MAHMUDBIY

MAHMUDBIY, Mahmud Qatagʻon (taxm. 17-a. 1-yarmi — 18-a. boshi) — ashtarxoniylar davridagi nufuzli amaldor, otaliq. Toxariston (1683-y. dan), Balx va Badaxshon hokimi (1688-y. dan). M. Movarounnahrning 17-a. 1-yarmidagi ijtimoiysiyosiy hayotida muhim rol oʻynagan. Imomqulixon davrida (1611— 42) Qunduz M. ning yurti va Toxaristonning Toliqon, Kishm kabi tumanlarini birlashtirgan mulk markaziga aylangan. Mahmudbiy otaliq davrida Ishkamish Qunduzga tobe ettirilgan. 1685-y. M. Bayot qoradan Toliqonni tortib olgan. 1686—87 y. larda Anushaxon Xiva qoʻshini bilan Samarqand va Buxoroga hujum qilganda Subhonqulixon M. dan yordam soʻragan. U bu paytda Toxariston xrkimi (1683-y. dan) edi, u xivaliklarni quvib yuborib, Xoʻjand va Hisordagi gʻalayonlarni bostirishda katta rol oʻynagan. 1688-y. avg. da Balx va Badaxshon Mahmudbiyga inʼom etilgan. M. Buxorodan mustaqil ravishda siyosat yurgiza boshlagan. 1691-y. Badaxshonda yoriylar sulolasi asoschisi Mir Yorbekni magʻlubiyatga uchratgan. 1695-y. fev. da Mahmudbiy otaliqqa qarshi Balx atrofidagi quramalar isyon koʻtarganlar. M. Buxoroga, Subhonqulixonga odam yuborib shahzoda Muhammad Muqim sultonni yordamga soʻragan. Biroq xon buni rad etgan. M. Balx taxtiga mashhur sufiy Muhammad Porsoning avlodi Solih-xoʻjani oʻtqazgan. Xon Mahmudbiydan norozi boʻlib, maktub joʻnatgan. Mahmudbiy vaziyat taqozosi bilan shunday qilganini, agarda xon Muhammad Muqim sultonni joʻnatsa, Solihxoʻjani oʻrniga taxtga oʻtqazishini maʼlum qilgan. Yozishmalar 2,5 yil davom etgan. Subhonqulixon Mahmudbiyni Qunduzdagi isyonni bostirishga yuborgan va uning yoʻqligidan foydalanib, Balxga yurish qilgan. Solihxoʻja Qun-duzdan Mahmudbiyni chaqirtirgan. M. Balx mudofaasiga kirishgan, qamal 20 kun davom etgan, nihoyat, oʻrtada sulh tuzilib xon orqaga qaytgan. Biroq Mahmudbiyni koʻchmanchiharbiy zodagonlar qoʻllab-quvvatlamagan. 1697-y. avg. da boshboshdoqlik kuchaygan va M. Subhonqulixonning talabiga koʻnishga majbur boʻlgan. Solihxoʻjani Hindistonga joʻnatib, Balxni Muhammad Muqim sultonga topshirgan. 1697-y. koʻchmanchi qabilalar boshliqlari (ming, saroy) oʻrtasida saroyda yuqori mavqega ega boʻlish uchun kurash boshlangan, unda Odilbiy va Shohniyozbiylar gʻalaba qilib, Mahmudbiyni otaliq mansabidan tushirganlar. M. Qunduzdan Balxga yurish qilgan. Muqimxon uni yana otaliq etib tayinlagan. 1703-y. mayda Balx atrofiga Termiz qoʻngʻirotlari bosqin qilgan, ularga qarshi Mahmudbiy qoʻshin tortib gʻalaba qilgan, ulardan Qubodiyonni tortib olgan (noyab.). 1704—06 y. larda Buxoro bilan Balx oʻrtasida Termiz uchun qattiq kurash ketgan. Unda dastlab Mahmudbiy ustun kelgan, 1704-y. sent. da u Termizni egallagan. 1707-y. martda beklar fitnasi natijasida M. Muhammad Muqimxonni qatl ettirgan. Shu bahonada Ubay-dullaxon Balxga yurish qilgan (may), 1 oyga yaqin qamal qilib 27-mayda shaharni egallagan. Mahmudbiy Xiyobon darvozasi orq-ali qochgan. 1709-y. sentda M. Gʻur viloyatiga bosqin qilgan. Ubaydullaxon unga qarshi chora koʻra olmagan, bunga xonliqdagi beklar oʻrtasidagi ichki nizolar yoʻl qoʻymagan. 1711-y. M. mashhur shoir Mashrabii qatl ettirgan.

Ad.: Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982; Axmedov B. A., Istoriko-geografi-cheskaya literatura Sredney Azii XVI—XVIII vv., Pismennыye pamyatniki, T., 1985; Istoriya Uzbekistana, t. 3, T., 1993; Materialы po istorii Sredney i Sentralnoy Azii X-XIX vv., T., 1988.

Faxriddin Hasanov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x