yutgandek jim qoldi.

– Qanday aytishniyam bilmayman…

– Aytaver! – Shukur battar hayron boʻldi. – Nima gap oʻzi?

– Mening shoʻr olma yegim kelyapti-da… – Maʼsuma bu gapni aytdi-yu, goʻyo ayb ish qilib qoʻygandek yostiqlarni taxmonga qoʻyish bahonasida birdan yuzini yashirdi. – Toʻgʻri tushuning, hech chidolmayapman…

– Nima?! – Shukurning vujudini iliq bir harorat egalladi. Goʻyo hozir nimadir qilmasa, quvonchdan yuragi tars yorilgudek edi. U bir lahza joyida tek qoldi. Soʻngra Maʼsumani quchoqlab oldi.

– Voy, bunday qilmang-ye… – Maʼsuma kulib yubordi.

– Yo, Alloh, oʻzingga shukur! – dedi Shukur va eshikka qarab yura boshladi. – Men ketdim, aytgan narsangni topib kelaman!

– Ustingizga biror nima kiying. Tashqari sovuq!

Shukur egniga kurtkasini ildi-yu, chiqib ketdi. Maʼsuma esa jilmayganicha qolaverdi. Soʻngra birdan derazani ochdi va tashqariga qaradi. Shukur endi yoʻlakdan chiqqan edi.

– Yuzingizni yuvmaysizmi?

Shukur javob oʻrniga “esim qursin”, degandek boshini ushladi va atrofga boqdi. Uy oldidagi iz tushmagan yerdan qor ustini sidirib tashladi-da, sovuq qorga yuz-qoʻlini yuvdi.

– Voy, jinni… – uni kuzatib turgan Maʼsumaning eti jimirlab ketdi. – Shamollab qolmasa boʻldiydi.

Shundagina Maʼsuma tashqarining qanchalar sovuqligini, oʻzi ham sovqotib ketganini sezdi va erining ortidan qoʻl silkib, derazani yopdi.

Sahar chiqib ketgan Shukur yuz-koʻzi qizarib, quloqlari uzilib tushgudek boʻlib, tushga yaqin ikki kilogina koʻm-koʻk shoʻr olma koʻtarib keldi.

– Ha, bolam, sahar chiqib ketgan ekansan, tinchlikmi? – dedi Maxfirat opa uni koʻrishi bilan.

– Keliningiz… – u Maʼsumaga qarab jilmayib qoʻydi. – Olmang ham bor boʻlsin. Shaharda birorta bozor qolmadi. Hammasini koʻrib chiqdim, bunaqa shoʻr olma yoʻq. Oxiri bir dehqonga iltimos qilib, uyidan olib keltirdim.

– Rahmat… – Maʼsuma olmalarni birdan oshxonaga olib oʻtdi va bitta katta, suvligini artdi-yu, “gʻarch” etkizib tishladi. Olma ham shoʻr, ham muzdek edi, butun aʼzoyi badani titrab, koʻzlari yumilib ketdi. Yana bir tishlagandi, eti jimirlab, tishlarigacha muzlab ketdi – goʻyo niyatiga yetdi. Xumori bosilgandek boʻldi. Yana bir tishladi, ammo endi unday huzur qilmadi, tanasi yayramadi. Boʻldi.

U olmalarni yuvib, dasturxonga qoʻydi.

– Olingizlar.

– Oʻzing yemaysanmi? – soʻradi Shukur.

– Yedim, boʻldi, – xotirjamlik bilan javob berdi Maʼsuma.

– A, olma topib kelmasam, meni yeguday boʻlayotganding-ku?

Maxfirat opa “piq” etib kulib yubordi.

– Ha, sodda bolam-a. Boshqorongʻilik degani shu. Ikki tishlasa boʻldi. Koʻngli joyiga tushadi. – Keyin yonginasida oʻtirgan kelinning yelkasini silab qoʻydi. – Aylanay sendan. Endi oʻzingni ehtiyot qilgin. Ertalab “Shukur qani?” desam, “Ishlari bor ekan, chiqib ketdilar”, deganding. Gap bu yoqda ekan-da. Xudoyimning suyintirgani rost boʻlsin.

Shu kundan Maʼsumaga eʼtibor oʻzgardi. Maxfirat xola hatto kelinining ertalab yoʻlak yuvishini ham taqiqladi.

– Bolam, ikki-uch kunda bir oʻzimizning eshikning oldini tozalab qoʻysang boʻldi. Oʻzingni koʻp urintirma. Ogʻir narsalarni koʻtarma. Ana, biror narsa kerak boʻlsa, oʻzim olib kelaman. Bozor-oʻcharni Shukurjonning oʻzi qilaveradi. Koʻngling nimani tusasa, ayt, Shukurjon topib keladi.

Shukurning ham ogʻzi qulogʻida. Oy tugʻsa ham, kun tugʻsa ham Maʼsumaga boʻlib qoldi. Xotini aytsa-aytmasa har kuni qoʻlida nimadir koʻtarib keladi. Shifoxonaga borib, apparatga tushgach, tugʻilajak farzandining oʻgʻil ekanligini bilganida esa oʻzini qoʻyarga joy topolmay qoldi.

– Ismini Neʼmatjon qoʻyamiz! – dedi shifoxonadan chiqishi bilan. – Axir u Yaratganning bizga bergan eng buyuk neʼmati-ku!

Erining quvonchidan Maʼsuma jilmayib qoʻydi. U farzandining sogʻ-salomat dunyoga kelishini, tugʻilayotganda qiynalish-qiynalmasligini, uning qanday chaqaloq boʻlishini, qanday kulishlarini tasavvur qilar, xayolan alla aytib, beshik tebratar va shularni oʻylab, allaqanday zavq tuyardi. Hali ism haqida koʻp oʻylamasdi ham. Shu sabab, “Oʻzingiz bilasiz…” deb qoʻydi.

 

***

Baxt ham egiz, baxtsizlik ham: “Birinchi farzandimiz oʻgʻil boʻlar ekan”, degan Shukur bilan Maʼsumaning ham, “Xudoyim ol qulim desa, hech gap emas ekan-da”, deb suyinib yurgan muallimaning ham quvonchi uzoqqa bormadi. Tugʻruqxonada tugʻilgan goʻdak oʻzining dunyoga kelganini bildirib jar solib yigʻlamadi, tugʻruqxona devorlarida bola yigʻisi aks-sado bermadi. “Balki qogʻonoq suvi yutgandir…” deb oʻylagan vrachlar uning ogʻziga rezina ichak tiqib, illatlarni chiqarib tashladi, hatto chaqaloqni teskari qilib, ketiga ham sekingina shapatilashdi, ammo goʻdak qattiq tovush bermadi, faqat ojizgina “ing-ing” qildi.

Maʼsuma doyaning bu harakatlarini koʻrib turdi, ammo hech narsani tushunmayotgani uchun indamadi – oʻzi bilan oʻzi edi. Ammo palataga oʻtganidan keyin xavotiri oshdi.

– Bu nimaga yigʻlamaydi, oyi? – deb uni koʻrgani kirgan qaynonasidan soʻradi.

– Bilmasam, vrachlar sogʻlom deyishyapti-ku, – hayron boʻldi Maxfirat xola. – Ana, emishiyam yaxshi-ku…

– Ovoziniyam chiqarmaydi, oyi… – yigʻlamsiradi Maʼsuma. – Faqat past tovushda “xir-xir” qiladi. Vrachlardan soʻrasam, hech narsani aytishmaydi. Yaxshi, yaxshi deb qoʻyadi.

– Yaxshini yaxshi deydi-da, bolam. – Maxfirat xola kelinini xotirjam qilishga urindi.

Oʻsha kuni Maxfirat hola kelinini tinchlantirib uyiga qaytdi, ammo koʻngliga gʻulu tushdi. Vrachlar joʻyali gap aytishmagani uchun bu haqida birovdan soʻrashga ham iymandi.

Uyiga borib ertasiga tugʻruqxonadan chiqadigan nevarasi uchun joy hozirladi. Toza va ozoda xonani yana yalab-yulqadi. Bu urinishlarning hammasi oʻzini ovutish uchun ekanini oʻz koʻnglidan yashirishga qancha urinmasin, baribir kelinning: “Bu nimaga yigʻlamaydi, oyi?” degani xayolidan bir zum boʻlsin koʻtarilmasdi. Bir payt qarasa, Shukur katta boʻlgan beshik ustiga boyoʻgʻli qoʻnib, tinmay sayrardi… U “kisht-kisht” deb boyoʻgʻlini haydadi, ammo qush uchib ketmadi. Shunda keksalaridan eshitgan bir gap yodiga tushib, boyoʻgʻliga qaratib kul sochmoqchi boʻldi. Qoʻlidagi bir lagan kulni beshik ustiga sochdi. Laganning daranglagan ovozidan choʻchib ketdi. Jon halpida atrofga qaradi. Hech qanday beshik ham, chaqaloq ham yoʻq. Ne koʻz bilan koʻrsinki, gilamda guruch sochilib yotardi…

Avval pichoqning qiniga suv soldi. Keyin piyolaga toʻkdi. Mijjalaridan koʻzyoshi qalqib: “Iloyo koʻrganlarim yaxshilikka boʻlsin”, deb piyolani sipqorib yubordi. Sekin borib, oʻgʻlining xonasiga quloq soldi. Jimjit. Shukur uxlab yotibdi.

Ona qaytib oshxonaga kirdi. Toza guruchni endi rostmana tozalash kerakligini angladi.

“Tavba… – deya oʻyga botdi. – Iloyo, nevaraginam tinch boʻlsin-da. Hamma xavotirim shundan. Oʻgʻlim bilan kelinimni toʻydan oldin hamma tibbiy koʻrikdan oʻtkazganman, biror muammo chiqqan emas. Qon guruhlariyam bir xil emas. Ammo chaqaloqning yigʻlamay tugʻilgani qoʻrqitib qoʻydi. E, xudojon, men-ku, hayotda koʻp azob koʻrdim, koʻrganlarimga roziman, ammo bolalarim qiynalishmasin. Ularning koʻzlarida yosh koʻrsam, yuragim eziladi, Xudojon… Oʻzing rahm qilgin, yo karami keng Egam!”

Tong yaqin ona gʻarib koʻrpasini yosh qalqib turgan yonoqlariga bosdi.

 

***

Tugʻruqxonadan ona-bolaga javob berishayotganda bosh vrach chaqaloqning otasini chaqirtirdi. Qoʻlida guvohnoma koʻtarib yurgan Shukur vrach xonasiga kirdi.

– Chaqaloqqa bugun javob beryapmiz, – deya gap boshladi vrach bosiqlik bilan. – Kelin ham aytgan boʻlsa kerak, bola yaxshi. Hech qanday muammosi yoʻq. Tugʻruqxonada olishi kerak boʻlgan hamma emlashlarni qilganmiz.

– Rahmat, sizlarga.

– Hammasi joyida, faqat bir narsaga tushunmay turibmiz.

– Nimaga, doʻxtir?

– Chaqaloq yigʻlamay tugʻildi, ammo sogʻlom: yurak urishi, nafas olishi, hamma-hammasi joyida. Bizlarni haligacha oʻylantirgani – uning yigʻlamay tugʻilgani, yigʻlash oʻrniga past tovushda “xir-xir” qilishi.

– Ha, keliningiz aytdi. Biz ham shundan xavotirdamiz… – Shukur vrachning koʻzlariga najotkorona tikildi.

– Sizlar er-xotin qarindoshmisizlar?

Shukur aybdorona bosh irgʻadi.

– Ha, u xolamning qizi…

– Sizday oliy maʼlumotli odam… – vrach afsus bilan bosh chayqadi va qoʻlidagi ruchkasini qogʻoz ustiga tashladi. – Koʻnglingizga ogʻir botmasin-u, ertaga shu oʻgʻlingiz gapirmaydigan boʻlsa, nima qilasiz?

– Xudo saqlasin-ye…

– Xudo saqlasin, ammo oʻgʻlingizning harakatlari uning gung ekanligidan darak beryapti…

Tamom. Vrach yana nima dedi, nimalarni tushuntirdi, birortasi Shukurjonning qulogʻiga kirmadi. U yerdan qanday chiqdi, Maʼsuma bilan oʻgʻli Neʼmatjonni tugʻruqxonadan qanday uyga olib keldi, ularni kutib turgan “aybsiz-aybdor” onasiga nima dedi, qanday oʻqrayib qaradi, hech qaysi esida yoʻq. Ularni uyga kiritishi bilan koʻchaga chiqib ketdi va kech boʻlganda oyoqda turolmaydigan mast boʻlib kirib keldi.

– Hammasiga siz aybdorsiz! – uning onasiga aytgan birinchi gapi shu boʻldi.

– Bolam?.. – Maxfiratning birdan koʻz oldida marhum eri bilan oʻtgan damlari jonlandi.

Maxfirat bilan eri oʻzlarini oʻtga, choʻqqa urishib yetti yil deganda farzand koʻrdi, qorongʻi uyi chiroqli boʻldi. Shukur – oʻsha chiroq. Er-xotin yana farzand umidida boʻlgandi, ammo bu quvonch qayta nasib etmagan. Shukur yolgʻiz chiroqligicha qolgan.

Er-xotinning bor umidi shu Shukur edi. Elda qoʻsha toʻylar boʻlsa, qoʻshaloq kelinlarini yetaklab yurgan qaynonalarni koʻrsa, Maxfiratning yarasi yangilanib, taqdiridan nolib qolardi: “Xudoyim menga birgina qiz boʻlsa ham bermadi-ya…”

– Onasi, solsa, biridan ham soladi. Soluvi boʻlmasa oʻnta boʻlsayam bekor. Nasib boʻlsa, Shukur qirq yigit tatiydigan oʻgʻil boʻladi, – deb yupatadi er.

Ayol: “Yaratganga shak keltirib qoʻydim”, deya tavba qilar va dardi ichida boʻlib qolardi, ammo xotiniga taskin-tasalli beruvchi er ayolning peshonasiga sigʻmadi, umr chechagi erta soʻlgandi.

Er ham oʻrtoqlarining toʻyiga borsa yoki biror ziyofatda boʻlsa, shunday tarang boʻlib kelar, keliboq, uni ayblashga tushardi. Bugun bolasi ham “Agar oʻgʻlim gapirmasa” deb izillab, onani ayblab turibdi.

– Bolam… – ona oʻgʻlini bagʻriga bosdi va uning boshini siladi, koʻylagining yengi bilan koʻz yoshlarini artib qoʻydi, – hech kim Xudodan zoʻr emas. Boshga tushganni koʻz koʻradi. Sabr qilaylik-chi, vrachlar ham aniq bir narsa degani yoʻq-ku!

– Dedi-da, oyi… – hiqilladi Shukur. – Bugun bir professor: “Oʻgʻlingizning harakatlari gung tugʻilganidan darak beryapti”, dedi. Nima qilay, oyi? Bu qanday sharmandalik boʻldi, oyi?

– Unday dema, bolam. Bu sharmandalik emas…

Ona boshqa soʻz aytolmadi. Jimib qoldi. Narigi xonada ularning soʻzlarini eshitib turgan Maʼsuma esa tizzasida pishillabgina uxlab yotgan goʻdagiga termilganicha ovoz chiqarmay yigʻlardi.

 

***

Ham sinovli, ham umidli kunlar, oylar oʻtaverdi. Chaqaloq qalbi iztirobga toʻla onasining ogʻushida ulgʻayar, beshikda uxlar, qoʻlda oʻynar, past tovushda gʻingshib yigʻlar, qiliqlari chiqib, qip-qizil milklarini koʻrsatib oʻzicha kulardi. Ammo ovozi…

Maʼsuma bolani har qancha “Neʼmat, Neʼmatjon…” deb erkalamasin bola qayrilib ham qaramasdi. Uning eshitish va gapirish qobiliyati yoʻqligi ayon boʻlib borardi.

Shukur oʻgʻlini necha bor vrachga koʻrsatdi, ammo hammasidan bir xil javob oldi: “Oʻgʻlingiz tugʻma shunday. Gapirmaydi, eshitmaydi…”

Mutaxassislarning har bir javobi Shukurning boshiga toʻqmoq bilan urgandek boʻlardi va endi u alamini araqdan olardi. U kundan-kunga oʻzgarib borardi. Bir kun uyga ichib kelsa, bir kun kelmaydi ham.

– Qayerda edingiz, dadasi? – soʻraydi ayoli.

– Ay-e, sen gapirma… – jerkib tashlaydi er.

– Nega bunday qilyapsiz? Axir bolaning aybi yoʻq-ku!

– Hamma ayb oʻzimda! Boshidan bu ishga umuman qarshi turishim kerak edi… Onamning yuzidan oʻtolmadim. Endi esa kech… – Shukur shunday deya boshqa xonaga kirib yotib oladi va deyarli hech kim bilan gaplashmaydi.

Maxfirat opa oʻgʻlidagi bu oʻzgarishlardan kuyunadi, ichikadi.

– Bolam, – dedi bir kech uning boshiga kelib, – seni shunday beoqibat oʻstirganmidim? Otang boʻlmasa, aka-ukang, opa-singling boʻlmasa. Men, sen va shu bechora xotining. Nega uni qiynaysan? U ham bu yerda kuni oʻtmay qolganidan emas, sen bilan meni deb yuribdi-ku! Peshanamizda bor ekan, bola gung tugʻilibdi. Ammo oʻzlaring sogʻ-salomat-ku! Nega bunday noshukur boʻlasan? Balki keyingi farzandlaring sogʻlom tugʻilar…

– Oyi, boshqa gapirsayam siz gapirmang! – Shukur jerkib tashladi. – Hammasi sizni deb boʻldi.

– Bunday boʻlishini tush koʻribmanmi?..

– Shu ahvol boʻlsa, hademay meni tush koʻrasizlar…

– Aynima! Qadamingni egri bossang, sendan bu dunyo, u dunyo rozi emasman!

Maxfirat opa shu gapni aytdi-yu, chiqib ketdi. Oʻz xonasiga kirib marhum eri qarshisida turganday oʻzi bilan oʻzi gaplasha boshladi.

– Dadasi, – dedi u, – sizsiz gʻarib boʻlgan ahvolimga qarang. Yetti yil deganda Xudodan tilab olgan oʻgʻlimiz bugun gapimni olmaydi. Yuzing, koʻzing demaydi. Men xato qilgan emishman… Chindan xato qildim, xato qildi-im… Endi nima boʻladi, dadasi? Bu xatolikning badalini qanday toʻlayman? Endi nima qilama-an, qanday qilama-an?..

Maxfirat aytib-aytib yigʻlar, koʻz yoshlari ajin bosgan yuzida taralardi. Bir mahal kimdir yelkasiga qoʻlini qoʻydi. Boshini koʻtarsa, chaqaloq koʻtargan kelini.

– Oyijon… – dedi Maʼsuma bir qoʻlini qaynonasining yelkasiga qoʻyib. – Yigʻlamang. Boʻlar ish boʻldi. Ortga yoʻl yoʻq. Sizni oyi deganman. Meni qizim desangiz, yigʻlamang. Neʼmatjon gapirmasayam koʻzi koʻradi, emaklab yuradi, kula oladi. Hayotimizga quvonch bera oladi. Koʻzimizni quvnata oladi. Nega noshukur boʻlay? Yaratgan Egam oʻzining sevgan bandalariga sinov berar ekan. Yaxshilik ham, yomonlik ham Oʻzidan-ku, oyi.

Toʻlib turgan Maxfirat yana piqillab yigʻlab yubordi. Avval kelinini bagʻriga bosdi, soʻngra nevarasini olib, peshanasidan oʻpdi.

– Yaxshiyam, sen borsan… Sadagʻang ketay sening, bolajonim, sadagʻang ketay…

Neʼmatjon kulganda, oʻz bola tilida “igʻi-igʻi”lab nimalardir deganda ovozi chiqmasa-da, kundan-kunga ulgʻayib borar, endi uyda emaklab oʻynar, ammo eshikning ochilib yopilgani yoki kimningdir unga gapirayotganini anglamasdi, chaqirsa eshitmasdi. Emaklab biror joyga ketib qolmasin, xayolimdan qochmasin deb Maʼsuma uning boʻyniga soʻrgʻich bilan birga mittigina qoʻngʻiroqcha ham taqib qoʻygandi. Ona shu orqali oʻgʻlining qayerda emaklab yurganini yoki qayerda oʻynayotganini bilib turardi. Ammo Shukurning uyga kelishi kundan-kunga kamayib borardi. Kelsa ham birovga gapirmas, oʻgʻlini qoʻliga olmasdi. Bu Maʼsumaga ogʻir botardi va “Bir kun oʻziga kelar…” deb kutardi.

Oʻsha “bir kun” Neʼmatjon yoshiga toʻlganda keldi. Shukur kechqurun ishdan ikki qoʻli toʻla bozorlik bilan qaytdi. Narsalarni xotiniga uzatib, emaklab yurgan Neʼmatjonni koʻtarib oldi va bir-ikki marta osmonga otib oʻynatdi. Chaqaloq ogʻizlarini katta-katta ochib, “gʻi-gʻi”lab kuldi, huzur qildi, yayradi, ammo barcha bolalarday qiqirlab kulolmadi. Ana shunda Shukur koʻngli qolganday bolani qoʻyib yubordi. Goʻdak otasiga bir qaradi-da, onasini izlab, yigʻlagancha oshxona tomonga emaklab ketdi. Bu yigʻi favqulodda oʻzgacha jarangladi. Bola bolalik haqqini talab qilayotganday, boshqalardan kam emasligini uqtirayotganday edi.

Shukur qarshisida turgan onasidan koʻzlarini olib qochdi. Oshxona tomonga bir qarab qoʻydi.

– Nimaga buncha bezovtasan? Ishlaring joyidami oʻzi? Oxirgi paytlarda uygayam bir kun kelib, bir kun kelmaysan? Yo ishing shunchalar koʻpmi? Ikki smena ishlayapsanmi?

– Oyi… – Shukur yana nimalardir demoqchi edi, ammo gapira olmadi. Oʻrnidan turdi va eshikka qarab yura boshladi. Oshxona ostonasida Neʼmatjonni koʻtargan Maʼsuma koʻzda yosh bilan turardi.

– Meni toʻgʻri tushun… – dedi u ayolining yuziga qaray olmasdan.

Maʼsuma hech narsa demadi. Oʻgʻlining yelkasiga bosh qoʻygancha jim, bir nuqtaga tikilib turardi. Bolakay esa “igʻi” deya otasiga qoʻl uzatdi, ammo qoʻli havoda qoldi…

 

***

Yillar oʻtdi.

Maxfirat opa nafaqaga chiqqan, uyda maktab yoshiga yetgan, ammo bogʻchaga ham borolmaydigan nevarasiga qarab oʻtiradi. Avvalgidek holi ham yoʻq, oyoqlari shishib, yurishga madorsiz boʻlib qolgan. Shukur ulardan xabar olmay qoʻygach, Maʼsuma shahardagi bir yemakxonada idish-tovoq yuvadi. Ammo oʻgʻlini oʻrgatgan – nimadir zarur boʻlib qolsa, qogʻozga yozib bersa, Neʼmatjon yugurib uy oldidagi doʻkondan olib chiqadi. Doʻkon egasi uning “tili”ni tushunadi.

Neʼmatjon toʻrt yoshga toʻlganda Maxfirat opa nevarasining boʻynidagi qoʻngʻiroqchani olib, kirish eshikka osib qoʻygan. Hozir Neʼmatjon uydan biror joyga chiqqudek boʻlsa, kirgudek boʻlsa ham qoʻngʻiroqchani bir urib oʻtadi. “Jiring-jiring”. Maxfirat opa shu orqali uning qayerda ekanligini bilib turadi. Ammo nevarasi yoshiga yetgan, uni tengdoshlari qatori maktabga bera olmasligidan ichikadi. Yuragi sanchiydi. Baʼzan turishga ham madori boʻlmay “Neʼmat, Neʼmatjon!” deb chaqiradi. Nevara koʻzi tushsa qaraydi, boʻlmasa oʻyinchoqlarni oʻynab oʻtiraveradi. Ammo buvisining qiynalayotganini koʻrib qolsa, chopib keladi va sovuqchoy tutadi, dorisini olib beradi. Keyin nima qilishini bilmasdan, unga suyanib oʻtiradi, baʼzan oyoqlarini uqalab qoʻyadi. Nimalardir demoqchi boʻladi, ammo gapirolmaydi. Onasining ishdan kelishini kutadi.

Hayot shu tarzda davom etadi.

Neʼmatjon bir kuni tushga yaqin issiq non olib chiqish uchun doʻkonga tushdi-yu, bino oldida toʻp tepishayotgan bolalarning oʻyinini tomosha qilib, ancha qolib ketdi. Keyin nega chiqqani endi esiga tushgandek doʻkondan ikkita non oldi-da, uyga qaytdi. Ostona hatlayotib, qoʻngʻiroqchasini bir urdi. “Jiring-jiring”. Toʻgʻri oshxonaga kirdi. Qarasa, buvisi yoʻq, nonni qoʻyib, kichik xonaga oʻtdi. Buvisi uxlab qolibdi. “Non olib keldim”, deya ishora qilmoqchi boʻldi, ammo xalaqit bermadi, yonida televizor tomosha qilib oʻtirdi. Kino tugadi, zerikdi. Oʻyinchoqlarini oʻynadi, undan ham zerikdi. Qorongʻi tusha boshladi, qorni ochdi. Ammo buvisi haliyam uxlab yotibdi.

Neʼmatjon buvisining uxlashini tomosha qildi. Maxfirat opa bir tekis yotar, nafas olayotgani sezilmasdi. U bir muddat qarab turdi-da, hayron boʻldi, bola qalbi bilan angladiki, tushda yotgan odam kechgacha uxlamaydi. Shuning uchun buvining yelkasidan turtdi, uygʻonmadi. Qayta-qayta turtdi, foydasi boʻlmadi. Yuragiga qoʻrquv tushdi. Buvisining koʻrpachadan chiqib, gilamda turgan qoʻlini olib silkiladi. Yoʻq, koʻzlarini ochmadi. Qattiq-qattiq silkidi, xirillab ovoz chiqardi, ammo buvisi uygʻonmadi. Oxiri turdi-da, eshikka osilgan qoʻngʻiroqni yulib oldi va buvisining qulogʻi tagiga kelib chala boshladi. Chaldi, chalaverdi. Ammo buvisi uygʻonmadi. Qoʻngʻiroqni qoʻyib, boshini silkiladi, yelkalariga turtdi, ammo buvisi qilt etmadi.

Neʼmatjon qoʻrqdi. Nima qilishini bilmay qoldi. Yostiq tagini koʻtarib, buvisi ichadigan dorini oldi va suv ham olib keldi. Dorini ichirmoqchi boʻldi, ammo buvisining ogʻzi ochilmadi. Shunday boʻlsa-da, bola dorini buvisining quruqshab borayotgan labiga qistirdi va ustidan suv quydi. Suv tomoqqa ketmadi, dori bilan qoʻshilib, yoqasiga oqib ketdi. Bola qoʻrqqanidan “Ai-ai-ai!” – deb baqirib yubordi. Buvisini battar silkilay boshladi. Ammo buvisi hech narsani sezmas, silkilangani sayin boshidagi roʻmoli ogʻib borardi.

– Ai-ai-ai! – Neʼmatjon takror-takror baqirdi. Soʻng yugurib tashqariga chiqdi va qoʻshnining uyini taqillata boshladi. Eshikni qoʻshnining Neʼmatjon tengi qizchasi ochdi. Neʼmatjon xirillab unga uylarini koʻrsatib ishora qildi, ammo uning vajohatidan qoʻrqib ketgan qizcha eshikni yopib oldi. Uyda boshqa hech kim yoʻq edi.

Neʼmatjon ikki eshik orasida bir muddat turdi-da, yugurib pastga tushdi. Doʻkonga bordi. Ichkariga kirishi bilan doʻkon egasining qoʻlidan ushlab torta boshladi.

– Ha, nega meni sudraysan? – dedi baqaloq doʻkonchi. Neʼmatjon uni tortaverdi. Doʻkon egasi oxiri kassa oldida oʻtirgan xotiniga: – Chiqay-chi, nima deyapti bu garang. Bir gap boʻlganga oʻxshaydi, – dedi.

Ayol hayron qarab qoldi.

Neʼmatjon doʻkon egasini yetaklab, uyga kirib keldi. Kirayotib, qoʻngʻiroqchasini chalish uchun eshik shiftiga qoʻl uzatdi, qoʻli hech narsaga tegmadi. Shunda qoʻngʻiroqni olganini esladi va birdan koʻrpacha oldida turgan qoʻngʻiroqchasini olib chaldi, buvisi yana uygʻonmadi. Uning harakatlarini koʻrib, doʻkon egasi titrab ketdi.

– Toʻxta… – dedi Neʼmatjonga ishora qilib. Doʻkon egasi vrachlar kabi avval Maxfirat opaning bilagini ushlab koʻrdi, soʻngra tomogʻini. Engashib, burniga yuzini tutdi. Nafas olmayapti. Vaziyatdan qoʻrqdimi, yo bunday holatni birinchi marta koʻrishimidi, rangi oqarib ketdi. Atrofga qaradi. Eshik tomonga kursi qoʻyilgan boʻlib, ustida roʻmol osilib turardi. Roʻmolni oldi-da, marhumning jagʻini bogʻladi. Soʻngra Neʼmatjonga qarab, “Buving dunyodan oʻtibdi…” degan ishorada yuziga fotiha tortdi.

Neʼmatjon shundagina nima boʻlganini tushundimi, hiqillab yigʻlab yubordi.

Doʻkonchi mahalla raisiga qoʻngʻiroq qildi.

Janoza ertasi kuni boʻldi. Barcha yaqinlar yigʻilgan, hamma maʼyus. Onasining janozasiga yetib kelgan, ozib, sochlari oqarib, jagʻ suyaklari boʻrtib qolgan Shukur esa tobutga qarab yigʻlar, pichirlab nimalarnidir aytar, ammo boshini koʻtarolmasdi. U bir necha marta oʻgʻlining yoniga kelib, “Neʼmatjon, oʻgʻlim…” dedi, ammo bola unga oʻgirilib ham qaramadi. U ustiga oq surp yopib qoʻyilgan buvisining yumuq koʻzlariga qarab telbavash oʻtirar, goʻyo hozir qoʻlidagi qoʻngʻiroqchani jiringlatsa, buvisi uygʻonib ketadigandek, turib uni bagʻriga bosadigandek goh-gohida jiring-jiring qilib qoʻngʻiroq chalib qoʻyardi…

Oʻsha kuni hech kim Neʼmatjon bilan gaplasha olmadi. Doʻkonchining taklifi bilan mahalla raisi uni ham qabristonga olib bordi. U nimalar boʻlayotganiga goh tushunib, goh tushunmay qarab turdi. Qabrga chim bosishayotganida, beixtiyor u ham bir chimni bosdi va choʻntagidan qoʻngʻiroqchasini chiqarib, tez-tez chala boshladi. Goʻyo shunday qilsa, hozir buvisi tirilib keladigandek edi…

Janozadan qaytishayotganlarida Neʼmatjon Shukurga qarab-qarab qoʻydi. Endi buvisi yoʻq, onasi baribir yarim kechagacha ishda boʻladi. Bu odam ularning uyiga goh-gohida kelib turishini, har gal unga oʻyinchoqlar, yeguliklar olib kelishini eslay boshladi.

Marhumni kuzatib qaytganlar uy oldida oʻtirishib, yana duoi fotiha qilishgach, birin-ketin tarqalisha boshladi. Ana shunda Neʼmatjon Shukurning oldiga keldi va qoʻlidan ushlab yuqoriga ishora qildi.

Ostonada bir qoʻlida qoʻngʻiroqchasi, bir qoʻli bilan otasining qoʻlidan mahkam ushlab turgan oʻgʻlini koʻrib, Maʼsuma qalqib ketdi…

 

Xoliyor SAFAROV

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/ijod/nasr/qongiroqchali-bolakay/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x