Assalomu alaykum, Ubaydulla aka!

Toʻra Sulaymon odatda imtihonlardan qutulib, darslar yengillagan mahallarda oppoq qogʻozga ertaga qaysi redaksiyalarga, qaysi vaqtda borishini yozib, “marshrut qogʻozi”ni tayyorlab qoʻyardi. Kunlarning birida belgilangan yoʻnalish boʻyicha Navoiy koʻchasi orqali piyoda “Mushtum” jurnali redaksiyasiga Saʼdulla Siyoevning huzuriga qarab safar tortdik.

Gʻafur Gʻulom nomidagi adabiyot va sanʼat nashriyoti gullagan mahallar. Olisdan bashang kiyingan, boshiga papaxa qoʻndirgan, shu nashriyotning boshligʻi ustoz Hamid Gʻulom koʻrindi. Toʻra aka shoshib: “Tursun, Hamid Ubaydullayevich kelayapti, – deb shipshidi. Men atay: “Tanimas ekanman”, – dedim. U “Svoloch”, – deya bir chetga “chirt” ettirib tufladi. Soʻngra qayta-qayta: “Hamid Ubaydullayevich, Hamid Ubaydullayevich”, – deb takrorlab boraverdi. Men Hamid aka bilan suhbatdosh boʻlmaganim uchun oramizdagi masofa yaqin qolganda oʻzimni chetga olib ohista yura boshladim. Toʻra aka hamon “vich” qoʻshimchasi bilan aytiladigan ismi shariflarni takrorlab kelardi. Quloqlarim lokatorga aylangan. Ustoz roʻbaroʻ kelgan chogʻda, hamrohimizning: “Assalomu alaykum Ubaydulla aka!” – degan xitobi jarangladi. Chamamda akani ustozning salobati bosdi shekilli. Hamid Gʻulom oʻz navbatida ogʻir-bosiqlik bilan: “Va alaykum assalom, mulla Toʻrajon”, – deb erkalatib soʻrashdi.

Mening uchun hazilga bahona topilgan edi. Toʻra aka tushmagur: “vich”ini qoʻshmasam, Asakam ketarmidi. Bu dunyoda oʻzimizning “Salom, ustoz!” soʻzidan ulugʻroq gap yoʻq ekan”, – deb koʻpga qadar iztirob chekib yurdi.

 

Tursunboy Adashboyev

 

“Ijod olami”, 2018/6

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/assalomu-alaykum-ubaydulla-aka/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x