JANNAT

JANNAT — koʻpchilik diniy taʼlimotlarga koʻra, taqvodor dindorlar narigi dunyoda rohat va farogʻatda yashaydigan joy. Yahudiylik, xristianlik, islom dinlaridagi asosiy tushunchalardan biri. Barcha dinlarda Jannat doʻzaxga qaramaqarshi qoʻyiladi. Bibliya (Qadimgi aha) da Jannat goʻzal bogʻ sifatida tasvirlanadi, unda Odamato bilan Momohavo yashagani, ular gunoh ish qilib qoʻyganlaridan keyin Jannatdan quvilgani haqida yozilgan. Qurʼonda Jannat haqida bir necha yerda bayon qilingan (47: 15; 55: 46-78; 76: 11-22). Diniy aqida boʻyicha, bu dunyodagi hayoti davrida imonli holida ezgu ishlar bilan shugʻullangan kishilarga Alloh tomonidan Jannatdan joy beriladi. Jannat dagi hayot abadiy, bezavoldir. Jannat dagilarni Alloh turli neʼmatlar bilan taʼminlaydi. U yerda gʻam-gʻussa va tashvish yoʻq. Odamlarning yaxshi koʻrgan barcha narsasi muhayyo etiladi. Qurʼonda Jannat daraxtzor, ariqlarda zilol suvlar oqib turadi, deb taʼriflanadi. U yerda insonlar qarimaydi va kasal ham boʻlmaydi. Diniy taʼlimotda taʼkidlanishicha, Jannatda havzi Kavsar mavjud boʻlib, uning suvi oq va muzdayligi hamda xislatlari taʼriflanadi. Havzi Kavsardan Jannat axli suv ichadi.

Islom diniga koʻra, Jannatning 8 ta darvozasi bor. Bular:

1) Paygambarlar, shahidlar, siddiq bandalar va saxiylar; 2) namozxonlar;

3) zakot beruvchilar; 4) amri maʼruf, nahyi munkar qilgan moʻminlar;

5) nafsu shahvatini jilovlab yurganlar;

6) haj va umra qilganlar;

7) Alloh yoʻlida jiddu jaxd qilganlar; 8 ) taqvodorlar va ota-onasini rozi qilganlar kiradigan darvozalardir. Jannatni qoʻriqlovchi farishta «Rizvoni jannat» deb ataladi. Jannatda eng oliy neʼmat Alloxning diydorini koʻrishlik hisoblanadi.

Gʻani Abdullayev, Abdulaziz Mansur.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x