MALIKSHOH

MALIKSHOH, Abulfath Jaloliddin (1055—1092) — saljuqiylar sultoni (1072—92). Malikshoh 1072-y. otasi Alp Arslon oʻrniga taxtga oʻtirgan va davlatni vazir Nizomulmulknit kuchli taʼsiri ostida boshqargan. Nizomulmulk uning otasi davrida ham vazir boʻlib, yosh Malikshohga murabbiylik ham qilgan, Malikshoh uni oʻz homiysi — otabek deb atagan. Malikshoh otasi kabi iqtidorli sarkarda boʻlgan. Uning hukmronligi davrida Saljuqiylar davlati hududi juda ham kengaygan (Qashqardan Oʻrta dengizgacha, Kavkaz va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻigacha), davlatning kuch-qudrati oʻzining yuqori choʻqqisiga yetgan. Malikshohga harbiy jasoratlardan koʻra, Nizomulmulkning mamlakat ichki siyosatida olib borgan faoliyati koʻproq shuhrat keltirgan: vayron boʻlgan shahar, qishloqlar tiklangan, aloqa yoʻllari yaxshilangan, koʻplab xonaqohlar, masjidlar, karvonsaroylar, rasadxonalar qurilgan. Umar Xayyom M. topshirigʻiga koʻra, sosoniylarnipt shamsiy taqvimini isloh etib, yangi taqvim tayyorlagan (u «Malikiy yil hisobi» yoxud «Jalol erasi» nomi b-n mashhur). Nishopur, Basra, Isfahon, Hirotda madrasalar qurilgan, xususan, Bagʻdoddagi «Nizomiya» madrasasi butun jahonga mashhur boʻlgan. Olimlarga homiylik qilingan. Saroyda muntazam suratda shoirlar anjumani boʻlib turgan. Mamlakatda diniy tolerantlik ustun boʻlgan; M. garchi sunniy boʻlsada, shia imomlari maqbaralarini ziyorat qilgan. Saltanatdagi tartibni shaxsan nazorat qilish uchun Malikshoh hayoti chogʻida davlat hududini 10-marta kezib chiqqan. U saltanatni 12 ta viloyat — mulkka ajratib, ularni saljuqiy amirlar va lashkarboshilarga iqto tariqasida bergan. Malikshoh hukmronligining soʻnggi davrida hashshoshiylar siyosat maydoniga chiqqanlar.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x