KOʻKYOʻTAL

KOʻKYOʻTAL (frans. cogueluche) – boʻgʻilib-boʻgʻilib yoʻtal tutishi bilan kechadigan oʻtkir yuqumli kasallik. Koʻpincha bolalarda uchraydi. Borde-Jangu tayoqchasi degan bakteriya qoʻzgʻatadi (uni kashf etgan belgiyalik J. Borde va fransiyalik O. Jangu nomidan). Havotomchi yoʻli orqali yuqadi. Kasal bola aksirganda, yoʻtalganda havoga tarqalgan shilliq tomchilaridagi Koʻkyoʻtal tayoqchasi sogʻlom bolaning nafas yoʻllari orqali organizmga kiradi.

Koʻkyoʻtal qoʻzgʻatuvchisi bola organizmida 2 — 15 kun davomida hech qanday kasallik alomatlarini paydo qilmasligi ham mumkin — bu inkubatsion davr. Keyinchalik bola bir oz yutala boshlaydi, yoʻtal kun sayin zoʻraya boradi, harorati koʻtariladi, bola injiq boʻlib qoladi, yaxshi uxlay olmaydi, ishtahasi yoʻqoladi, bu — kataral davr boʻlib, 2 haftagacha davom etadi. Bolaning ahvoli asta-sekin yomonlasha boradi, ketma-ket qattiq yoʻtaladi va ikkinchi haftaning oxiri, uchinchi haftaning boshlariga kelib, xurujsimon yoʻtalga aylanadi, kasallik uchinchi davrga — spazmatik davrga oʻtadi, u 1—5 hafta davom etadi. Yoʻtal tutish davri kasallikning asosiy va doimiy alomati boʻlib, yoʻtal 2—3-marta qattiq yoʻtalish bilan boshlanadi, keyin tinmay ketma-ket kalta-kalta yoʻtalaveradi va nafasi ichga tushib ketib, tovush yorigʻi qisqarishi natijasida «gʻiyq» degan tovush chiqadi. Yoʻtal tutganda bolaning yuzi avval qizarib, keyin koʻkaradi, koʻzi yoshlanib, unga qon quyilishi mumkin, tili osilib ketadi, boʻyin tomirlari boʻrtadi. Ozroq balgʻam koʻchishi va koʻpincha qayt qilish bilan yoʻtal tutishi toʻxtaydi. Yoʻtal tutgan paytida bolani koʻtarib olish yoki oʻtirgʻizib qoʻyish lozim, ogʻizda yigʻiladigan shilliq ajralishini kamaytirish uchun boshini sal oldinga engashtirib ushlab turish kerak. Yoʻtal tutmagan paytda bola oʻzini yaxshi sezadi. Bora-bora yoʻtal tutishi kamayadi, bolaning ruhi yengillashib, sogʻayish davri boshlanadi, budavr 1—3 hafta davom etadi. Bola kasallik boshlangan kunidan tortib 30 kungacha yuqumli hisoblanadi. Koʻkyoʻtalga qarshi ommaviy emlash tufayli Koʻkyoʻtalning yengilroq turi koʻproq uchraydi, bunda yoʻtal tutish davri juda yengil oʻtishi yoki yoʻtal tutmasligi ham mumkin. Emadigan va nimjon bolalarda Koʻkyoʻtal ogʻirroq kechadi. Koʻkyoʻtalning ogʻir xilidan keyin koʻpincha burun qonashi, bronxit, zotiljam (aksari goʻdaklarda) kabi asoratlar kuzatiladi.

Oldini olish. Shu maqsadda AKDS (adsorbirlangan kukyoʻtaldifteriyaqoqshol) vaksivasi qoʻllaniladi (bolalar 5, 6, 7 oyligida, keyin 1—2 yoshida va 6 yoshida vrach buyurganida emlanadi). Kasal boʻlmagan, lekin bemor bilan muloqotda boʻlgan bolalar maʼlum kungacha alohidalab qoʻyiladi.

Davosi. Kun tartibiga rioya qilish, sof havodan bahramand boʻlish, oz-ozdan, lekin dam-badam toʻyimli ovqat berib turish tavsiya etiladi. Bemorni vrach davolaydi. Koʻkyoʻtal bir umrga immunitet qoldiradi.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x