Ayollar haqida she’rlar to’plami. Ayollarga bag’ishlangan she’rlar

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

8-mart bayrami yaqinlashmoqda, ayollarga bag’ishlangan she’rlarni qabul qiling.

Eslatib o’taman, Xalqaro xotin-qizlar kuniga tadbir izlayotgan bo’lsangiz ushbu sahifaga o’ting: 8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni uchun senariylar to’plami
Ayollarga bag’ishlangan qo’shiqlar esa mana bu sahifada: Ayollar va onalar haqida sara qo’shiqlar to’plami

Ayol zotiga

Tabassum yarashar ayol yuziga,
Quloq tuting gar g’am cheksa ohiga,
Ayolni qadirlang, ayolni asrang,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Axir ayol ona, mexribon singil,
Gar ayol bo’lmasa to’lmaydi ko’ngil.
Ayol qalbi nozik misoli bir gul,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Istasa bir chimdim mexr istaydi.
O’zi mehr bersa minnat qilmaydi.
Ranjitmang ko’ngliga qil ham sigmaydi.
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Ko’ngliga yo’l toping sof niyat bilan,
Dilini og’ritmang ko’p g’iybat bilan,
Yomonga chiqarmang bir tuxmat bilan,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

Ayolni ezozlang ko’ngliga qarab,
Sizni duo qilar tongda ertalab,
Axir ko’p bajarilishini talab qiladi,
Aslo ozor bermang ayol zotiga.

 

Ayolga pul bering

Zulfiya Mӯminova.

Ayolga pul bering, shunday pullarki,
Erkaklar yashirib yurgan pullardan.
Ayolga pul bering, shunday pullarki,
Choyxonani kutib turgan pullardan.
Ayolga pul bering, ӯziga emas,
Rӯmol olmoqchidir qaynonasiga.
Ӯg‘liga planshet, qiziga kitob,
Nosvoy olmoqchidir qaynotasiga.
Ayol pul sӯrasa bӯlmang darg‘azab,
Busiz ham qaltirab turadi yurak.
Uyga mehmon kelar pista-yu bodom,
Dasturxonga banan, apelsin kerak.
Ayol pul sӯrasa bӯling Hotamtoy,
Sizlarga yor bӯlsin xush kayfiyatlar.
Ey siz baraka boshi, ey boy otalar.
Muhtaram erkaklar, valine’matlar.
Erkak uchun pul – qӯl kiri emish,
Tӯkilar restoran, mayxonalarda.
Erkak qӯlin yuvar ikki kunda bir,
Bir-biridan gӯzal choyxonalarda.
Erkak pul sarflasa kӯcha kӯylarda,
Chӯntakda shamollar sayr etib yurar.
Pullari kӯchada qolgan uylarda,
Sichqonlar hassaga suyanib turar.
Erkak pul sarflashga ustasi farang,
Chorlar sinfdoshlar, bir kun jӯralar.
Bir kuni kasbdoshlar, dӯstlar, ulfatlar,
Tӯplanar kursdoshlar ,mardlar, tӯralar.
Ayol-chi? Ayol bir sӯm topsa tugar ӯn joydan,
Borini oshirar eplar, uch-uchlar.
Eri tashlab ketgan yirtiq pulni ham,
Kӯziga surtadi, yamar, sukochlar.
Ayolga pul bering, sӯraganida,
Ayolga pul bering, bӯlmasdan baxil,
Ayolga pul bersangiz uch-tӯrt kun ӯtmay,
Sizga Xudo berar, mana men kafil.

 

Ayolga baxt bering

Zulfiya Mo’minova
«Ayolga baxt bering»… Zulfiya Mo‘minova
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang, yuribdi-ku kulib jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Gar ko‘zlari kulib tursa-da,
Bo‘g‘zining ostida necha ming hasrat,
Oy yuzlari kulib tursa-da,
Ko‘nglini ko‘taring hech bo‘lmaganda,
Qo‘lini silashga sharofat toping.
Yig‘lab turganida hech bo‘lmaganda,
Yoshini artishga muruvvat toping.
Nogoh yerga tushsa oppoq ro‘moli
Bosib o‘tmaslikka shafoat toping,
Chaqaloq yalagan etaklarini
Toza deb aytishga adolat toping.
Ayolga baxt bering, saodat bering,
Demang yuribdi-ku kulib, jilmayib.
Ayol kulib turib o‘lishi mumkin.
Dunyoni olishi mumkin jilmayib.
Ayolga baxt bering, saodat bering.
Illohi nur toping, hidoyat toping.
Illohi baxt bergan ayol yonidan.
Baxtiyor o‘tmoqqa inoyat toping.
Illohi qalqonsiz, illoh ko‘rg‘onsiz,
G‘iybatlar yirtmasin ko‘ylakkinasin,
Illohi hushyorsiz, illoh bedorsiz.
Itlar tishlamasin yurakkinasin.
Ayolga baxt bering, saodat bering .
Tog‘ qimirlab, toshlar so‘zga kirsa-da,
Ayolga baxt bering, saodat bering .
Oltmishga kirsa-da, yuzga kirsa-da.

 

Ayollarni madh etuvchi she’r

Dunyoning g’amini yutguvchi, ayol!
Olamda muhabbat tutguvchi, ayol!
Sadoqatla birga rafiqa bõlib!
Eridan shirin so’z kutguvchi ayol!

Farzandiga mehr berguvchi, ayol!
Ranjitsangiz qahr qilguvchi, ayol!
Ko’zlardagi g’amni biluvchi, ayol!
Borini muhayyo qilguvchi ayol!

Ko’zidan chiqarmang hech qachon ko’z yosh!
Alamdan yonsa ham bermoqda bardosh!
Go’zallardan go’zal kamon qalamqosh!
Onamiz, singlimiz, opamiz AYOL!

 

DARYOSAN, AYOL!

(Olimjon RAHIMOV)
Kimki boqsa ko’zlaringga ziyosan, ayol,
Go’yo gulsan, sertabassum ibosan, ayol
Qoshlaringga, ko’zlaringga nur bersa ham tun,
Dili poku mo’jizakor samosan, ayol!

Yetti xil rang kamalakdan, gullardan
ifor Olgansanu musaffosan, safosan, ayol!
Ohu kabisi nafissanu, noziksan, hurkak,
Bolariga bol bergan – turfa gulsan ayol!

Bulbul bo’lgan ovozingdan andoza bilsam,
Gullar aro mayin esgan sabosan, ayol!
Sochlaringni havas qildi majnuntol ko’rib,
Uyaldimi, qochdi lola, jafosan, ayol!

Kimdan olding sadoqatni, kim ulashdi ishq,
Ishqingda kim ado bo’lsa, fidosan ayol!
Qachon ko’rsang Rahimiyni, erka qushman deb,
Har sohada javlon urgan daryosan, ayol!

 

Ba’zi erkaklardan mard ayollar

Marhabo Karimova
Jannat oyog‘ining ostida bo‘lsin.
Noto‘g‘ri o‘ylamang yomon xayollar.
U shunday bokira, ko‘nglingiz to‘lsin.
Ba’zi bir erkakdan marddir ayollar.

Qarang go‘zalligi faqat siz uchun.
Ozorlab dilini bermang savollar.
Yashaydi ro‘zg‘oru o‘g‘il – qiz uchun.
Ishyoqmas erkakdan jasur ayollar.

Boshida oq tola dunyoning g‘ami.
Bardoshi oltindan tilida bollar.
Sizga bildirmaydi ko‘zida nami.
Dardini ichiga yutgan ayollar.

Vafo yuragida sadoqat qalbi.
Axdi yuksak erur labzi xalollar.
Sizga ishongani, aldangan, aybi….
Nomard erkaklardan marddir ayollar…

Ayolni ranjitmang, ranjimang aslo.
Siz uchun bulmasin ishqi uvollar.
Farishta jonini asraydi Ollox.
BA’ZI ERKAKLARDAN ERKAK AYOLLAR

 

Ayollar yaxshi

Qorami, sariqmi
Ayol yaxshidur
Semizmi, oriqmi
Ayol yaxshidur
Bichuvchimi, tikuvchimi
O’qituvchimi, o’quvchimi
Sotuvchimi, uchuvchimi
Ayol yaxshidur.
Qora ko’zmi. Ko’k ko’zmi
Ola ko’zmi . Qo’y kuzmi
Bo’ta ko’zmi. Shaxlo ko’zmi
Baribir Ayol yaxshidur.
Extimol aytarsiz
Ey , birodar
Oshirvording sal
Bu ayol zotiga
Maqtovni ko’pimas
Ozrogi afzal…
Lekin…
Saxroga o’xshaydi
Ayolsiz dunyo
Quriydi qaqshaydi
Ayolsiz dunyo
Erkaklar ko’tarolmay
Sukunat yukin
Aqldan ozib
Qolishlari mumkin
Qalbimizda ungan
Baxoriy ko’klam
Bizga dono ayollarning
Yorligidandir
Extimol xayotning
Go’zalligi xam
Dunyoda ayollar
Borligidandir

 

Ayol bor

Ayol bor dunyoda baxt bor iqbol bor,
Ayol bor dunyoda shirin xayol bor,
Ayol bor dunyoda ishq bor, visol bor,
Ayol bor dunyoda sohibjamol bor.

Ayol bor dunyoda pariruxsor bor,
Ayol bor dunyoda ul gulruxsor bor,
Ayol bor dunyoda gul bor, bahor bor,
Ayol bor dunyoda oshig’i zor bor.

Ayol bor dunyoda gulga misol bor,
Ayol bor dunyoda dilga timsol bor,
Ayol bor dunyoda malak dildor bor,
Ayol bor dunyoda vasli diydor bor.

Ayol bor dunyoda hofizu tor bor,
Ayol bor dunyoda qo’shiq, ash’or bor,
Ayol bor dunyoda Ahadga yor bor,
Ayol bor dunyoda lablari ol bor …
Ayol bor dunyoda baxt bor, iqbol bor,
Ayol bor dunyoda shirin xayol bor,
Ayol bor dunyoda ishq bor, visol bor,
Ayol bor dunyoda sohibjamol bor.

 

Muqaddas ayol

Halima Xudoyberdiyeva

Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo`ldi,
Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo`ldi,
Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo`ldi,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Avval kelib, quchog`ingga to`l, balq dedilar,
Unamading ayol asli ters xalq dedilar,
Yetolmagach yuz o`girib, sho`r taxt dedilar,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Talpinasan astagina va qo`yasan bosh,
Mingyillikdir ko`zlaringda jovdiragan yosh,
Gunihkorlar mingu bitta, senga tegar tosh,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Chorlashganda jim kelsang-da, bekor kelsang-da,
Mast davraga xor kelsang-da nomardlarga zor kelsang-da,
Xor kelsang-da nomardlarga xor kelsang-da,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Aslida bor ermaklarning borar yeri sen,
Yaxshi-yomon ertaklarning borar yeri sen,
Asov otdek erkaklarning borar yeri sen,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

Harir, xushbo`y badaningda toshlar izi bor,
Ko`kragingda egilgan ne boshlar izi bor,
Quyosh o`ti kuydirgan ne quyoshlar izi bor,
Sen baribir muqaddassan, muqaddas ayol.

 

 

Men seni azizim deyinmi, ayol?

Sen bir chechakmiding bogda ochilgan,
Yoki bir libosmi, bahtga bichilgan,
Dunyoga ezgulik sen-la sochilgan,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Sen uchun yozildi qancha qo’shiqlar,
Ortingdan ovvora qancha oshiqlar,
Qoshingda eridi toshdan qattiqlar,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Seni haq yo’lingdan toydirguchi ko’p,
So’ng esa mish-mishlar yoydirguchi ko’p,
Ba’zida joningdan to’ydirguchi ko’p,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Erta saharlarda uyqudan kechib,
Dalaga otlanding, bolang opichib,
Tog kelsa kemirding, suv kelsa ichib,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Ba’zi erkaklarda qolmadi imon,
Er-hotin qo’sh-ho’kiz desalar-yolgon,
Qo’shni endi yolgiz tortasan giryon,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Joying poygak bo’ldi, doim, to’r emas,
Mehnating, zahmating oshkor, sir emas,
Joningni dedilar qirqta, bir emas,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Yurakda qoldirding o’chmaydigan iz,
Dunyoda tushunding sen meni yolgiz,
Mayliga desinlar meni «feminist»,
Men seni azizam deyinmi ayol?

Sen mening singlimsan, opam yo onam,
Yoki bir kelinchak, yoki bir sanam,
Senga qurbon bo’lsin bu jon, bu tanam!
Men seni azizam deyinmi ayol?

Ozgina yumshadi bugun tosh diydam,
Sutingiz hurmati, aziz volidam,
Ayolga bitildi ushbu qasidam,
Men sizni azizam deyinmi ayol?

 

 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x