PAXTAKOR TUMANI

PAXTAKOR TUMANIJizzax viloyati tarkibidagi tuman. 1967-y. 9 yanv. da Mirzachoʻl jan.-gʻarbidagi oʻzlashtirilgan yerlar negizida Sirdaryo viloyati tarkibida tashkil etilgan. 1974-y. Jizzax viloyati tashkil etilishi munosabati bilan ushbu viloyat tarkibiga oʻtkazilgan. Gʻarbda Zafaro-bod va Arnasoy, shim. da Doʻstlik, sharqda Sirdaryo viloyati Sharof Rashidov tumanlari va viloyatning Zarbdor, jan. da Jizzax tumanlari bilan che-garadosh. Mayd. 0,38 ming km2. Aholisi 57,9 ming kishi (2003). Paxtakor tumanida 1 shahar (Paxtakor), 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Akmal Ikromov, Mingchinor, Olmazor, Oqbuloq, Paxtakor, Samarqand, Chamanzor) bor. Markazi — Paxtakor sh.

Tabiati. Tuman hududi Mirzachoʻlning gʻarbida joylashgan. Relyefi, asosan, tekislik (oʻrtacha bal. 295 m). Yer osti suvlari yuza va shoʻr hamda shoʻrtob. Tuman hududidan Jan. Mirzachoʻl Kanali oʻtgan. Oqova shoʻr suvlarni chiqarib yuborish uchun zovurlar qazilgan. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning oʻrtacha t-rasi 30—35°, eng yuqori t-ra 40°, yanv. niki —4°. Yillik yogʻin 280—300 mm. Vegetatsiya davri 205 — 210 kun. Tuproqlari, asosan, boʻz, och boʻz, shoʻrxok tuproqlar. Yovvoyi oʻsimliklardan yantoq, shoʻra, shuvoq, qoʻngʻirbosh, qiyoq, qamish, yulgʻun, oqbosh, gʻumay, pechak, ituzum, tol, jiyda, terak oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, chiyaboʻri, quyon, kala-mush, ilon, kaltakesak; qushlardan oʻrdak, tustovuq, qirgʻovul, kalxat, kaptar, chugʻurchiq, qargʻa, soʻfitoʻrgʻay, mayna va b. bor.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (88%), shuningdek, qozoq, rus, ukrain va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 152 kishi toʻgʻri keladi. Shaharliklar 19,4 ming kishi, qishloq axoliyey 38,5 ming kishi.

Xoʻjaligi. Tuman xoʻjaligi, asosan, q. x. ga ixtisoslashgan. Sanoat, transport, aloqa korxonalari bor. Shirkat xoʻjaliklari paxtachilik, gʻallachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, chorvachilik bilan shugʻullanadi. Tumanda Oʻzbekiston—Polsha «Oʻzpolteks» qoʻshma korxonasi, 140 ga yaqin kichik korxona va xususiy firmalar, aksiyadorlik jamiyatlari, 2 paxta tozalash z-di, q. x. texnikasini taʼmirlash korxonasi, Paxtakor sh. bozori mavjud. Q. x. ning yetakchi tarmoklari — paxtachilik, gʻallachilik. Sugʻoriladigan yerlar 26,5 ming ga dan ziyod, shu jumladan, 12,8 ming ga yerga paxta, 11,1 ming ga yerga gʻalla, 2,6 ming ga yerga boshqa ekinlar ekiladi. 12 shirkat, 965 fermer xoʻjaliklari bor. Tuman shirkat va shaxsiy xoʻjaliklarida 15,2 mingga yaqin qoramol, 11,4 mingdan ziyod qoʻy va echki, 275 yilqi boqiladi (1999). Paxtakor tumanida 20 umumiy taʼlim maktabi (13,2 ming oʻquvchi), shu jumladan, internatmaktab, boks va kurash maktabi, bolalar sport maktabi, litsey, kasb-hunar kolleji, madaniyat va istirohat bogʻi, badiiy havaskorlik, folklor-etnografik ansambllari ishlab turibdi. Markaziy stadion, bolalar sport majmuasi, yopiq suzish havzasi, shahardagi har bir mahallada sport majmualari faoliyat koʻrsatadi. Markaziy kasalxona (280 oʻrin), kattalar va bolalar poliklinikalari, 5 qishloq vrachlik punkti va b. tibbiy muassasalar bor.

Paxtakor tumani — Jizzax, Paxtakor tumani — Toshkent, Paxtakor tumani — Guliston, Paxtakor tumani — Samarqand yoʻnalishlari boʻyicha avtobus qatnovi yoʻlga qoʻyilgan.

1969-y. dan «Paxtakor» gaz. chiqadi (1999-y. da adadi 1 ming).

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x