Kriptorxizm – sabablari, belgilari, asoratlari va davolash usullari

Kriptorxizm – bu o‘g‘il bolalarda kuzatiladigan tug‘ma patologiya bo‘lib, urug‘donlarning (moyak) yorg‘oqqa tushmasligi bilan kechadigan kasallik. Chin va soxta kriptorxizmlar farqlanadi. Chin kriptorxizmda moyak son terisiga yoki qorin pardaga mahkam birikkan bo‘lsa, soxta kriptorxizmda esa moyak yorg‘oqqa tushib chiqib turadi.

Kriptorxizm sabablari

Kriptorxizm kelib chiqishiga eng ko‘p tarqalgan sabab tug‘ma xromosoma patologiyasidir. Bu onaning homiladorlik paytida o‘tqazilgan infeksion kasalligi natijasida yuzaga chiqadi. Kriptorxizmga sabab bo‘luvchi homiladorlik infeksiyalariga gripp, toksoplazmoz va qizamiq kiradi. Bulardan tashqari kriptorxizm homiladorlik vaqtida kimyoviy moddalarning embrionga ta’siri natijasida ham kelib chiqishi mumkin. Bularga kimyoviy bo‘yoqlar, detergentlar, neftni qayta ishlash vositalari va ba’zi bir dori preparatlari kiradi. Dori preparatlaridan homiladorlik paytida eng xavfli guruh nonarkotik analgetiklar: parasetamol, aspirin, ibuprofen va shu kabilar.

Kriptorxizm belgilari

Odatda kriptorxizm belgilari diagnozni qo‘yishda hech qanday qiyinchilik va anglashilmovchiliklar tug‘dirmaydi. Bola tug‘ilganda moyak(lar) ning yorg‘oqda joylashmaganligi bilan aniqlab olinadi. Afsuski, ko‘pchilik hollarda bola tug‘ilganda yorg‘oqlarni ko‘zdan kechirish e’tiborsizlik bilan bajariladi va bolakaylar uylariga chiqarib yuboriladi. Buning natijasida bolada og‘ir asoratlar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun vaqti vaqti bilan bolalar yorg‘oqi tekshirib turilgani maqsadga muvofiq.

kriptorxizm

Ayrim hollarda o‘z vaqtida urologga murojaat qilish ham foyda bermay qoladi. Bu agar shunga o‘xshash holat bo‘lsa, e’tiborda chetda qoldirsa bo‘ladi degani emas. Gap shundaki, agar bir moyak qorin bo‘shlig‘ida uzoq vaqt turib qolsa, u immunitet jarayonini faollashtirib, ikkinchi moyakka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunday holatlarga duchor bo‘lmaslik uchun o‘z vaqtida urolog konsultatsiyasini olib, o‘z vaqtida davo choralarini ko‘rish kerak.

Kriptorxizm diagnostikasi

Kriptorxizmda laborator ko‘rsatkichlar deyarli o‘zgarmaydi. Faqatgina qonda autoimmun reaksiyalar tufayli C-reaktiv oqsillar va boshqa yallig‘lanish oqsillari miqdori oshganligini ko‘rishimiz mumkin.

Eng ko‘p ma’lumot beradigan tekshirish usuli UTT (UZI) hisoblanadi. Unda yorg‘oqqa tushmay qolgan moyakning qayerda joylashganini aniq bilib olsa bo‘ladi. Agar moyak son terisi ostida joylashgan bo‘lsa, UTT tekshiruviga hojat yo‘q, agar moyak qorin bo‘shlig‘ida joylashgan bo‘lsa, UTT tekshiruvi zarur bo‘ladi. Ushbu tekshiruv usulidan maqsad moyak ageneziyasi degan patologiyani inkor etishdir. Moyak ageneziyasida tug‘ma moyaklarning yo‘qligi kuzatiladi. Yana bir ma’lumotli tekshirish usuli vazografiyadir. Bunda moyak qon tomiriga kontrast modda yuborib, rentgenografiya qilamiz. Tekshiruv yordamida moyakning qayerda joylashganidan tashqari, uning qay darajada rivojlanganligini ham aniqlab olsa bo‘ladi va bu bemorni kelajakda qanday davolash taktikasini tanlash kerakligini aniqlashtirib beradi.

Kriptorxizmni davolash

Kriptorxizm konservativ va operativ yo‘l bilan davolanadi. Operativ yo‘l agar moyaklar ikki yil ichida yorg‘oqqa tushmagan bo‘lsa o‘tkaziladi. Operativ usul operatsiya davomida aniqlanadi. Agar moyaklar tuzilishi va funksiyasi o‘zgarmagan, faqatgina joylashgan joyi o‘zgargan bo‘lsa moyakni yorg‘oqqa tushirib songa fiksatsiya qilib qo‘yiladi. Bu usul orxipeksiya deb nomlanadi. Agar operatsiya davomida moyakda boshqa patologiyalar aniqlansa yoki uning butunligi buzilgan bo‘lsa, moyak olib tashlanadi. Amaliyot shuni isbotlaydiki qancha erta yoshda orxipeksiya (operatsiya) bajarilsa, shuncha yaxshi effekt beradi. Bunda bolaning bepushtligi oldi olinadi, chov churralari uchrash xavfi kamayadi, moyaklarning aylanib qolishi xavfi kamayadi va bulardan tashqari bolaning psixik jarohat olishi kuzatilmaydi. Chunki bola o‘zini anglay boshlaganda o‘tkaziladigan operativ aralashuvlar bola psixikasiga ta’sir qilishi hech kimga sir emas.

Erta bolalik davrlarida kriptorxizmni konservativ usul bilan davolasa bo‘ladi ya’ni gormonlar bilan. Xorionik gonadotropin gormonini 6 oygacha bo‘lgan bolalarga berish shifokor tomonidan tavsiya etiladi. Bu usul bilan moyakning o‘zi yorg‘oqqa tushishiga erishiladi. Faqat konservativ davo maksimum 2 yoshgacha o‘tkazilishi kerak.

Ovqatlanishning o‘ziga xos tomonlari

Kriptorxizm aniq bir ovqatlanish rejimini talab qilmaydigan kasallik. Hayot tarzi ham oddiyligicha qolaveradi, faqatgina bolalarni jarohat olmaslikdan avaylash kerak, ayniqsa moyak son terisi ostida joylashgan bo‘lsa asorati xavflli bo‘lishi mumkin.

Operatsiyadan so‘ng bolani iloji boricha kamroq harakat qildirish kerak (vaqtincha), chunki qo‘yilgan choklar bo‘shashib ketish ehtimoli bor.

Kasallikdan keyingi reabilitatsiya

Operatsiyadan keyin birinchi navbatda psixologik tomondan tiklanish turadi. Ayniqsa jarrohlik amaliyoti o‘smirlik davrlarida bajarilgan bo‘lsa. Bunday yigitlar o‘zlarini tengdoshlari orasida “kamsitilganday” his qilishadi. Bu esa bolaga jiddiy ta’sir etib jinsiy hayotida ham o‘z o‘rnini bildiradi. Mana shuning uchun ham urolog mutaxassislar bola o‘zini anglamay turib operativ muolajani o‘tkazishni tavsiya etishadi. Agar qandaydir sabab bo‘llib, operativ muolaja bolalik davrida bajarilmay qolgan bo‘lsa, o‘smirni jarrohlik amaliyotigacha psixologik tayyorlab borish kerak. Buning uchun maktablardagi psixologloglar kursiga bir oz vaqt qatnash kifoya. Shunda bola o‘zidagi patologiyaga boshqacha “ko‘z” bilan qaraydi va sinfdoshlari orasida o‘zini erkin his qila oladi.

Kriptorxizmni xalq tabobati bilan davolash

Xalq tabobati “arsenali”da har qanday kasallikka qarshi “qurol” topiladi. Kriptorxizm holatida xalq tabobati turli xil vannalar va kompresslar (bog‘lamlar qo‘yish) qo‘yishni taklif qilishadi. Ularning barchasi moyaklarga jiddiy zarar yetkazib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun siz xalq tabobatining “avliyosi” bo‘lsangiz ham kriptorxizmni ko‘r-ko‘rona davolashga urina ko‘rmang. Aks hollarda hech qanday tibbiy davo choralari yordam bera olmasligi mumkin.

Kriptorxizm asoratlari

Organizmda normal spermatogenez jarayoni kechishi uchun tana haroratidan 2 C past harorat talab qilinadi. Mana shuning uchun ham moyaklar yorg‘oqda, ya’ni tanadan “tashqarida” joylashgan. Moyak qorin bo‘shlig‘ida joylashib qolishi spermatogenez jarayoniga ta’sir etib, bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari moyaklarning gormonal funksiyasi ham buziladi. Androgen gormonlarining ishlab chiqarilishi buzilishi tufayli o‘gil bolada ikkilamchi erkaklik belgilari rivojlanishi buziladi. Bunday bolalarda mo‘ylov, soqollar bo‘lmasligi, tana tuzilishi ayollarnikiga o‘xshab qolishi, balog‘atga yetganda esa impotensiya holatlari ham kuzatiladi. Chov kanalining to‘liq yopilmasligi sababli chov churralarining paydo bo‘lish xavfi ortadi.

Bir qator ilmiy izlanishlar shuni isbotladiki, yorg‘oqdan tashqarida joylashgan moyaklarning maliginizatsiyalanish xususiyati bor ekan. Kriptorxizm holatlarida yomon sifatli o‘smalar hosil bo‘lish xavfi 35-50 barobar oshadi. Masalan seminoma va embrional hujayraviy karsinoma kabilar (moyak qorin bo‘shlig‘ida joylashgan bo‘lsa). Ayniqsa moyaklar yorg‘oqdan ancha uzoqda joylashgan bo‘lsa, o‘smalar hosil bo‘lish xavfi 6 marotaba ortadi. Yuqorida qayd etganimizdek moyakning qorin bo‘shlig‘ida joylashishi tufayli gematotestikulyar barer funksiyasi buziladi va autoimmun jarayonlarni chaqiradi. Buning natijasida sog‘lom moyak ham shikastlanib qolish ehtimoli yuqori bo‘lib qoladi.

Kriptorxizm profilaktikasi

Kriptorxizmni davolash erta bolalik davrlaridan boshlanishini hisobga olib, kriptorxizm profilaktikasini homilador onada o‘tkazish kerak, ya’ni homilador ayolga ta’sir qiladigan salbiy faktorlarni kamaytish kerak. Ayniqsa homiladorlikning birinchi oyida e’tiborli bo‘lish kerak, chunki aynan shu vaqtda tug‘ilajak farzand organlari joylashishni boshlaydi. Bu davrda turli xil salbiy omillar ta’siri natijasida kriptorxizm kelib chiqish xavfi oshadi. Bunday holat kuzatilmasligi uchun homiladorlikni rejalashtish bilan amalga oshirish kerak. Avvalo ayol o‘zidagi barcha surunkali kasalliklarni davolashi zarur. Zamonaviy tibbiyot apparatlari homiladorlik vaqtida ham bo‘lajak farzanddagi genetik defektlarni aniqlash qobiliyatiga ega. Shuning uchun homilador ayol har qanday kimyoviy agentlardan uzoqroqda yurishi kerak, ayniqsa bunday holat uylarni ta’mirlayotganda ko‘proq uchraydi (kimyoviy bo‘yoqlar, qurilish materiallari kabi). Va qo‘shimcha sifatida homilador ayollar dori preparatlarni qabul qilayotganda ham e’tiborli bo‘lishlari talab etiladi. Bular ichidan nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar xavf guruhiga kiradi. Tibbiy izlanishlar shuni isbotladiki, kriptorxizm kelib chiqishiga homiladorlik vaqtida qabul qilingan parasetamolning yuqori dozalari sabab bo‘lar ekan. Shuning uchun homilador ayollarga nosteroid yallig‘lanishga qarshi vositalar o‘rniga boshqa analgetiklar tavsiya qilinadi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x