“Chun haqiqat nuri ul oraz tajallisindadur”

HUSAYNIY

 

* * *

 

Mushkboʻ xattinmu dey yo laʼlu durborinmu dey,

Koʻzi imoninmu dey yo zulfi zunnorinmu dey?

 

Kavsari laʼlinmu aytay, yoʻqsa xattidin aning,

Tegrasida sabzai jannat namudorinmu dey?

 

Sabzavu guldek xati birla yuzinmu sharh etay,

Sabzavu guldin bezalgan bogʻi ruxsorinmu dey?

 

Rishtai jon birla hayvon suyidin soʻrding xabar,

Belining torinmu aytay, laʼli guftorinmu dey?

 

Eyki, dersen ishqida vasf ayla koʻnglung holini,

Har taraf zaxminmu dey yo nolai zorinmu dey?

 

Dahr bogʻi gullarida garchi yoʻq boʻyi vafo,

Har birining tegrasida yuz jaf xorinmu dey?

 

Ey Husayniy, demagilgim, yor ishqin sharh etay,

Vaslining rashkinmu dey, hajrining ozorinmu dey?

 

* * *

 

Zulf ochib men telbani oshufta ahvol aylading,

Chini abroʻ koʻrguzub koʻnglumni behol aylading.

 

Oʻpkali keldi koʻngul zulfing uchun, ey sarvinoz,

Sarfaroz aylar mahalda oni pomol aylading.

 

Jon qushin sayd aylamakka laʼling uzra, ey quyosh,

Donai mehr ekting ammo otini xol aylading.

Har qachon dedim vafo qil, aylading yuz ming hiyal,

Emdikim, dedim jafo qil, oni filhol aylading.

 

Qatl etay deb kelmading boshimgʻa, ey sarvi ravon,

Oʻzgalar qatligʻa boʻldung, muni ihmol aylading.

 

Tigʻi qatl urdung koʻngulga, shukr erur, lekin manga –

Kim vafosizlar gʻamidin forigʻulbol aylading.

 

Gar Husayniy hajr aro dedi: “Figʻon, aylay figʻon!”

Shukrkim, vasling bila ul dam tilin lol aylading.

 

* * *

 

Oʻtgʻa yondur sarvni, ul qaddi raʼno boʻlmasa,

Yelga bergil gulni, ul ruxsori zebo boʻlmasa.

 

Sarv birla gul tamoshosigʻa maylim yoʻqturur,

Bogʻ aro ul sarvi gulruxdin tamosho boʻlmasa.

 

Nega saflar chekdi mujgondin, agar jon mulkiga

Koʻzlarining mayli har dam qatlu yagʻmo boʻlmasa.

 

Boʻlmagʻay erdi junun dashtida sargardonligʻim,

Zulfi pechu tobidin boshimda savdo boʻlmasa.

 

Gavhari maqsud topmoq mumkin ermas, ey rafiq,

Koʻz yoshing to vasl umidi birla daryo boʻlmasa.

 

Ey Husayniy, boda ichsam yor alidin teng durur,

Boʻlsa obi xizru umri jovidon yo boʻlmasa.

 

* * *

 

Qolgach ohim sarsarigʻa bayt ul ahzonim mening,

Yogʻdurur gardu balo boshimgʻa vayronim mening.

 

Ishq sahrosi aro har sori qonligʻ loladur,

Anda bagʻrim dogʻidin oqmish magar qonim mening.

 

Etgali koʻnglum parishon menki qoldim bilmayin,

Qay taraf borgʻanni Majnuni parishonim mening.

 

Buki laʼling tirgizur elni takallum aylabon,

Men bilurmen ushbu muhlik gʻamniyu jonim mening.

 

Novakin chekti koʻnguldin turfa, koʻrkim, axtarur,

Choklar aylabki qolmish anda paykonim mening.

 

Oshkoro oʻtlarimgʻa chora qilsang, ey tabib,

Oni naylarsenkim, oʻrtar dogʻi pinhonim mening.

Ey Husayniy, nola qilsam oʻlturur kofir koʻzi,

Goʻyiyo qoʻymas ani uyqugʻa afgʻonim mening.

 

* * *

 

Koʻz qarosin hal qilib yozdim sanga ajru niyoz,

Koʻz yoshimni ham sepib ul nomagʻa, ey sarvinoz.

 

Ishq yetgach aqlu hushu sabr har yon butrashur,

Oʻt qayon yuzlansa vojibdur ul elga ihtiroz.

 

Oshkoro jon agar laʼling soʻzin aytur va lek,

Yoshurun gʻunchang bila koʻnglumda bordur oʻzga roz.

 

Ul ne qomatdurki, barcha rostlar aylab duo,

Derki, bu gulshan aro ul sarv boʻlsun sarfaroz.

 

Shavqu sabrim naqdini aylay ani koʻrgach fido,

Demasa ayb aylab ul mahvash bularni koʻpu oz.

 

Chun haqiqat nuri ul oraz tajallisindadur,

Ne haqiqat ulki, oning ishqini oʻylar majoz.

 

Ey Husayniy, yor koʻyi Kaʼbasi Navroʻz erur,

Ne ajab, gar benavolar aylar ohangi hijoz.

 

* * *

 

Ey habibingdin kelib hamdinggʻa lo ihso sano,

Ul chu ojiz boʻlsa vasfingkim qila olgʻay yano.

 

Komu rohatdur sening shavqingdagi anduhu gʻam,

Ayshu ishratdur sening ishqingdagʻi dardu ano.

 

Ganj topsa munʼim oʻlmas kimni sen qilsang faqir,

Ganj bersa muflis oʻlmas kimga sen bersang gʻino.

 

Koʻnglum et maʼmur mehring birla, lekin qoʻymagʻil,

Nafs anda qilgʻali hirsu havas tarhin bino.

 

Xasta koʻnglumni oʻzingdin oʻzgadin begona qil,

Oʻzgadin begona qilgʻach, qil oʻzingga oshino.

 

Zulmati hijroning ichra yoʻl ozib sargashtamen,

Oʻz-oʻzing sori hidoyat shamʼi birla ehdino.

 

Lutf etib ushshoq aro, yorab navo qilgʻil nasib,

To Husayniyning maqomi boʻlsa bu dori fano.

 

 

* * *

 

Oʻylakim, xurshed tobi zarrani paydo qilur,

Gʻuncha ogʻzing sirrini ham gul yuzing goʻyo qilur.

 

Zeb etar koʻk sabzasi birla quyosh ruxsorini,

Kotibi qudratki, xatting nusxasin insho qilur.

 

Bor ekin oshiqqa mehnat oʻqlarin yogʻdurgʻali,

Ulki mujgoning qilib novak, qoshingni yo qilur.

 

Istadi jonu koʻngul naqdini, vah, sud aylaram,

Gar labidin boʻsaye ul naqd ila savdo qilur.

 

Mening ahvolim koʻrub ibrat oling, ey ahli ishq,

Kimki bir badmehr ishqida oʻzin shaydo qilur.

 

Ey Husayniy, chun ul oʻtluq chehradin olsam nazar,

Koʻzlarimga dardi hijron kochidin oʻt choqilur.

 

* * *

 

Zulfi ichra xat, xat ichra laʼli xandondur nihon,

Zulmat ichra xizr ham, ham obi hayvondur nihon.

 

Sehr birla fitnadin xoli emas koʻnglum dame,

Anda chun bir koʻzi sohir, xoli fattondur nihon.

 

Koʻnglum ichrakim, nihondur demangiz, ey doʻstlar –

Kim, nihon boʻlgan koʻngulda koʻnglum olgʻondur nihon.

 

Gʻuncha ogʻzi naqshimu koʻnglumdadur yo tan aro

Koʻp xadangidinmu paykon ichra paykondur nihon.

 

Boʻlsa koʻnglumda safovu nur ermastur ajab,

Anda u yuz shavqidin xurshidi raxshondur nihon.

 

Ishq soʻzin zor jismimda nechuk pinhon qilay,

Barq oʻti xoshok aro boʻlmoq ne imkondur nihon.

 

Ey Husayniy, kuymaguncha ishq aro yetmas visol,

Tanni kuydur oshkoro, jonni ham yondur nihon.

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2

https://saviya.uz/ijod/nazm/chun-haqiqat-nuri-ul-oraz-tajallisindadur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x