MISKARLIK

MISKARLIK — hunarmandlikning qad. sohasi; mis va uning metallar bilan qotishmasidan qurollar, uy-roʻzgʻor buyumlari va b. yasash kasbi. Miskarlikda buyumlar 2 xil usulda — eritib quyib yoki bolgʻalab yasaladi. Ish jarayonida metall tez-tez qizdirib turiladi. Murakkab shaklli buyumlar yasashda avval ayrim boʻlaklar quyilib, soʻng ular birbiriga qalaylanadi. Buyumlar qolipdan koʻchirilgach tozalanib, soʻng unga naqqoshlar chizma, kandakori yoki bosma usulida gul (naqsh) ishlaydi (yana q. Kandakorlik).

Qadimda sof misning oʻzidan bolgʻalab buyumlar yasalgan, buyumlar yumshoq va moʻrt boʻlgan. Jez davri (mil. av. 2-ming yillik)dan mis va uning qalay, qoʻrgʻoshin, rux aralashmasidan iborat metallar qotishmasidan bir-muncha pishiq boʻlgan buyumlar yasalgan.

Oʻzbekiston hududida Miskarlik qadimdan rivojlangan, ushbu hududdan topilgan tarkibida mis koʻp boʻlgan jez idishlar bunga misol boʻla oladi. Jez davriga oid muhrlarda oʻsimlik, hayvonlar (ilon, burgut va b.) tasvirlari ishlangan. Buxoro naqshlangan mis idishlar yasashning qad. markazi boʻlgan; bu yerda mil. av. 1ming yillikda metall quyish, mis va jez buyumlarini qoliplarga quyib ishlash yaxshi yoʻlga qoʻyilgan. Mac, Fargʻonadagi Chust madaniyatiga oid pichoq, oʻroq va ziraklar qoliplarga quyib ishlangan. Bu davr madaniyatiga oid Oʻzbekiston jan. dagi mis va jez bu-yumlariga xilma-xillik xos boʻlib, qad. buyumlarni bezashda chizma, kandakori, boʻrtma naqshlar ishlash keng qoʻllanilgan.

5—8-a. larda Sugʻd va Xorazm badiiy metall buyumlari keng tarqaldi; 10 — 12-a. larda mehnat qurollari, qurol-aslahalar, roʻzgʻor buyumlari bilan bir qatorda islimiy naqshlar, yozuvlar, tasviriy mavzular bilan qoplangan murakkab shaklli yuksak badiiy buyumlar tayyorlangan, ayniqsa, hayvonlar shaklidagi idishlar diqqatga sazovor, boshqa metallardan, qimmatbaho toshlardan qadab bezash (qadama) usuli qoʻllanila boshlangan. 10-a. arab sayyohi va geografi Muqaddasiy yozishicha, Samarqanddan katta mis qozonlar, nafis mis qadahlar, Buxorodan mis chiroklar arab mamlakatlariga keltirilgan. 11 —12-a. larda termizlik ustalarning mayda gulli nafis naksh mujassamotli buyumlari shuhrat qozongan.

14—16-a. larda Samarqandning Registon maydonidan topilgan jez buyumlar xazinasi Miskarlikning yuksak taraqqiyotidan guvohlik beradi: idishlar kandakori, qadama (tilla, kumush, kizil mis) usulida bezatilgan; Buxoro Miskarlik buyumlari bilan shuhrat qozongan. 16—17-a. larda Oʻrta Osiyoda jez buyumlar tayerlashga koʻp eʼtibor berilgan.

18—20-a. larda qizil va sariq misdan buyumlar tayyorlash rivojlandi. 19—20-a. boshlarida Oʻrta Osiyoga Rossiya f-kalarida tayyorlangan buyumlarning koʻplab keltirilishi bilan Miskarlik buyumlari tayyorlash keskin qisqardi. Mahalliy ustalar keltirilgan buyumlarga taqlidan yangi shakldagi (oftobasamovar va b.) buyumlar tayyorladilar, keltirilgan buyumlar (samovar va b.)ni anʼanaviy milliy nakshlar bilan bezadilar.

20-a. da Qoʻqon, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xivada Miskarlikning oʻziga xos maktablari shakllangan; mohir ustalar tayyorlagan buyumlar shuxrat qozondi. Ish, asosan, qoʻl mehnatiga asoslangan. Miskarlik artellarida hozir ham anʼanaviy buyumlar — choydish, choyjoʻsh, oftoba, lagan, koʻza, kosa, shamdon, dastshoʻy va b., zargarlik buyumlari tayyorlanadi; shuningdek, yangi shaklli buyumlar xam paydo boʻlmoqda, ular yangi mavzular, naqshlar, tasvirlar b-n bezatiladi. Ustalar turli shakldagi idishlarni quyib tayyorlaydi, nafis oʻyma naqshlar bilan bezaydi, anʼanaviy shakllar, naqsh qismlarini turlicha qoʻllab naqsh mujassamotini bo-yitadi va badiiy hunarmandlik asarlari yaratadi. Respublika muzeylarida 19—20-a. larda yaratilgan Miskarlik buyumlari saqlanadi, ular shakli anʼanaviy mukammal nisbatlari va naqshinkor bezaklari bilan ajralib turadi.

Tursunali Koʻziyev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x