Joʻlomonga atalgan noma

Seni ilk marta taniganimda maktab oʻquvchisi edim. Dastlab sen haqingda oʻqiganimda, yovuz odamlar qoʻlida oʻyinchoq boʻlib, oʻz onangni otib oʻldirganing, hatto qoʻling qaltiramagani, yuraging jiz etmaganidan tang boʻlib qolganman. Kitobni oʻqigan boshqa doʻstlarim bilan oʻzaro tortishganmiz, “odam bolasi shunday qila olishi mumkinmi?” deya bir-birimizdan soʻraganmiz. Birov u degan, birov bu. Kimdir bunga ishongan, kimdir esa yoʻq. Xullas, sen biz uchun, xususan, men uchun jumboq qahramon boʻlib qolgan eding.

Keyinroq bu asarni (“Asrga tatigulik kun”) yana qayta-qayta oʻqidim. Seni yaratgan, dunyoga dongdor adib – Chingiz Aytmatovning sen orqali nima demoqchi ekanini anglashga urinishim ortidan koʻpdan-koʻp xulosalar, tahlillar chiqib kelaverdi, asar maʼno-mazmuniga singdirilgan gʻoya – xotira muqaddasligi, qadr azizligi, inson ularsiz aslida hech kim ekanligi  sen va sen kabilarning yozuvchi oʻylab topgan qiyofasiyu achchiq, ayanchli taqdirida chizib koʻrsatilganini tushundim.

Rosti, oʻsha paytlarda qiyofang menga biroz boʻrttirilganday tuyulgandi. Edigey Boʻron senga oʻxshatgan loqayd kimsa – otasining soʻnggi istagini bajarishdek muqaddas bir vazifadan osongina yuz burgan Sobitjon ham menga shunday tuyulgandi. Oradan vaqt oʻtdi, yillar shiddati sening qoʻlingdagi tarang tortilgan kamon singari emasmi, evrilayotgan zamon qanotida yangi-yangi gʻoyalaru qarashlar chiqa boshladi. Guruh-guruh kuchlar, turfa qudratlar jahonni oʻz qalamraviga olishga, hukmiga boʻysundirishga urinmoqda. Ularning xavfi bugungi axborot asri deb atalmish davrda sening oʻsha olis zamonangda sen kabilarni shafqatsizlarcha xotirangdan judo qilgan oʻsha yovuz qabila – jungjanglar qutqusiday xatarli, qoʻrqinch. Oʻzini turli-tuman nomlar bilan atayotgan, goh terrorchilik, goh missionerlik koʻrinishida jazava bilan toʻr yoyayotgan, uya qurayotgan bu toʻdalarning qilmishlari haqida oʻqisam doim sening dushmaning boʻlgan jungjanglar yodimga tushaveradi. Zero, ularning ham hujumi eng muqaddas qadriyat – inson xotirasiga qaratilgan emasmi, ular odamzod uchun aziz sanalgan shu tuygʻuni oyoqosti qilishga urinmayaptimi aslida? Jungjanglar sen va qabiladoshlaringni oʻz makonlariga haydab ketib, aql bovar qilmas usullar bilan es-xotiradan judo qilganu, sahroda eng qiyin yumushlarni bajartirgan boʻlsa, bugungilar butun sayyorani sahroga aylantirish, undagi odamlarni manqurt koʻyiga tushirish niyatida. Ularning bu yovuz maqsadini amalga oshiradigan eng xavfli quroli esa axborot. Bu shunday xatarli oqimki, xuddi sening miyangni sahroning oftobiyu boshingga tortilgan tuya terisi qanday iskanjaga olgan boʻlsa, inson ongini undan-da battarroq siquvga oladi, shuurini qamrab, es-hushini batamom olib qoʻyadi. Keyin esa oʻzi istagan koʻyga soladi: xohlasa, dunyoga oʻt qoʻydiradi, xohlasa, suv bostiradi…

Bugun dunyoda jungjanglar avlodlari boʻlgan bu yovuz kuchlarning oʻyinlarini kuzata turib, bir vaqtlar sen qilgan ishdan shu qadar larzaga tushganimni eslab, achchiq jilmayaman, xolos. Menimcha, boshqalar ham shunday qilishayapti. Shu paytgacha seni ayblab, jungjanglar bilan baravar osiy sanab kelgan boʻlsak, bugun sening ishingdan u qadar hayratlanmay ham qoʻydik. Aksincha, senga oʻtkazilgan taʼsir kuchi bilan, yoʻqotgan eng qimmat boyliging – xotirangsiz sen bunday mudhish jinoyatni yuz karra, ming karra ham qilaverarding, yuzing qilt etmas, yuraging bir marta boʻlsin, jiz etib qoʻymasligi tabiiy edi. Sen-ku, bu koʻyga oʻzing istamay tushding, bugungi manqurtlar-chi? Oʻzlari istab, bilib, anglab turib, buzgʻunchi gʻoyalarga ergashayotganlar, vayronkorligu axloqiy buzuqlikni targʻib etayotganlarning ahvoli senikidan ming karra ayanch, ming karra xarob.

Bugun hayratimni boshqa bir jihat uygʻotadi – daho adib aynan bugunni tasavvurida aniq-ravshan koʻrgani, sen kabilar qiyofasida hozirgi manqurtlarni bilib-bilib tasvirlagani meni lol qiladi…

Mana, sen qarshingda nolayu figʻon chekib turgan muqaddasu moʻtabar zot – onangga loqayd, beparvo qarab turibsan. Vaholanki, bu mushfiq ona seni vujudida avaylab koʻtargan, ne-ne azoblar chekib, dunyoga keltirgan, ne-ne umidlar bilan voyaga yetkazgan edi. Ajdodlaring kabi botir, yovqur, yurtga koʻksi qalqon boʻladigan alp yigit qilib oʻstirgan edi. Uning umidlarini roʻyobga chiqarayotgan bir pallangda yov qoʻliga asir tushdingu bedarak ketding. Sening badar ketganingga qabiladoshlaring ham, oʻz yaqinlaringu sevganing ham koʻndi, ammo shu munis ayol – onang zinhor koʻnmadi. Uning qorday oq, farishtaday pok koʻngli sening tirikligingni sezdi. Daragingni karvonlardan eshitib, ne azob-uqubatlarga dosh berib, musichadek jonini garovga qoʻyib, sening olis makoningni topib keldi. Qushdek chirqillab senga oʻzini, oʻzingni tanitmoqqa urindi. Ismingniyu otangni, bobolaringni, qadrdon goʻshangni eslatmoqqa, yoʻqolgan xotirangni tiklamoqqa urindi, qayta-qayta harakat qildi. Ammo yovuzlar bundan xabar topdilar, sening boʻm-boʻsh miyangni axborot bilan liq toʻldirdilar, goʻyo bu ayol senga begona, u senga yomonlik qilish uchun kelgan. Soʻng qoʻlingga qurol berdilaru sen Nayman onani halok qilding, demakki, oʻz xotirangni oʻldirding! Tuya ortida pisib, onaga qarata kamon oʻqtalib turgan vaqtingni qayta-qayta koʻz oldimga keltiraman. Ajab, oʻsha daqiqalarda moʻjiza yuz berib, miyangning chuqur qatlarida mudrab yotgan xotirang uygʻonib ketsa, sen qay ahvolga tusharding? Zor qaqshab turgan sababi vujud – onangni oʻldirish arafasida turganingni anglab yetsang, nima boʻlardi?

Ming afsuski, adib xayoloti bunga izn bermagan: u faqat sen va sen kabilarning jamiyat uchun qanchalik xavfli, xatarli ekanini anglatishni maqsad qilgandi, xolos. Va bu maqsadiga u erishdi ham: bugungi talotoʻp zamonda, goh urushsevarlarning yovuz ermaklarining oqibatlariga, goh olomoncha madaniyatini tiqishtirayotgan qiyofasizlarning bemaʼni hoyu havaslariga qarab turib, uning dahosi kelajakdan shu qadar tiniq bashorat berganidan hayratlanamiz,  shu bilan birga, bu hayrat izidan saboq, xulosa ham bosh koʻtaradi. Qadriyatlarimizni eʼzozlash, yoshlarni, murgʻaklarni shu qadriyatlar qurshovida, ularning ezgu qoidalari ogʻushida tarbiyalash lozimligini anglaymiz…

Xotiridan judo qilingan, millatidan ayro etilgan, peshonasiga shoʻr qismat bitilgan Joʻlomon!

Qara, bugun biznikilar Xotira va qadrlash kunini bayram qilishayapti. Bizning yurt bolalari ustozlari yetagida qoʻllarida dasta-dasta gullar bilan sen qatnashgan oʻsha qabilalararo jangdan ming karra xatarli kurash – Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilarining qoshiga oshiqayapti, ularning urush haqidagi hikoyalarini tinglayapti, bugungi tinchlikning qadrini oʻzlariga taʼkidlab qoʻyayapti. Mayli, ehtimol, bu murgʻaklarga oppoq soqoli koʻksiga tushgan bobolari, kumushdek soch tolalari oq roʻmoli rangiga uygʻunlashib ketgan momolarining urush desa, koʻzlariga yosh kelishi gʻalati koʻrinar. Balki 80 dan oshgan momosining hamon bobosi dasturxonga kelmasa, taom yemasligi hayratga solar. Ota-onasining nega har bayramu hayitlar arafasida uydagi keksalar qistovi bilan olis shahar yo chekka qishloqda yashayotgan qoni bir qarindoshlarini yoʻqlashga borishini, ustiga ustak, oʻzlarini ham yetaklab olib borishlarini, “tanishib qoʻy-chi, bu qarindoshing boʻladi”, deya mezbonlarning bolalari bilan koʻrishtirishlarini darrov ham anglamas. Yoki umrini halol mehnatga tikkan, el ichida obroʻ qozongan faxriylarga nima bois bu qadar eʼzozu hurmat koʻrsatilishini birdan tushuna qolmas. Biroq ularning biyron tillarida tiyrangina dillaridan chiqayotgan savollari bisyor, “Nega? Nega?”larga bobo-momolari, ota-onalari, amakiyu ammalari, togʻayu xolalaridan batafsil javob olmaguncha tinchishmaydi. Va sening hikoyangni ham taʼsirlanib oʻqishadi, senga oʻxshamaslikka ahdu qaror qilishadi, xotirasi uygʻoq, qadr degan tuygʻuning nonday azizligini bilib olishadi.

Sen esa afsona qatlarida qolaverasan. Darvoqe, sening hozirgi avlodlaring – zamonaviy manqurtlar uzoqqa bora olmaydi. Ular ham ertaga afsonaga aylanishi muhaqqaq. Zero, ezgulik tantana qilaveradi. Xotira – aziz, qadr esa muqaddasdir…

 

Xurshida ABDULLAYEVA

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/jolomonga-atalgan-noma/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x