MAʼRIFATCHILIK

MAʼRIFATCHILIKmadaniyat va maʼnaviyat sohasidagi oqim. Uning negizini fan, bilim imkoniyatlariga katta ishonch tashkil qiladi. Maʼri-fatchilar bilimlar yordamida ijtimoiy hayotdagi nomutanosibliklar va kamchiliklarni bartaraf qilish mumkinligiga ishonganlar. Shu nuqtayi nazardan Maʼrifatchilikni mafkuraviy, ijtimoiy-falsafiy oqim deyish mumkin. Ilm-fanni egallash va targʻib qilish qad. zamonlarda boshlangan boʻlsada, Maʼrifatchilik oqim sifatida Gʻarbda 17-a. oxiri — 18-a. boshlarida, Sharqda esa 19-a. ning oxiri — 20-a. boshlarida maydonga keldi.

Yunonistonda Demokrit, Sokrat, Platon, Aristotel singari faylasuflar, Qad. Xitoyda Konfutsiy, Oʻrta Osiyoda Kaykovus, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Xorazmiy, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy kabi allomalar fanning ulkan ahamiyatini eʼtirof etib, keng targʻib qilganlar. Ularning gʻoyalari tom maʼnodagi Maʼrifatchilik gʻoyalari edi. M. Gʻarbda ham, Sharqsa ham bir necha umumiy xususiyatga ega boʻlib, diniy aqidapara-stlikka qarshi qaratilgan va turlicha davom etgan. Gʻarb maʼrifatchiligining Volter, Monteskye, Kondilyak, La-metri, Golbax, Didro, Gelvetsii, Mabli, Morelli, Kondorse va b. vakillari diniy aqidaparastlikni tanqid qilish bilan cheklanmay, umuman dinga qarshi kurash olib bordilar. Gʻarb maʼrifatchiligi dahriylik xususiyatini kasb etdi, bu uning asosiy belgilaridan biriga aylandi.

Sharq maʼrifatchiligi umuman dinga qarshi emas, balki diniy aqidaparastlikka qarshi boʻldi. Sharqdagi Maʼrifatchilikning yirik namoyandalari Ismoil-bek Gasprinskiy, Zakiy Validiy, Mahmudxoʻja Behbudiy, Fitrat, Munav-varqori, Abdulla Avloniy kabilar diniy aqidaparastlikka qarshi keskin kurash olib bordilar, lekin bu kurash dahriylik mavqeidan emas, moʻtadil dindorlik mavqeidan olib borildi. Ularning kupi dindor, baʼzilari esa (M. Behbudiy) diniy ulamo boʻlgan. Gʻarb maʼrifatchiligi zamindorlar va monarxiyaga qarshi kurash bayrogʻi ostida oʻtdi. 1789-y. Buyuk fransuz inqilobish keltirib chiqargan sabablar orasida Maʼrifatchilik muhim oʻrin tutadi. Sharq, xususan, Oʻrta Osiyo maʼrifatchilari keskin siyosiy talablarni olgʻa surishmadi. Ular jamiyatni savodli qilish orqali adolatli va farovon turmushga erishmoqchi boʻldilar. Gʻarbda maʼrifatchilar koʻproq tabiiy fanlarga murojaat qilishdi. Chunki yuqorida nomlari zikr etilgan gʻarblik maʼrifatchilarning deyarli barchasi ayni paytda tabiatshunos olim boʻlib, ularning koʻpchiligi tabiatshunoslik rivojiga oʻz hissasini qoʻshgan. Sharkda faqat tabiiy fanlarga emas, umuman ilm-fanga, sogʻlom fikrga, mantiqqa murojaat qilishdi. Ular xalqni roʻshnolikka chiqarishning asosiy yoʻli — uni savodli qilish, ortiqcha sarfxarajatlar talab qiladigan marosimlarga qarshi kurashda deb bilishdi. Shu b-n birga, ular diniy aqidaparastlikka qarshi kurashda faqat dunyoviy fanlardan emas, Qurʼon oyatlari va paygʻambar hadislaridan ham foydalanishdi, zero ularning koʻpchiligi mu-ayyan diniy bilimlarni ham egallagan edi.

Gʻarb maʼrifatchilari cherkov tomonidan taʼqib va tazyiq ostiga olindi. Lekin 17-a. oxiri — 18-a. boshlarida Yevropada demokratik muassasalar tarkib topa boshlagani, soʻz erkinligi va vijdon erkinligi tamoyillari amal qila boshlagani uchun cherkov ularga sezilarli zarba bera olmadi. Oʻrta Osiyoda esa 19-a. soʻnggi choragida rivojlana boshlagan Maʼrifatchilik harakati vakillari koʻplab qurbon berdilar. 20-a. boshida jadidlar harakati (q. Jadidchilik) ikkiga boʻlinib, aqidaparastlar kuchayib keta boshlagach, maʼrifatchilar koʻp talofat kura boshladilar. Ularning koʻp qismi taʼqib va sazoyi qilindi. 1918—19 y. larda aqidaparast ulamolarning fatvosi b-n minglab maʼrifatchilar va ularga xayrixoh kishilar jismonan yoʻqotildi. Shoʻrolar davri tarix va falsafa fanida maʼrifatchilarga idealizm vakillari, deb baho berilgan. Chunki maʼrifatchilar jamiyatni rivojlantirishga inqilobiy toʻntarishlar bilan emas, yaxshilikni, adolatni, bilimlarni targʻib qilish yoʻli b-n erishmoqchi boʻlgan edilar. Shoʻrolar davlati siyosiy amaliyotida esa ularga xalq dushmanlari yorligʻi yopishtirildi, ular jazolandi yoki qatl etidsi.

Oʻzbekistonda mustaqillik qoʻlga kiritilgach, maʼrifatchilarga istiqlolning maʼnaviynazariy asoschilari deb baho berish ustuvorlik qila boshladi. Aslida rus mustamlakachiligi davrida maʼrifatchilar orasida Rossiya bilan birga rivojlanishni targʻib qiluvchilar oz emasdi. Qanday boʻlmasin, maʼrifatchilar xalqimizning madaniy, maʼnaviy rivojlanish tarixida katta oʻrin tutadi.

Ad:. Oyina (1914-1915-y.), T., 2001; Sharafuddinov O., Istikdol fidokorlari: Mustafo Choʻqay, Choʻlpon, Otajon Hoshim, T., 1993; Karimov N., Milliy ozodlik kurashchilari va adabiyot, T., 1997; Jadidlik va milliy istiqlol tantanasi (Ilmiy maqolalar toʻplami), T., 2002.

Abdullajon Begmatov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x