MARDIKORLIK

MARDIKORLIK — 1) oʻrta asrlarda Oʻrta Osiyoda markaziy (xon, amir) yoki mahalliy hukumat farmoni bilan natural majburiyatni bajarish, shuningdek, katta yer egalari yerida ishlovchi dehqonlar mehnatidan foydalanish. Kanal qazish, uni taʼmir qilish, harbiy istehkomlar qurish va b. ogʻir yumushlarni bajarishda mardikorlar — safarbar qilinganlardan foydalanilgan. Baʼzan markaziy hukumat farmoni bilan Mardikorlikka viloyatlar aholisi jalb etilgan. Bunday Mardikorlik «mardi vilo» deb atalgan. Mas, 1559—80 y. larda Xoja Saʼd Joʻyboriy Vaxsh daryosida (Vaxshi Hisor viloyatida) kanal qurganda shayboniylardan Abdullaxonning yorligʻiga binoan, Hisor, Qabodiyon, Denov va b. tumanlarning aholisi uchun «mardi vilo» eʼlon qilinib, kanal qurilishiga 10 ming kishi safarbar etilgan.

2) 1-jahon urushi davrida podsho Rossiyasidagi chekka oʻlkalardan front orqasiga majburan safarbar qilingan erkaklar mehnati. Maʼlumki, chor hukumati oʻlkada mustamlakachilik siyosatini kuchaytirib, uni Rossiyaning xom ashyo manbai, tayyor mahsulot bozoriga aylantirdi. Natijada tub aholi qash-shoqlashdi, zoʻravonlik va zulm azobini tortdi. Ayniqsa, 1jahon urushining boshlanishi shunday ham ogʻir hayotni yanada yomonlashishiga olib keldi. Shunday sharoit hukm surayotgan bir paytda 1916-y. 25-iyunda podsho Nikolay II ning «Imperiyadagi rus boʻlmagan erkak aholini harakatdagi armiya r-nida harbiy inshootlar va, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur boʻlgan boshqa har qanday ishlarga jalb qilish» farmoniga muvofiq, Sibir, Qozogʻiston, Oʻrta Osiyo va Gruziya mahalliy aholisidan 19 yoshdan 43 yoshgacha boʻlgan 400 ming erkak safarbar qilinishi moʻljallandi, jumladan, Turkistondan 250 ming kishi safarbar qilinishi kerak edi. Bu farmon tub aholini qaxr-gʻazabi va noroziligini yanada qoʻzgʻatib, qoʻzgolon koʻtarilishigaturtki boʻldi. Mustamlakachilik siyosati va Mardikorlikka safarbar etishga qarshi qaratilgan xalq kurashi shafqatsizlarcha bostirildi. Shundan keyin chor hukumati imperator farmonini amalga oshirishga kirishdi. Bu harakat xalq orasida «Mardikorlikka olish» nomi b-n yuritildi. Chor maʼ-muriyati olinadigan mardikorlarning sonini quyidagi tarzda belgiladi: Sirdaryo viloyatidan 60000, Fargʻona viloyatidan 51233, Samarqand viloyatidan 32407, Yettisuv viloyatidan 43000, Kaspiyorti viloyatidan 13830, jami — 200470 kishi yuborilishi shart boʻlgan. Ammo, xalqning qarshiligi tufayli 123000 dan ortiq mardikor safarbar qilishga erishildi. Ulardan 101600 kishi Rossiyaning shim. iga, 4000 kishi Sibirga, 7405 kishi Kavkazga oʻrnashtirildi. 10 mingdan ortiq kishilar Turkiston oʻlkasida ishlatildi. Ular Moskva, Peterburg, Ryazan, Tula, Oryol, Smolensk, Kozon, Samara, Perm, Yekaterinburg, Orenburg, Kiyev, Xarkov, Yekaterinoslav, Odessa, Zaporojye, Kerch, Tbilisi, Botumi va b. joylarda ishladilar. Ularga arzimagan ish haqi toʻlangan, turar joylari ham ancha xarob boʻlgan. Mardikorlar harbiy va oddiy sanoat korxonalarida, konlarda, temir yoʻllar qurilishlarida, oʻrmonlarda va ayrim sanoatchi sarmoyadorlar (kapitalistlar)ning xoʻjaliklarida ishlatildi. Ular ochlikdan, sovuqdan, xoʻrlik va mashaqqatli mehnatdan koʻp azob-uqubatlarni boshlaridan kechirdilar. Ularning orasida oʻlganlar va ogʻir dardga chalinganlar boʻldi, boqimandasiz qolgan xotin va bolalari ham nihoyatda qashshoqlashgan edi. Mardikorlar 1917-y. chor hukumati agʻdarilgandan keyin yurtlariga qashshoklashgan holda qaytdilar (yana q. Jizzax koʻzgʻoloni, Oʻrta Osiyo qoʻzgʻoloni).

3) xonadonlardagi yumushlarni bajarish uchun ogʻzaki kelishuv asosida muayyan haq evaziga xususiy shaxslarga ishbay yoki vaqtbay yollanib ishlash.

Hamid Ziyoyev, Nuriddin Musayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x