MILLIY ITTIHOD

«MILLIY ITTIHOD», «Ittihodi taraqqiy» — Turkiston jadidlari tomonidan tashkil etilgan yashirin tashkilot (1920—25) Munavvarqori va Sadriddinxon Sharifxoʻjayev tashabbusi b-n Toshkentda tuzilgan. «Turk adam markaziyat (federalistlar) firqasi» (1917-y., iyul) «Ittihod va taraqqiy» («Ittihodi taraqqiy», 1917 — 20) yashirin tashkilotlari asosida tashkil topgan. «Milliy ittihod» bolsheviklar rejimiga qarshi kurashda sovet muassasalarida xizmat qilayotgan milliy rahbar xodimlarga tayangan va oʻz oldiga Turkistonda milliy mustaqil davlatni barpo etishni bosh maqsad qilib qoʻydi.

«Milliy ittihod»ning oʻzagini oʻz Vatanining mustaqil boʻlishi yoʻlida kurashga tayyor boʻlgan taraqqiyparvar ziyolilar tashkil etdilar.

«Milliy ittihodi» tashkiloti faoliyatida Munavvarqoridan tashqari, T. Jonuzoqov, Ashurali Zohiriy, U. Asadullahoʻjayev, Sayd Ahroriy, S. Sharifxoʻjayev, Salimxon Tillaxonov va b. muhim rol oʻynashdi. 1920-y. dan boshlab tashkilotning Toshkent, Fargʻona, Samarqand, Buxoro va Xorazm shoʻbalari tashkil qilindi. 1920-y. noyab. da Munavvarkrrining Buxoroga borishi va Buxoro Xalq Sovet Respublikasi Maorif nozirligida vaqf boʻlimi mudiri vazifasida ishlashi bilan tashkilot markazi Toshkentdan Buxoroga koʻchdi. Buxoroda 5 kishidan iborat Markaziy Qoʻmita tashkil qilinib, unga Saʼdullaxoʻja Tursunxoʻjayev, Abduqodir Qush-begiyev va b. kiritiladi. Tashkilot qayta tuzilib, uning yangi dasturi va nizomi ishlab chiqiladi, muxri tasdiqlanadi. Munavvarkrri Toshkentda GPU tomonidan qamoqqa olingach (1921-y. 30 mart — 1 dek.), maʼlum muddat tashkilot faoliyatida qatnashmadi. Yosh buxoroliklar firqasining sobiq aʼzolari (Fitrat, Otaulla Xoʻjayev, Mukammil Burxonov, A. Muhiddinov, Usmon Xoʻja, Muinjon Aminov, Porso Xoʻjayev va b.) «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatida ishtirok qildilar. Validiyning Buxoroga kelishi va Turkiston milliy birligi tashkiloti tuzilishi bilan (1921-y. avg.) «Milliy ittihod» faoliyati yanada kuchaydi. Keyinchalik Choʻlpon, S. Mirjalilov, O. Maxmudov, Toshpoʻlatbek Norboʻtabekov, Bekjon Rahmonov ham tashkilot faoliyatiga yaqindan yordam berdilar.

«Milliy ittihod» tashkilotining shu vaqtdagi asosiy maqsadi Buxoro respublikasi, umuman, Turkiston mintaqasini sovetlashtirish va ruslashtirish taʼsiridan saqlab qolish, yurt mustaqilligiga erishish edi.

«Milliy ittihod» tashkiloti aʼzolari mavjud tuzumga qarshi qurolli harakat rahbarlari bilan aloqa oʻrnatib, Rahmonqul qoʻrboshi huzuriga S. Sharifxoʻjayev, Usmonxoʻja Toʻxtaxoʻjayev va Tangriqulxoji Maqsudiylarni gʻoyaviy mafkurachilar sifatida yubordi (1921-y. mart). Keyinchalik S. Sharifxoʻjayev qisqa muddat qamoqda boʻlgach, Salim Posho bilan birgalikda avval Afgʻoniston, soʻnfa Eronga oʻtib ketdi (1923-y. iyul).

Oʻrta Osiyoda milliyhududiy chegaralanish oʻtkazilishi arafasida — 1924-y. oxirlarida tashkilot markazi qayta Toshkentga koʻchadi. Viloyat shoʻbalari yangi xodimlar bilan kengaytiriladi. Oʻzbekiston SSR tashkil topgach, GPU tomonidan har tomonlama siquv ostiga olingan «Milliy ittihod» 1925-y. boshlarida oʻzini tarqatilgan, deb eʼlon qiladi va keyinchalik uning asosida «Milliy istiklol» tashkiloti tuziladi. Bu yashirin tashkilot 1926—29 y. larda mavjud boʻlib, uning faoliyatida S. Tillaxonov muhim rol oʻynaydi. Keyinchalik buxorolik va fargʻonalik milliy ittihodchilar ham bu tashkilotga kelib qoʻshilganlar. «Milliy istiklol» tashkiloti nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun Oʻrta Osiyoda demokratik respublika tamoyillariga asoslangan tuzum oʻrnatishni oʻz faoliyatining asosiy yoʻnalishi, deb hisobladi. Biroq sovet davlati mustahkamlana boshlanishi bilan tashkilot oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻldi. 1929-y. noyab. da Toshkentda Munavvarkrri boshchiligidagi 38 kishi (keyinchalik ularning soni 87 kishiga yetdi) bu tashkilotning aʼzosi sifatida qamoqqa olindi. Ter-gov jarayoni keyinchalik Toshkentdan Moskvaga koʻchirildi va ular qatagʻon qilindi (yana q. «Oʻzbekiston Respublikasi» maxsus jildining Tarix boʻlimi).

Ad.: Munavvar qori Abdurashidxonov, Tanlangan asarlar, T., 2003; Vali d i y , Boʻlinganni boʻri yer. Turkiston xalqlarining milliy mustaqillik uchun kurashi tarixidan [Xotiralar] T., 1997; Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash, T., 1999; Oʻzbekistonning yangi tarixi. 2-kitob [Oʻzbekiston sovet mustamlakachiligi davrida], T., 2000; Rajabov Q., Buxoroga qizil armiya bosqini va unga qarshi kurash, T., 2002.

Naim Karimov, Qahramon Rajabov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x