Millatni uygʻotuvchi nido

Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligiga

 

Nima uchun har bir oʻzbek xonadoniga “Oʻtkan kunlar” kirib borishi va oʻqilishi shart?

Badiiy asar inson bekorchilikda shunchaki vaqt oʻtkazish uchun varaqlab chiqadigan ermak emas. Unda muallifning inson, hayot va jamiyat haqidagi maqsad va gʻoyalari aks etadi. Kechaning saboqlari, bugunning ahvoli va ertangi kundan koʻzlangan maqsad va umid badiiy tarzda ifoda etiladi. Shu sabab baʼzi asarlarni faqat voqealar mazmunini bilish uchungina bir bor oʻqish kifoya qilmaydi. Bunday asarlar qayta-qayta qoʻlma-qoʻl oʻqilaveradi va oʻqilgani sari har bir oʻquvchi hayotida tobora mustahkam oʻrin egallab boraveradi.

Buyuk yozuvchi Abdulla Qodiriyning bundan roppa-rosa yuz yil ilgari yaratgan “Oʻtkan kunlar” romani ayni shunday asardir. Bu asar, mana bir asrki, eng katta eʼtiroflarga sazovor boʻlib kelyapti. Romanni oʻqib chiqqan bir guruh ozarbayjonlik kitobxonlar Abdulla Qodiriyni “yozuvchilarning eng sarasi” sifatida eʼtirof etgani ham bejiz emas.

 

Quyoshsiz kunlar qaygʻusi

“1264-inchi hijriy, dalv oyining oʻn yettinchisi, qish kunlarining biri, quyosh botqan, tevarakdan shom azoni eshitiladir…”

“Oʻtkan kunlar” romani odatiy nurli va quyoshli kunning badiiy ifodasi bilan emas, aynan quyosh botgandan keyingi paytning tasviri bilan boshlangan. Qish va kunning botishi bir-birini toʻldiruvchi oʻziga xos muvofiqlikka ega. Lekin tevarakdan eshitilayotgan azon sadosi yuqoridagi tasvirdan ayricha holatni oʻquvchi xayoliga joylashtiradi. Goʻyo quyuq bir zulmat qaʼridan kichik bir yorugʻlik izlanayotganday, umid qilinayotganday taassurot qoldiradi. Muallifning butun maqsadi ana shu birinchi jumlada mujassam boʻlgan goʻyo.

Bu kitob har bir inson, oila, jamiyat va umumbashariyat uchun nima beradi? Bugungi shiddatkor, boshqacha aytganda, globallashuv zamonida bu savol atrofida mushohada yuritilsa, muallif maqsadi hamda asardan oʻquvchi nima olishi mumkinligi haqidagi masalaga uzil-kesil javob topish mumkin.

Asarda avvalo chin inson qanday boʻlishi zarurligi badiiy aks ettirilgan. Chinakam inson bor ekan, demak, u qaysidir muhtasham bir oilaning farzandi. Oila, ota-ona va farzand, qaynota-qaynona va kelin (kuyov), er va xotin oʻrtasidagi munosabatlar, qoʻyingki, asl inson oʻzini qayerda qanday tutishi zarurligi haqidagi batafsil koʻrsatmalar bayon qilinganki, asarni oʻqish asnosida har bir oʻquvchi asar qahramonlariga muqoyasa qilaroq oʻzini va oʻzligini tanish sari yoʻlga chiqadi.

 

Bezavol insoniylik

Bir qarashda asar ikki yoshning otashin muhabbatidan hikoya qilayotgandek taassurot qoldiradi. Dastavval Otabekning, keyinchalik Hasanali, Oʻzbek oyim, Yusufbek hoji kabi (Zaynabdan boshqa) oilaning barcha aʼzolarini oʻziga maftun etgan Kumushbibi timsolida nafaqat oʻzbek qizlarining bor milliyligi, odob-axloqi, xulqiy goʻzalligi, nafosati ramzi, balki bashariyat nuqtai nazarida chinakam inson qanday boʻlishi kerakligi haqidagi muallifning yuksak ideali ham aks etgan. Avvalo, shuni aytish muhimki, Kumush oʻziga yarasha xat-savodli, ilm-maʼrifatli ayol. Uning odob-ikromi, boshqalarga munosabati ham shunga muvofiq. U turmushga uzatilayotganda (garchi oʻzining fikri boshqa boʻlsa-da) ota-ona raʼyiga toʻla-toʻkis boʻysunadi. Hatto koʻz ochib koʻrgani bir kun kelib ota-ona orzusining qurboni sifatida boshiga kundashlik balosini solganda ham oʻzining barcha alam-iztiroblarini yashirin ravishda koʻzyoshlarida ifoda etadi. Otabek oldiga kelganida bu masalaga oʻz munosabatini “men rozi, men koʻndim…” soʻzlari bilan izhor etadi. Bu ayol kishi tabiatida topilishi mushkul boʻlgan eng nodir va tansiq holat. Yana toʻgʻrirogʻi, muallifning ijodiy idealidir. Hayotda esa arzimagan bir bahonai sabab bilan, koʻpincha asossiz rashk va shubha-gumonlar bilan san-manga borib, erining yoqasidan oladigan, turmush oʻrtogʻiga kun bermaydigan, oxir-oqibatda ajrashib ham qutulib boʻlmaydigan ayollar qancha?! Har qanday ayol birinchi navbatda oʻz nafsining huzuri yoki istak-xohishi emas, umid bilan bir yostiqqa bosh qoʻygan umr yoʻldoshi oldidagi ayollik vazifasi, itoati, xokisorligi va odobu hurmati bilan qadrli ekanini muallif Kumushbibi timsolida aks ettirgan. Ayolning ayol hamda rafiqa sifatidagi asl mavqei sababli millatimiz oilani hamisha muqaddas sanashi, totuvlik birinchi galda ayolning erga, oilaboshiga itoati bilan mustahkam boʻlishiga eʼtibor qaratgan. Kumushbibining hatto oʻlim talvasasida yotganida ham qaynotasini koʻrib, hurmat yuzasidan oʻrnidan turmoqchi boʻlgani voqeasi xalqimiz orasida zarbulmasalga aylanib ketgan. Uning oʻz ota-onasiga, eriga, qaynona-qaynotasiga nisbatan muomalasi har bir kishining havasini keltiradi.

Asarni oʻqiyotgan qizlar oʻzini Kumush sifatida tasavvur qiladi. Ota-onalar farzandining Kumushday boʻlishini orzulaydi. Kumush millatning asl qizi timsolini oʻzida toʻla-toʻkis mujassam etgan qahramon.

Uning Zaynab bilan tinimsiz olishuvlari ham xom sut emgan bir bandai ojizning real insoniy qusurlari tarzida tasvirlanadi. Agar muallif bu qahramonini oʻsha qusurlardan xoli tarzda qalamga olganida bu sunʼiylik asar badiiyatiga soya tashlagan boʻlar edi. Shu jihatlarni inobatga olib, adib oʻz idealidagi qahramonini Oltinbibi emas, Kumushbibi sifatida oʻquvchiga taqdim etdi.

Kumushbibining halokati maishiy turmushdagi mayda xudbinliklar dastida qilingan jaholat ogʻusi tufayli boʻldi.

 

Oʻzini yenggan timsol

Asar markazida turib, muallifning eng katta gʻoya va maqsadlarini aks ettiruvchi timsol bu – Otabek. Otabek chinakam oʻzbekona va milliy bir oilada tarbiya topgan. Oʻz davrining ilgʻor ilm maskanlaridan birida taʼlim olgan. Oʻz fikriga ega, nazari oʻtkir, oʻzi, oilasi va millati kelajagi uchun harakat qila oladigan yoshlardan biri. U savdo ishiga endigina kirgan, yosh va tajribasiz boʻlishiga qaramay, Margʻilondagi katta-katta savdogarlarning hurmati, ehtiromi va eʼtirofiga sabab boʻladi. Otabekning Ziyo shohichi, Akram hoji va Mirzakarim qutidor kabi akobir tijoratchilarni lol qoldirgan bir necha jihatlari bor edi. Avvalo, odob va bilimda boshqalarga oʻrnak boʻladigan yigit ekani boʻlsa, oʻzi yashab turgan jamiyat haqida mustaqil va xolis fikr egasi ekani mezbonlarni qoyil qoldiruvchi yana bir masala edi. Lekin Otabekning savdo bilan chet shaharlarga borgandagi ishlari tajribali va ustamon tijoratchilarni butkul ajablantirib qoʻyadi. Sababi, savdo ahli boshqa shaharga tijorat maqsadida borganda birinchi galda ishlari oʻngidan kelib, koʻproq daromad-foyda bilan qaytishni koʻzlaydi. Butun oʻy-xayoli shunga qaratiladi. Otabek esa, tujjorlarning bu aʼmolidan farqli ravishda borgan shahridagi davlat boshqarish, idora usullarini-da sinchiklab kuzatadi. Oʻz millatining bugungi zalolati sabablarini qidiradi, ertangi saodati uchun qaygʻuradi. Oʻzining choʻntagini toʻldiradigan uch-toʻrt soʻmdan koʻra, Otabek uchun ana shu ikkinchi jihat koʻproq eʼtiborli edi.

Oʻz millatida hech qanday masʼul lavozimni egallamagan fikri ochiq bir yigitning yurt va millat gʻamini yeb, shunday ishlar bilan qiziqishi oʻsha davr uchun noyob bir fazilat boʻlgani kabi oradan yana bir asrdan koʻproq vaqt oʻtgan bugungi kunimiz uchun ham hamon nodir va kamyob xususiyatdir.

Yurt manfaatini oʻz foyda-ziyonidan ustun qoʻyish, har qanday holatda yurt dardi bilan yashash, millat kelajagi uchun vijdoniy masʼullik kishini komillik sifatlaridan ekani maʼlum. Endigina yigirma toʻrtga qadam qoʻygan Otabekda esa bu kabi fazilatlar uning hayot tarziga aylanib boʻlgan. Uning uchun tijorat orqasidan katta foyda topib, shu bilan tirikchilik oʻtkazib kun koʻrish munosib ish emas. U inson sifatida yashashi uchun qorin va tirikchilik qaygʻusidan ham ulkanroq va muhimroq masala bor. Bu – millatning kelajagi qaygʻusi. Otabek oʻzini millat kelajagi uchun hamisha masʼul deb hisoblaydi. Millatning ertangi kuni uchun qoʻlidan kelganicha harakat qiladi. Adolatsizlik, mahalliychilik, mansab-martaba ilinjidagi olishuvlar, faqat nafs tuzogʻida boʻlish va oʻzaro mayda-chuyda kin-igʻvolarga qarshi davomli kurashadi. Hatto oʻz otasidan ham qattiqqoʻllik bilan shuni talab qiladi. Otabek shu xususiyati bilan tuzimning boshida turgan (Xudoyorxon, Musulmonqul, Azizbek kabi) rahnamolardan ham afzal turishini koʻpchilik eʼtirof etadi. Shu jihatdan Akram hojining “Agar xon koʻtarish manim qoʻlimda boʻlsa edi, xon qilib Otabekni koʻtarar edim…” deyishi hech bir mubolagʻa emas. Bu qahramonning nomidan ham ayon koʻrinib turibdiki, muallif nuqtai nazarida Otabek yurtning haqiqiy egasi. Shuning uchun ham yurtning boshiga tushajak qaygʻuli kunlar havotiri uni yurt ostonasi – Olmaotagacha olib bordi. U yurt mustaqilligi yoʻlida birinchilardan boʻlib kurashdi va shahid boʻldi. Aslida uni oʻldirgan behimmat yurtogʻalarining jaholati edi.

 

Millat otaligʻi

Otabekday yigitni tarbiyalab voyaga yetkazgan xonadon muallif idealini ham oʻziga mujassam koʻrsatadi. Otabekni millatparvar bir qahramon qilib tarbiyalagan Yusufbek hoji aslida bunday tarbiyani jamiyatning har bir kishisiga ilingan edi. Afsuski, bosar-tusarini bilmagan bek va bekzodalar, amaldor va zodagonlar uning soʻzini quloqqa olishmadi. Hatto buning uchun hojini dor tagiga ravona qilishmoqchi boʻlishdi. Yusufbek hoji esa oilada ham, jamiyatda ham ogʻir-bosiqlik bilan hukm chiqarib, tinch-totuv hamda adolatli hayot kechirish tarafdori boʻldi. Oilada uning gapini olmagan Oʻzbek oyim “nafasi oʻtkir domla” axtarib, eshikma-eshik sarson boʻlganlari hech bir naf bermadi. Oʻz holidan otasiga xabar bermagan oʻgʻil Toshkent va Margʻilon oʻrtasida yillarcha besamar qatnab yura berdi. Qaynotasi pandiga iltifot qilmagan kelinlar qismati ayanchli yakun topdi. Biri halok boʻldi, ikkinchi biri oʻlimdan ham ogʻirroq koʻyga tushdi.

Asar boshlanishidagi quyoshning botishi tasviri jaholat botqogʻida qolgan millat ifodasi edi. Qorongʻulikda yoʻlini yoʻqotgan millat oʻzining asl vazifasi qolib, behuda hoy-havaslar yoʻlida ilgarilab ketdi. Millat va kelajak gʻamini unutib, ogʻaynilar bir-biriga qilich qayraydigan boʻldi. Asl dushman kim ekanligi mulohaza qilinmadi. Bu holatdan unumli foydalanib qolganlar bu buyuk va qudratli millatni jahon sahnasidan mahv eta boshladi. Millat bor boʻyicha tanazzulga yuz tutdi.

Muallif bosh qahramoni Otabek tilidan “mozoristonda “hayya alalfalah” xitobini kim eshitar edi…” jumlasini keltiradi. “Hayya alal falah” – azon kalimalari tarkibidagi odamlarni najotga daʼvat qiluvchi nido. Bunday nidoni marhumlarga hech bir foydasi yoʻq. Agar millatda Otabek, Yusufbek hoji singari qalbi tirik kishilar boʻlsa, ular albatta najotga shoshishi zarur. Asar boshlanishida keltirilgan azon ovozi xalqni jaholat uygʻusidan uygʻotuvchi hamda najotga undovchi ulkan bir chorlov ham edi. Afsus, muallifning bu chorlovini eshitadigan va tushunadigan kishi boʻlmaganidan unga 1938 yil 4 oktyabr kuni hukm oʻqilishidan bir kun oldin marhumlar safidan joy berildi. Lekin yaxshilikning umriga birgina oʻq bilan nuqta qoʻyib boʻlmaydi. Abdulla Qodiriy boshlab bergan har bir insonni millat kelajagiga daxldorigini anglatib turuvchi buyuk daʼvat adib qoldirib kelgan ulkan asarlar sifatida yangrab turaveradi.

 

Abdukarim AVAZBEKOV

 

od-press.uz

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/millatni-uygotuvchi-nido/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x