Cho‘ponota


Post Views:
310

CHO‘PONOTA MAJMUASI (Chilonzor dahasi, 13-mavze) – gumbazli darvozaxona va maqbara (ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 15-asr), masjid (asosi 19-asr oxiri – 20-asr boshi) dan iborat. Cho‘ponlar homiysi Cho‘ponota shaxsiga atab Ulug‘bek tomonidan qurilgan deb taxmin qilinadi. Darvozaxona hovlining janubiy tomonida, g‘arbida masjid, shimol tarafda maqbara joylashgan, uning atrofi qabriston. Maqbaraga boraverish xiyobon tarzida tashkil etilgan. Darvozaxona va maqbaraning (tarhlari mos ravishda 3,5×4,9 m va 4,6×5,6 m) hajmiy tuzilishlarida umumiylik ko‘p: ikkalasi ham mayda (24x24x4 sm) g‘ishtdan ishlangan; old tarzlarining tomonlaridagi guldastalar yuqoriga qarab ingichkalashib ketgan; guldastalarning tepalariga o‘ymakorlik vositasida qafasa shakllari berilgan; eshiklarining tepasida kitobalarning o‘rni bor. Bino interyerlari va devorlariga to‘rttadan sayozroq taxmonlar ishlangan; bag‘allari «kaptar dumi» (qalqonsimon) shaklida chiqarilgan. Binolarning farqli jihatlari ham bor. Darvozaxonaning hovli tomonida ham peshtoq bo‘lib, u ko‘cha tarafidagiga qaraganda pastroq; gumbazining ustiga mezana qurilgan. Maqbara eshigining tepasidagi yozuv (kitoba) qirib olingan, o‘rniga ganchdan naqsh ishlangan. Sag‘ana maqbara ichining ancha qismini egallagan. Farbiy taxmon devorida tuynuk bor. Maqbaraning ichi suvoqsiz bo‘lib, g‘ishtlardan naqshsimon shakllar hosil etilgan. Shiftli masjid 20-asrning 50-yillaridagi kengaytirish natijasida o‘zining dastlabki holatini yo‘qotgan. Xonaqoh 3 qismga bo‘lingan. Unga sharqdan o‘rtasida 5 tayanchi bo‘lgan romli ayvon tutashtirilgan. Masjid tarhining tahlili uning eng avvalgi qismi imoratning janubi-g‘arbida joylashganligini ko‘rsatadi: xonaqohning jan. qismi dastlabki xonaqoh, o‘rta qismi esa dastlabki ochiq ayvon bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin; xonaqohning shimoliy qismi va romli ayvon keyin qurilgan. Masjidning qarshisida, hovlining sharqiy tomonida yordamchi qurilmalar, hovuz bor. Cho‘ponota majmuasida xalq me’morligining, ayniqsa, g‘ishtkor ustalarning mahorati mujassam bo‘lgan.

«CHO‘PONOTA» MAHALLASI (Uvaysiy ko‘chasi, 37) – Shayxontohur tumanidagi mahalla. Olim Xo‘jayev va Mannon Uyg‘ur mahallalari bilan chegaradosh. 1950 yilgacha «Titov», 1950–59 yillarda «Charx-Novza», 1959 yildan hozirgi nomda. Aholisi 5800 kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek 8 millat vakillari yashaydi. Mahalla hududida Chilonzor Oqtepasi arxeologik yodgorligi, Ftiziatriya va pulmonologiya idmiy tekshirish instituti va uning klinikasi, O‘zbekiston mahalliy sanoat korporatsiyasining «Oqtepa» sanoat-savdo jamoa korxonasi, «Forvard» restorani, sport majmuasi, jumladan, mahallaning «Oqtepa» futbol klubi sport maydonchasi, 22-oilaviy poliklinika, «Fotima va Zahro» jome masjidi va boshqalar mavjud. Akademik Ibrohim Iskandarov, toponimist olim Suyun Qorayev, noshir Islom Shog‘ulomov, yozuvchi Shukrullo va boshqalar shu mahallada yashaydi. Mahallada bolalar sportiga, madaniy-ma’rifiy marosimlar o‘tkazishga alohida ahamiyat beriladi.

«CHO‘PONOTA» MAHALLASI (Cho‘ponota ko‘chasi, 28a-uy) – Chilonzor tumanidagi mahalla. «Qatortol», «8-mavze», Lutfiy mahallalari va Uchtepa tumanining «Guzar» mahallasi bilan chegaradosh. 1962 yil hozirgi mahalla hududida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati qoshida korxona qurilgan. So‘ngra 1964 yil jamiyat tomonidan ko‘zi ojiz nogironlar yashaydigan 4 qavatli turar joy binosi va korxona yotoqxonasi qurilgan. Ana shu uylar va jamiyat asosida 1965 yil «Cho‘ponota» mahallasi tashkil topgan (mahalla nomi cho‘ponlar homiysi CHo‘pon¬ota nomidan olingan). Keyinchalik ko‘p qavatli uylar qurilib mahalla kengaygan. Aholisi 1530 kishi, asosan, o‘zbeklar, shuningdek, 14 millat vakillari yashaydi. Aholisining asosiy qismini ko‘zi ojiz nogironlar va ularning oila a’zolari tashkil qiladi. Mahalla hududida O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati qoshidagi 4 ta korxona va madaniyat saroyi, mahallaning ko‘zi ojizlar jome masjidi, «RADIKS» dori-darmon ishlab chiqarish korxonasi, «Xaskovo» kolbasa mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi va boshqa turdagi 8 ta xususiy korxona, avtomobil ta’mirlash ustaxonasi, avtosalon, «FONON» ishlab chiqarish korxonasi, O‘zMU qoshidagi S.H.Sirojiddinov nomli akademik litsey, «AFRUZ» va «Xosiyatlik» restoranlari, 3 ta kafe, «Istiqlol» bolalar bog‘chasi, mebel jihozlari, qurilish materiallari do‘konlari joylashgan.

«CHO‘PONOTA» MAHALLASI (Qo‘shilish ko‘chasi, 25) – Uchtepa tumanidagi mahalla. Bo‘zsuv kanali bo‘yida joylashgan. «Katta Qa’ni», Chilonzor tumanining 14–15, 21–25 mavzelari bilan chegaradosh. 1924 yil shu nomda tashkil etilgan. O‘rta asrlarda mahalla hududidagi qabriston atrofida karvonsaroy, choyxona, baqqollik do‘konlari bo‘lgan. Keyinchalik sho‘rolar davridagi kolxozlashtirish jarayonida yerlar birlashtirilib, suv bo‘yidan ko‘chirilgan. 1966 yil Toshkent zilzilasidan so‘ng aholi ko‘chirilib, o‘rniga 13-, 14-, 15-, 21-, 22-kvartallar tashkil etilgan. Aholisi 2264 kishi, asosan, o‘zbeklar. Mahalla hududida tuman madaniyat va istirohat bog‘i, tuman hokimligi binosi, Cho‘ponota qabristoni, Shahar tez tibbiy yordam kasalxonasi, elektr va issiqlik quvvati korxonalari va boshqalar mavjud.

CHO‘PONOTA KO‘CHASI – Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarini bog‘lab turuvchi ko‘cha. Usmon Nosir va Lutfiy ko‘chalari oralig‘ida. Uzunligi 4 km atrofida. 20-asrning 50-yillarida tashkil topgan. Dastlab Stalingrad nomi bilan yuritilgan. 1962 yil 12 iyulda Volgograd nomi berilgan. 1997 yil 18 dekabrdan CHo‘ponota nomi bilan yuritiladi. Yo‘nalishida «Birodarlik» yodgorlik majmuasi, Chilonzor 2-, 6-, 8-, 9-turar joy mavzelari, «Umid» dahasi, Respublika xo‘jalik sudi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Toshkent viloyat prokuraturasi, tuman ichki ishlar boshqarmasi, Ko‘zi ojizlar jamiyati, Fafur Fulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, «Favvora» restorani, Operetta teatri, «Qutbiniso» supermarketi, «Malika» mehmonxonasi, huquq-shunoslik kasb-hunar kolleji, «O‘zgiproo‘rmonloyiha» instituti, «Mirzo Ulug‘bek» metro bekati, Standartlashtirish markazi, kichik va o‘rta biznes sub’yektlari, shaxsiy va ko‘p qavatli turar joy binolari va boshqalar joylashgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/cho-ponota/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x