METALLURGIYA

METALLURGIYA (yun. metallurgeo – yerdan qazib chiqaraman) — rudalardan yoki tarkibida metall boʻlgan moddalardan metallar ajratib olish va metall qotishmalarga tegishli xossalar «berish» haqidagi fan; sanoat tarmogʻi. Metalli rudalardan metallarni ajratib olish qadimdan maʼlum. Arxeologik qazishmalarning dalolat berishicha, mil. av. 7—6-asrlardayoq ajdodlarimiz mis olish sirlarini bilishgan. Mil. av. 2-ming yillikda misning qalay bilan qotishmasi — bronza ishlatila boshladi; taxm. shu ming yillik oʻrtalaridan temir eritib olish boshlandi. Bunda rudalarni qoʻrada 1100 — 1350° t-rada bevosita qizdirib qaytarish usuli (eng oddiy usul) da temir olinardi. Oradan ancha vaqt oʻtib (14-a. oʻrtalaridan) choʻyan (q. Domna ishlab chiqarishi), keyinroq (15-a. da) poʻlat olinadigan boʻldi. Poʻlat oʻtga chidamli idish — tigelda olingan. Oʻrta asrlarda sharqda oʻziga xos tuzilishga ega boʻlgan «naqsh»li «sinmas» poʻlat — damashq poʻlati olish sirlarini bilishgan. Undan oʻtkir tigʻli qurollar (mas, qilich) yasashgan. Metallurgiyaga oid maʼlumotlar Abu Rayhon Beruniy asarlarida uchraydi. Keyin birin-ketin bessemer jarayoni, marten (q. Marten ishlab chikarishi) va tomas jarayoni qoʻllanila boshladi. Metallurgiya fan sifatida asosan 18-a. ikkinchi yarmidan rivojlana boshladi. M. V. Lomonosovaing 1763-y. da yozgan «Metallurgiyaning boshlangʻich asoslari va ruda ishlari» kitobida Metallurgiya asoslari yoritilgan. Rus olimi P. P. Anosov (1799—1851) damashq poʻlatini olishning ilmiy asosini ishlab chiqdi. D. I. Mendeleyev ham Metallurgiya fani taraqqiyotiga katta hissa qoʻshgan.

Metallurgiya quyidagi jarayonlarni oʻz ichiga oladi: rudalardan metall ajratib olish maqsadida ularga ishlov berish (rudalarni maydalash, boyitish, boʻlaklash va b.); metallarni begona aralashmalardan tozalash (rafinatsiyalash); metall va qrtishmalarni olishning gidrometallurgiya, pirometallurgiya, shu jum ladan, metallotermiya va elektrolitik (q. Elektroliz) usullarni tadqiq qilish; metall kukunlar olish va ulardan buyumlar tayyorlash (q. Kukun metallurgiyasi); metallarni termik (issiklik b-n) ishlash, bosim bilan ishlash, quyish, payvandlash, kavsharlash, metallar sirtiga ximoya katlami surkash (purkash) va b. M. ning muhim sohasi — metallshunoslik.

Metallurgiyaning taraqqiyoti metall va qotishmalarni uzluksiz quyish, ularga vaku-umda ishlov berish, ularni elektr pechlar, elektr-shlakli, elektr-nurli va plazmali qurilmalarda olish, dupleksjarayon va tripleksjarayon usullarini qoʻllashni yanada rivojlantirish bilan bogʻliq.

Metallurgiya fizikaviy kimyo, fizika, issiqlik texnikasi, elektrotexnika, kibernetika, iqtisodiyot, i. ch. ni avtomatlashtirish va boshqarish, koinotni oʻzlashtirish borasidagi i. t. larga suyanadi. Metallurgiya yana konchilik sanoati, kimyo sanoati, mashinasozlik, oʻtga chidamli materiallar ishlab chiqarish tarmogʻi va b. tarmoqlar bilan bogʻliq (q. Rangli metallurgiya, Qora metallurgiya).

Ad.: Mirboboyev V. A., Vasilyev G. P., Metallar texnologiyasi, T., 1971.

Fatxulla Abdullayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x