Hech narsani bilmasligini bilgan buyuk donishmand

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Bu sud bo‘lib o‘tganiga yigirma to‘rt asrdan oshdi. Shunday esa-da, hali-hanuz bashariyat ahlining esidan chiqqani yo‘q va bundan keyin ham chiqmasligi aniq.

Chunki u jahon tarixidagi o‘ta adolatsiz mahkamalardan biri bo‘ldi va yetmish yoshli faylasufga nohaq o‘lim jazosini ravo ko‘rdi. Shunga ko‘ra, mangulik sahifalariga eng mudhish xatolardan biri sifatida muhrlandi. Bu qattollik qurboni esa keyinchalik nomi jamiki avlodlar va xalqlar uchun donishmandlik ramziga aylanib qolgan daho Suqrot edi…
Darvoqe, Suqrot miloddan avvalgi 470-469 yillarda afinalik haykaltarosh Sofriniks va doya Fenaretta oilasida tug‘ilgan. Patrokl ismli inisi, Ksantippa ismli xotini, uch nafar o‘g‘li bo‘lgan. Ayrim manbalarda yozilishicha, u faqirona hayot kechirgan. Qachon qaramang, eski libos kiyib, oyoq yalang yurgan. Ko‘p vaqtini ko‘cha-ko‘ylarda, maydon-xiyobonlarda odamlar bilan gurunglashib o‘tkazgan. Har qanday kishini ham chuqur o‘ylantirib qo‘yadigan jumboqli savollari bilan suhbatdoshlarini hayratga solgan. Boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, olibsotarlik orqali kun kechirib, uchta harbiy yurishda qatnashgan. Ba’zi adabiyotlarda Afinada aholi  soni kamayib ketishining oldini olish niyatida erkaklarga o‘z jufti halolidan o‘zga ayoldan ham farzand ko‘rishga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingach, u ikkinchi bor uylangani eslatilgan.
Eng ajablanarlisi, Suqrot umrida biron narsa yozmagan, barcha fikr-g‘oyalarini og‘zaki bayon etgan. Uning falsafiy ta’limotiga oid ma’lumotlarni zamondoshlari va shogirdlaridan Ksenofont, Aflotun, keyinroq Arastu qog‘ozga tushirgan.
Qandayligidan qat’i nazar, Suqrot ko‘hna Yunoniston hamda dunyo pedagogikasi, falsafasi va mantiq fani rivojiga ulkan hissa qo‘shdi. Avvalo, yoshlar tarbiyasini sharafli vazifa deb bildi. Bu borada o‘ziga xos nazariya yaratib, tarbiyadan ko‘zlangan maqsad insonni bilimli va yuksak axloqli qilib kamol toptirishdan iboratdir, degan fikrni olg‘a surdi. Shuningdek, ta’lim-tarbiya jarayonidagi har qanday aqidaparastlikni keskin qoraladi. Saboqning ma’ruza o‘qish shaklidan voz kechib, haqiqatga suhbat va munozaralar yo‘li bilan erishishni bosh usulga aylantirdi. O‘sha davrda mavjud nuqtai nazarlarning hammasini tanqidiy jihatdan talqin qildi. Pedagogikada majburlash va zo‘ravonlikdan voz kechish zarurligini, bilim berishning yagona vositasi ishontirish bo‘lishi lozimligini uqtirdi.
Ikkinchidan, Suqrot borliqning vujudga kelishi va rivojlanishi haqidagi falsafiy ta’limot hamda voqelikni bilish va unga asoslangan tafakkur uslubi – dialektika so‘zini ilk bor amaliyotda qo‘lladi. Uni bir-biriga zid, qarama-qarshi fikrlar to‘qnashuvi orqali haqiqatni kashf etish san’ati sifatida baholadi.
Uchinchidan, miloddan oldingi V asrning ikkinchi va IV asrning birinchi yarmida Yunonistonda donolik va chiroyli so‘zlashish bo‘yicha saboq beruvchi faylasuf-muallimlar, lo‘ndaroq qilib aytganda, sofistlar paydo bo‘lishgan. Ular muayyan miqdordagi haq evaziga odamlarga munozara olib borish, muxolifi mulohazalaridagi zaif tomonlarni topib, zarba berish, o‘z bema’ni fikrlarini boshqalarga o‘tkazib, g‘olib chiqish yo‘llarini o‘rgatishgan. Bunda o‘zlari joriy etgan, mantiq qonunlarini atayin buzib, yolg‘on dalillarga tayangan holda hiylakorona muhokama yuritishga asoslangan falsafiy oqim – sofistikadan foydalanishgan. Raqibni esankiratib qo‘yadigan mantiqiy sofizmni hamda an’anaviy fikr yoki tajribaga zid favqulodda mulohaza yoki g‘alatidan-g‘alati muhokamalarni o‘ylab topishgan.
Yunonistonda falsafaning asosiy e’tibori dunyo muammolaridan odamzod va uning ma’naviy olami muammolariga yo‘naltirilgach, sofistlar “Inson hamma narsaning mezonidir!” degan aqidaga ruju qo‘yishgan. Ular yaratgan sofizm esa chinni yolg‘on, yolg‘onni chin deb tushuntirishga va mantiqqa xilof xulosa chiqarishga xizmat qilgan. Ta’bir joiz bo‘lsa, sodda kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtiruvchi, ularning qalbida haqiqat va adolatga shubha uyg‘otuvchi makkorlik quroli vazifasini o‘tagan.
Shu bois miloddan avvalgi IV asrda yashagan Arastu sofizmni “sun’iy isbot”, uning targ‘ibotchilarini “soxta donolik o‘qituvchilari” deb atagan. Suqrot esa, sofistlardan farqli o‘laroq, haqiqatni bahsli suhbat orqali aniqlash mumkin degan fikrni olg‘a surgan. Tarixda birinchi bo‘lib, insonni falsafiy anglash masalasini o‘rtaga qo‘ygan. Ayni yo‘nalishdagi tadqiqotlarining mavzusi sifatida axloqiy muammolarni tanlagan. Asosiy e’tiborni inson ongi va tafakkurini tahlil qilishga qaratgan. Uning ta’limotiga ko‘ra, falsafaning asl mohiyati o‘zlikni anglashdan iborat bo‘lib, bu chinakam ezgulikka yetishish yo‘lidir. Ezgulik esa bilim yoki donishmandlik alomatidir.
Binobarin, Suqrot ezgulik va yaxshilikni behad ulug‘lagan, mo‘tadillik, mardlik, donolik va adolatni ularning eng muhim omillari hisoblagan. Faylasufning uqtirishicha, mo‘tadillik har qanday vaziyatda ham ehtiroslarni jilovlay bilishda, dovyuraklik qo‘rquvni daf etish va xavf-xatarlarni yenga olishda, donolik jamiyatda qaror topgan qonun-qoidalarga bo‘ysunishda namoyon bo‘ladi. Donishmandlik esa yaxshilik qilish yo‘llarini o‘rgatish, boshqalarni undan bahramand etish demakdir. To‘g‘ri, yomon kishi hargiz ezgulikning qadriga yetmaydi yoki uning g‘alaba qozonishiga qarshilik ko‘rsatadi. Bunday sharoitda oqilona choralar  qo‘llab, dushmanni do‘stga aylantirish, nodon, johil va fosiq kimsalarni ta’lim-tarbiya, pand-nasihat orqali oqillar va yaxshilar safiga qo‘shish eng savobli amallar sirasiga kiradi.
Suqrotning suhbatlashish va bahslashish san’ati bo‘yicha ish tutishi, ya’ni borliq to‘g‘risidagi falsafiy ta’limot hamda voqelikni bilish va unga asoslangan tafakkur uslubi, o‘zi yaratgan induktiv ta’limotdan, aniqrog‘i, to‘g‘ri tafakkur yuritishning asosiy qonunlari va shakllari haqidagi mantiq faniga taalluqli usuldan mohirona foydalanishi boshqalarda katta qiziqish uyg‘otgan.
Ha, aytgancha, “Men hech narsani bilmasligimni bilaman!” degan so‘zlar Suqrotning hayotiy shiori bo‘lgan. Shu bois u mudom aqlli insonlarni izlaydi. Dastlab davlat arboblari bilan oshno tutinishga intiladi. Biroq elaro mashhur amaldorlardan biri bilan suhbatlashayotib, uning manmanligidan hafsalasi pir bo‘ladi. “Men-ku, hech narsa bilmasligimni bilardim, u esa shuniyam bilmas ekan!” deya afsuslanadi. So‘ngra o‘sha kezlar  zamonasining eng zukko kishilari sanalgan shoirlar davrasiga oshiqadi. Lekin ularning timsolida ham haqiqiy donolarni ko‘rmaydi, bil’aks, barchasi tug‘ma iqtidorli folbinlar singari va nima deyayotganini o‘zlari ham durust tushunmagan holda ijod qilishining shohidi bo‘ladi. Alhol, “Bu ularga donolikka da’vogarlik huquqini bermaydi” degan muqim xulosaga keladi. Kosiblarni esa shoirlarga mengzab, “Ular kasb-korlarini yaxshi bilishgani bois o‘zlarini aqlli hisoblashadi”, deydi.
Zero, Suqrot ko‘p vaqtini bahs-munozaralar bilan o‘tkazar va hamisha g‘olib chiqardi. Mag‘lub bo‘lganlar alamiga chidolmay, uni haqoratlashar, mazaxlashar va kaltaklashardi. Do‘stlari nega ularga qarshi chora ko‘rmasligini so‘rashsa, Suqrot “Meni eshaklar tepayapti, ularni sudga berolmayman-ku!” derdi. Ustiga-ustak, u davlat boshqaruvining adolatni buzadigan barcha shakllarini keskin tanqid qilgan. Iste’dodli shogirdlaridan Alkiviad, Kritiy va boshqalar esa Afina demokratiyasiga qarshi kayfiyatda bo‘lishgan.
Mana shu bilimdonliklari va shakkokliklari Suqrotga juda qimmatga tushadi. Uning ta’limotidagi tanqidiy ruh o‘zlarini oqilu dono hisoblovchilarga yoqmaydi. Ayniqsa, Afina hukmron doiralarini qattiq xavotirga soladi. Masala jiddiylashgach, xalq orasida mavqei tobora oshib borayotgan, odamlar ko‘zini ochayotgan faylasufga hukumatning o‘zi qarshi chiqadi. Uni demokratiyaga dushmanlikda, yoshlarni yo‘ldan urishda, fuqarolik me’yorlarini buzishda hamda shahar ahli azaldan sig‘inib kelgan xudolarni mensimay, yangi ma’budalar yaratishda ayblab, sudga beradi.
Sudda ajabtovur usul qo‘llanadi. Kosiblar nomidan Anit, notiqlar nomidan Likon, shoirlar nomidan Melet da’vogar sifatida so‘zga chiqib, hamkasblarini uzluksiz masxaralab kelgani uchun aybdorga nisbatan oliy jazo tayinlashni so‘rashadi. Suqrot esa o‘zini himoya qilish o‘rniga g‘animlarini va hakamlarni battar g‘azablantiruvchi gaplarni aytadi. “Tag‘in meni o‘limga mahkum etib, Xudo o‘zlaringizga bergan ehsondan ayrilib qolmanglar”, deya ularning jig‘iga tegadi. Qarabsizki, mahkamada qatnashgan 501 nafar sudyadan 281 nafari uni aybdor deb topish yuzasidan ovoz beradi.
Hakamlar jazoni belgilashayotganida Suqrot yana sarkashlik yo‘lini tutadi. Debochasiga, agar aybi isbotlansa, arzimagan miqdorda jarima puli – 25 drahma to‘lashga rozi ekanligini bildiradi. So‘ngra “Aslida bu ishlarim uchun meni jazolashlaring emas, Davlat kengashida tekin tushlik berishlaring kerak… Chamamda, Tangri kaminani uzzukun shahar kezib, sizlarni uyg‘otish uchun yuborgan. Menga o‘xshaganlarni osonlikcha topolmaysizlar. Gapimga ishonsangiz, hayotimni saqlab qolarsiz, aksincha bo‘lsa, so‘na chaqib, jahli qo‘zigan odamlar kabi urib o‘ldirarsiz. U holda Xudo to mening o‘rnimga boshqa birovni yo‘llaguncha umringiz g‘aflatda o‘tadi”, deydi.
Tabiiyki, bu qochirimli gaplar qasoskorlar qahrini junbishga keltiradi. Keyingi safar qarshi ovoz berganlar soni 361 nafarga yetadi. Suqrot esa otdan tushsa-da, egardan tushmaydi.
– Nachora! – deydi sud nihoyasida so‘nggi so‘zini aytarkan, iztehzoli ohangda. – Endi men o‘limga yuz tutaman, sizlar yashamoq uchun tarqalasizlar. Lekin qay birimiz yaxshilik sari yo‘l olishimiz yolg‘izgina Yaratganga ayon!..
Inchunin, hakamlar keksa faylasufni o‘limga loyiq ko‘rishadi. Sud tugagach, do‘stlari unga hukm ijro etilgunga qadar qamoqdan qochishni taklif qilishadi. Ammo Suqrot ko‘nmaydi. “Men, – deydi sababini tushuntirib, – umrim bo‘yi qonunlarni, davlatni, vatanni hurmat qilib, shu darajaga yetishdim. Baski, nega endi ajalga ro‘baro‘ bo‘lgach, ularni tashlab qochishim kerak?!. Agar qonun va davlat yomon bo‘lib, meni qoniqtirmaganida, oldinroq ketishim yoki ularni o‘zgartirish uchun kurashishim lozim edi. Men esa bunday qilmaganman. Demak, endi qonun va davlatga so‘zsiz itoat etishim kerak!”
U lafziga sodiq qoldi. Biroq jallod tomonidan qatl etilmadi, balki hibsxonada o‘z ixtiyori ila bir kosa og‘u ichib, miloddan avvalgi 399 yili dorilbaqoga rixlat qildi.
Alaloqibat, antik davrda o‘z jamiyatiga sig‘magan faylasufning hayoti mana shu zayl ayanchli yakun topdi. Afina ulusi keyinchalik xatosini anglab yetdi. Pirovardida sud hukmi asossiz ekanligi isbotlanib, tuhmatchilar jazolandi. Chunonchi, Melit o‘ldirildi, Anit va Likon shahardan quvildi. Suqrotga esa bronza haykal o‘rnatildi. Lekin hech kim “Hoy, birodarlar! Uni yollanma da’vogarlar emas, aslida ko‘pchilik ovoz bilan o‘zimiz oliy jazoga mahkum etgandik-ku! Bu qanday  bedodlik, axir?!.” degan savolni xayoliga keltirmadi.
Afsus, ming afsuski, insoniyat kechmishida ne-ne tabarruk insonlarning boshiga yetgan, Suqrotdek buyuk daholar umriga zomin bo‘lgan bunday fojiali hodisalar takror-takror ro‘y bergan. O‘z allomalarini tirikligida xo‘rlagan, vafotidan so‘ng ko‘klarga ko‘tarib, ulug‘lagan millatlar va xalqlar juda ko‘p bo‘lgan.
Biz bunday voqealarni hech qachon unutmasligimiz, hamisha o‘tmish xatolaridan to‘g‘ri saboq chiqarib yashashga o‘rganishimiz darkor!..
Abdunabi Haydarov

Manba: Ziyouz.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x