BAGAMA OROLLARI

BAGAMA OROLLARI, Bagama Orollari Hamdoʻstligi (Commowealth of the Bahamas) — Mapkaziy Amerikadagi davlat. Karib dengizida, Florida ya. o. ning jan.sharqida. 700 oroldan iborat Bagama arxipelagida joylashgan. Mayd. 13,9 ming km2. Aholisi 284 ming kishi (1996). Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 16 kishi. Ularning 80% negrlar va duragaylar. Aholining 58% shaharlarda yashaydi. Mamlakat poytaxti — Nassau sh. Rasmiy tili — ingliz tili. Dindorlarning aksariyati protestantlar.

Davlat tuzumi. Bagama orollari — konstitutsiyaviy monarxiya. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Davlat boshligʻi Angliya qiroli (qirolichasi), uning nomidan general-gubernator ish yuritadi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali (senat va majlislar palatasi) parlament. Ijrochi hokimiyat general-gubernator tomonidan tayinlanadigan bosh vazir boshchiligidagi hukumat.

Tabiati. Bagama arxipelagi, asosan, marjon orollardan iborat. Yer yuzasi — tekislik, aksariyati toshtuz, ohaktosh va gipslardan tarkib topgan. Iqlimi — tropik, passat. Yanv. da oʻrtacha harorat 20, 22°, iyulda 28°. Yiliga 1100—1700 mm gacha yogʻin yogʻadi. Maydan okt. gacha yogʻingarchilik koʻp boʻladi. Tez-tez dovullar boʻlib turadi. Shoʻr koʻllar koʻp. Tuprogʻi laterit toifasiga oid. Doim koʻm-koʻk tikanli butalar, qaragʻay oʻrmonlar, sohilda kokos yongʻogʻi oʻsadi. Qushlar koʻp. Atrofdagi dengizlar baliqqa boy. Orollarda ohaktosh, tuz va argoniy qazib olinadi, neft konlari qidirilmoqda.

Tarixi. Bagama orollari tub joy aholisi indeyslar boʻlgan. 1492-y. X. Kolumb ekspeditsiyasi Yangi Dunyoga yetib kelib, arxipelagning sharqiy orollaridan biriga tushgan va uni ispanlar SanSalvador deb ataganlar. Bagama indeyslarining taqdiri fojiali boʻlgan. Ispanlar ularni Kuba va Espanyolu (Gaiti)ga olib borib, ruda konlarida ishlatishgan. Ular shu yerlarda qirilib ketishgan. 1629-y. inglizlar orollarni bosib olganida bu yerda aholi yoʻq edi. 1782-y. Bagama yana ispanlar tomonidan bosib olindi. Ammo 1783-y. dan u butunlay Angliya mustamlakasiga aylandi. 17—18 – a. larda koʻpgina inglizlar oʻzlarining negr qullari b-n birga bu yerga koʻchib keldilar va plantatsiya xoʻjaligini rivojlantira boshladilar. 19 – a. oxirlaridan Bagamaga AQSH ishbilarmonlari kela boshladilar, lekin sarmoyani sarflaydigan ish topa olmadilar. 1946-y. dan sayyohlar yopirilib kela boshladi, 50 – y. lar oxiriga kelib, ularning oqimi ayniqsa kuchaydi. Bagama orollari AQSH va Yevropaning qishki oromgohi boʻlib qoldi. Bu yerda ulkan mehmonxonalar, koʻngilochar muassasalar qurildi. Soliq sohasidagi imtiyozlarga qiziqqan Amerika kompaniyalari sayyohlikni rivojlantirishga katta mablagʻ sarfladi. Keyinchalik koʻpgina xorijiy bank va firmalar oʻz ofislarini ochishdi. Bagama orollari Gʻarbiy yarim sharning yirik moliyaviy markazi boʻlib qoldi. 1964-y. da Buyuk Britaniya B. o. ga ichki mustaqillik berishga majbur boʻldi. 1973-y. da Bagama orollari mustaqil deb eʼlon qilindi. Bagama orollari 1973-y. dan BMT aʼzosi. Milliy bayrami 10 iyul — Mustaqillik kuni.

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Ilgʻor liberal partiya, 1953-y. da tuzilgan; Erkin milliy harakat, 1972-y. da tuzilgan; B. o. Hamdoʻstligi kasaba uyushmalari kongressi.

Xoʻjaligi. Bagama orollari — agrar mamlakat. Iqtisodiyotning asosi — plantatsiya dehqonchiligi. Q. x. oziq-ovqatga boʻlgan ehtiyojning atigi 25% ni qondiradi. Apelsin, banan, ananas, mango, pomidor, bodring, shakarqamish, sizal yetishtiriladi. Qoʻy, qoramol, echki, choʻchqa, uy parrandasi boqiladi. Baliq, dengiz jonivorlari ovlanadi. Iqtisodiy faol aholining yarmidan koʻprogʻi sayyohlarga xizmat koʻrsatish bilan band. Katta Bagama o. dagi neftni qayta ishlash z-di yiliga 25 mln. tonna neftni qayta ishlaydi. Bagama importining 85% ni xom neft tashkil etsa, eksportining 90% neft mahsulotlaridan iborat. Bagama orollarida sement va oziq-ovqat sanoati korxonalari bor. Asosiy dengiz porti — Nassau sh. Mamlakat dori-darmon, sement, rom, tuz ham eksport qiladi; asbob-uskuna, transport vositalari, oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan sotib oladi. AQSH, Buyuk Britaniya va Kanada b-n tashqi savdo munosabatlari olib boradi. Pul birligi — Bagama dollari. Bagama orollarida «Nassau gardian» («Nassau posboni», 1844-y. dan), «Nassau deyli tribyun» («Nassau minbari», 1903-y. dan) gaz. lari, «Ofishl gazett» («Rasmiy gazeta») hukumat haftanomasi, «Bexamian revyu megezin» («Bagama sharhi», 1952-y. dan) jur. chiqadi. 1936-y. da radio va telekoʻrsatuvlar kompaniyasi tashkil etilgan.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x