Abu Bakr Shoshiy (1038-1114)


Post Views:
73

Muhammad ibn Ahmad Shoshiy hijriy 429, milodiy 1038 yili dunyoga keladi. U Ibn Sino vafotidan (1037) bir yil keyin tug‘iladi. Shoshiy Bag‘dodda ta’lim oladi. Tengdosh talabalardan ziyrakligi va bilimdonligi bilan farq qilgan Shoshiy ustodlari nazdida ham katta obro‘ qozonadi. Shuning natijasi bo‘lsa kerak, Shoshiy madrasani tugatgach, Bag‘dodda mudarrislik qilib qolib ketadi. U paytlarda Bag‘dodda Nizomiya madrasasi qurilgan bo‘lib, Shoshiy shu madrasaga mudarris qilib tayinlanadi. Bu madrasa o‘sha kezlarda eng muhtasham va yirik sanalar, bu yerga arab mamlakatlari markazlaridangina emas, hatto O‘rta Osiyoning Toshkent, Samarqand, Buxoro kabi qator shaharlaridan, Huroson va Shomdan ham talabalar kelib ta’lim olar edi. Madrasa ikki qavatli bo‘lib, har qavatida 365 tadan hujrasi bo‘lar, bu yerda bir yo‘la to‘rt yuz talaba darsga qatnashar, mantiq, kalom, lug‘at ilmi, sarfu nahv (grammatika), odob kabi fanlar o‘qitilgan. Nizomiya madrasasida Shoshiy ko‘p taniqli olim va allomalar bilan muloqotda bo‘ladi. Yirik faylasuf Abu Xomid G‘azzoliy (1059-1111), Abu Ishoq Sheroziy (vafoti 1083), Abu Bakr Shoshiylar bir vaqtda mana shu Nizomiyada dars berganlar.

Abu Bakr Shoshiy hijriy 507 yil 15-shavvol oyi shanbada, milodiy 1114 yil 25 mart chorshanba kuni Bag‘dodda vafot etadi.

Qabri ham Bag‘dodning Bob al-Sheroz maqbarasida, ustozi va mashhur olim Abu Ishoq Sheroziy qabri yonida.

Shoshiy taniqli fiqhshunos bo‘lgan. U bu sohaga oid bir necha asarlar yozgan. Uning asarlari ichida eng mashhuri «Xilyat al-ulamo» («Olimlar chiroyi») degan kitobdir. Abu Bakr Shoshiy bu asarini abbosiylar xalifalaridan Mustazhir (vafoti 512/1118) davrida yozib, xalifalikka bag‘ishlagan. Ana shu kitobi tufayli Abu Bakr Shoshiy «Mustazhiriy», ya’ni Mustazhir tarafdori degan nom taratgan va tarixiy manbalarda uning taxallusi yonida bir unvon sifatida yozib kelinadi. Bu kitobiga sharh sifatida Shoshiy «al-Mu’tamad» («Ishonchli») kitobini yozgan. Shoshiyning yana yirik asarlaridan biri «ash-Shofiy» («Shifo beruvchi»)dir. Bu asari ham fiqhshunoslikka bag‘ishlangan bo‘lib, arab olimi Abu Ibrohim Ismoil ibn YAhyo al-Mo‘zaniy (791-878)ning «al-Muxtasar («Qisqacha») degan asariga yozilgan sharh bo‘lib, manbalar ko‘rsatishicha, bu sharh yigirma jilddan iborat. Shoshiy buni besh yil davomida yozib tugatgan. Undan tashqari, bu uning «ash-Shofiya shohobchasining ustuni», «Taloqqa oid masala» kabi asarlari bo‘lgan. Shoshiy o‘z davrida arab adabiyoti va, xususan, she’riyatini juda yaxshi bilgan kishilardan bo‘lgan, qur’on, hadis, qonun-qoida, yo‘l-yo‘riqlarini juda yaxshi bilgan. Tilshunoslik, xususan, arab adabiyoti va grammatikasining nozik tomonlarigacha egallagan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uning sintaksisga oid asari o‘rta asr va undan keyingi davrlarda ham ko‘p mo‘’tabar kitoblarda tilga olinadi. Fiqhshunoslikdagi bilimi, tutgan mavqyei jihatidan uni barcha arabiynavis ensiklopedik kitoblarda bu alloma nomi zikr qilinganda «Islom mamlakatlarining faxri» deb ataydilar.

Ustodi vafot etgach (1111 y.), Shoshiy uning o‘rniga mudarris qilib tayinlanadi. Manbalar ko‘rsatilishiga ko‘ra, u dastlab darsga kirgach, ustod o‘tiradigan joyga o‘tirib arab shoiri Abu Tammom (788- 846) she’rlaridan ushbu mazmundagi baytlarni yozdiribdi:

«Joylar bo‘sh qolganida hech kim meni katta qilib saylamasa ham, o‘zim katta bo‘lib qolibman. Ammo kattalardan yakka o‘zim qolganim mening uchun og‘ir musibat bo‘ldi», u bu baytni qayta-qayta o‘qib, shogirdlarga o‘qitib, «Ular ketib, kursiga o‘tirish navbati menga keldimi», deb o‘zini tutolmay ko‘ziga yosh olibdi, chunki bu kursida oldinlari ustodi o‘tirib, talabalarga dars bergan.

Abu Bakr Shoshiy xalifa va uning saroyida katta obro‘ va hurmatga ega bo‘lgan ko‘rinadi. 1094 yili abbosiylar xalifasiga Mustazhir taxtga o‘tirgach, uni muborakbod etishga saroyga borgan olimlar ichida Shoshiy nomi ham eslab o‘tiladi.

Tarixchi Ibn al-Asir o‘zining «Komil fi-t-tarix» asarida Shoshiy haqida quyidagilarni yozadi: « … Shoshiy va boshqa olimlar va yana ba’zi ahli fozillar hozir bo‘lib, Mustazxir Billohga itoat qildilar va yana mazkur amir va olimlar xalifaning otasi Muktadiy Biamrilloh uchun ta’ziya va motam tutib o‘ltirdilar.

Tarixchi Ibn al-Xallikonning (1211-1282) keltirishicha, Shoshiy shogirdi Ma’dan ibn Kasir al-Balisiy ustoziga bag‘ishlab qasida yozgan. Qasidada shoir ustozi Shoshiyni «fazllarning ka’basi» deb ataydi. Shoir tasavvurida tevaraq-atrofdan Abu Bakr Shoshiy ziyoratiga kelgan odamlarni xuddi Ka’baga ziyoratga borganlarga taqqoslaydi. Shularni nazarda tutib u she’rida shunday deydi:

Ey fazilatlar ka’basi, qani bizga izoh beringchi,
Nima uchun sizni ziyoratingizni bajo keltirmoqchi bo‘lganlarga
O‘z o‘zingiz atrini ayamay sepasiz, axir
xojilar kiyimiga atir sepish haromku.

Bu bilan shoir har bir kelgan ziyoratchiga dur-gavharga teng gaplaringizni aytavermang, ular buning qadriga yetmaydi, undaylarni tolibi ilm bo‘lganlarga ayting, demoqchi bo‘ladi.

Bu xil satrlarning yozilishiga qaraganda, Shoshiy ilmi juda o‘tkir, mo‘’tabar kishi sanalgan, shogirdi Ma’dan shunday ulug‘ odamning aziz vaqti bekor ketmasligini nazarda tutgan ko‘rinadi.

Toshkent allomalari va tarixiy shaxslari (ikkinchi kitob)

Abdulaziz Muhammadkarimov
“Toshkentnoma”. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/abu-bakr-shoshiy-1038-1114-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x